O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tumani Kengashi tomonidan tumanda ekologik holatni o‘rganish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan navbatdagi jamoatchilik nazorati tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tumani Kengashi raisi A. Jurayev, tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishi yo‘nalishi rahbari L. Yuldashev, shuningdek, obodonlashtirish xodimlari ishtirok etdilar.

Jamoatchilik nazorati davomida tumandagi chiqindilar poligonining faoliyati atroflicha o‘rganildi. Xususan, chiqindilarni qabul qilish, saqlash va utilizatsiya qilish jarayonlari, sanitariya holati hamda ekologik me’yor va talablarga rioya etilishi holati ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilar tomonidan poligon hududidagi mavjud sharoitlar tahlil qilinib, ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish jarayonida aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilot va xodimlarga tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, sanitariya holatini yaxshilash hamda ekologik xavflarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Tadbir yakunida jamoatchilik nazoratini tizimli davom ettirish va ekologik madaniyatni oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Azamat Jo'rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo'ston tuman Kengashi raisi
