Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Tabiatni asrash — bu shunchaki majburiyat emas, balki insonning ichki dunyosi, uning yuksak ma’naviyati va ekologik madaniyatining amaliy ifodasidir. Aynan shu ezgu g‘oya asosida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan Andijon pedagogika texnikumida “Ko‘ngil ekologiyasi” shiori ostida ijodiy rasmlar tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlar ongida ekologik tafakkurni shakllantirish, ularni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda san’at orqali atrof-muhit muammolariga befarq bo‘lmaslikka undashni maqsad qildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Andijon viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgani uning mazmunan boy va tashkilotchilik jihatidan puxta bo‘lishini ta’minladi. Tanlovda texnikum talabalari hamda san’atga qiziqadigan iqtidorli yoshlar faol ishtirok etib, o‘zlarining ijodiy qarashlari va badiiy mahoratlarini namoyon etdilar. Har bir ishtirokchi o‘z asari orqali tabiatni asrash g‘oyasini o‘ziga xos uslubda ifodalashga intildi.

Tanlov jarayonida yosh rassomlar tomonidan yaratilgan asarlarda ona tabiatning go‘zalligi, uning nozik muvozanati va inson faoliyati natijasida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar chuqur badiiy talqinda aks ettirildi. Ayniqsa, ishtirokchilarning milliy obrazlarni tabiat manzaralari bilan uyg‘unlashtirgan holda tasvirlashi tadbirning o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘ldi. Bu orqali yoshlar nafaqat ekologik mavzularni yoritdilar, balki milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborni ham o‘z asarlarida mujassam etdilar.

Tanlov davomida inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy va buzilmas bog‘liqlik, atrof-muhit musaffoligini saqlashda yoshlarning o‘rni va mas’uliyati, shuningdek, xalqimizning azaliy qadriyatlarida tabiatga bo‘lgan ehtirom masalalari keng yoritildi. Har bir rasmda muallifning shaxsiy qarashi, hayotiy pozitsiyasi va ekologik muammolarga nisbatan befarq emasligi yaqqol sezilib turdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ishlari badiiy mahorat, mazmun-mohiyat, g‘oyaviy chuqurlik va ijodiy yondashuv mezonlari asosida sinchkovlik bilan baholandi. Tanlov yakunida eng munosib deb topilgan ijodiy ishlar mualliflari aniqlanib, g‘olib va faol ishtirokchilar O‘zbekiston Ekologik partiyasining faxriy yorliqlari, sertifikatlari hamda esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bunday tanlovlarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ularning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalar yosh avlod qalbida ona tabiatga nisbatan mehr va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash bilan birga, ularning estetik didi va ijodiy tafakkurini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Umuman olganda, “Ko‘ngil ekologiyasi” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur rasmlar tanlovi nafaqat ijodiy bellashuv, balki ekologik targ‘ibotning samarali vositasi sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Bu kabi tashabbuslar orqali jamiyatda ekologik ong va madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlar orasida tabiatga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Muhammadrasul Mamatkulov,

o'z muxbirimiz.

Scroll to Top