Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida belgilab qo‘yilgan. Ushbu ezgu tashabbus yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va muammolarini joyida hal etishga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan Paxtaobod tuman Kengashi hamda Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi hamkorligida Paxtaobod tumanidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari tinglandi. Xususan, Xalqaro Yer kuni munosabati bilan tabiatni asrab-avaylash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida keng tushunchalar berildi. Mutasaddilar tomonidan ekologik muammolarning oldini olish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, yashil hududlarni ko‘paytirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, uchrashuvda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda ijodkor yoshlar bilan tizimli ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi. Bu esa yoshlarning ekologiya va jamiyat hayotiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Tadbir yakunida maktab kutubxonasi uchun Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi tomonidan badiiy adabiyotlar to‘plami sovg‘a qilindi. Bu esa o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirish, ularning ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qiladi. Ochiq muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tib, yoshlar uchun foydali va mazmunli uchrashuv sifatida yodda qoldi.
Abulqosim Bozorov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi raisi
