Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Dunyoda shunday go‘shalar borki, u yerlarda muayyan daraxtlar nafaqat tabiatning bir bo‘lagi, balki sayyohlarni o‘ziga rom etuvchi jozibaga aylangan. Masalan, Yaponiyada sakura gullagan palla butun mamlakatni go‘yo pushti rangga burkab, millionlab mehmonlarni jalb etadi. Germaniyaning ayrim hududlarida olcha gullashi ham bahor faslining o‘ziga xos timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Janubiy Koreya, Fransiya, Turkiya kabi davlatlarda gullagan daraxtlar atrofida sayyohlik muhiti shakllangan. Endi bu ro‘yxatga Andijon ham munosib qo‘shilmoqda.

Ayni kunlarda Andijon viloyati ko‘chalarida pavloniya daraxtlari qiyg‘os gullab, bahorning ajib manzarasini namoyon etmoqda. Ko‘k va binafsha tusga yaqin qo‘ng‘iroqsimon gullar shaharga o‘ziga xos latofat bag‘ishlamoqda. Ushbu go‘zal manzarani tomosha qilish uchun nafaqat mahalliy aholi, balki qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘istondan, hatto Rossiya Federatsiyasidan ham sayyohlar tashrif buyurayotgani e’tiborga loyiq. Bu esa pavloniyaning nafaqat manzarali, balki turizm uchun ham katta imkoniyat ekanini ko‘rsatadi.

— Pavloniya daraxti juda tez o‘suvchi va yuqori ekologik samaradorlikka ega o‘simlik hisoblanadi, — deydi viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. — U bir yilda o‘rtacha 3–5 metrgacha o‘sishi mumkin. Eng muhim jihati, bu daraxt katta hajmda kislorod ajratib, atmosferani tozalashga xizmat qiladi. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, pavloniya bir gektar maydondagi boshqa ko‘plab daraxtlarga nisbatan bir necha barobar ko‘proq kislorod ishlab chiqaradi. Shuningdek, u karbonat angidridni faol yutib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ham muhim ahamiyatga ega. U issiqlikka chidamliligi bilan ham ajralib turadi. U +40 daraja va undan yuqori haroratlarga ham bardosh bera oladi, bu esa O‘zbekiston iqlimi uchun juda mos keladi. Daraxtning yog‘ochi yengil, mustahkam va qayta ishlashga qulay bo‘lgani uchun mebelsozlik, qurilish, avtomobilsozlik, kemasozlik hamda qog‘oz sanoatida keng qo‘llanilishi mumkin.
So‘nggi yillarda Andijon viloyatida pavloniya ekish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, keyingi olti yil davomida ushbu daraxt ko‘chatlari keng ko‘lamda ekilib, bugun viloyatning deyarli barcha shahar va tumanlarida uning barq urib rivojlanayotganini kuzatish mumkin. Ko‘chalar, bog‘lar, mahallalar va ijtimoiy ob’yektlar atrofida minglab pavloniya ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, pavloniya nafaqat manzarali daraxt, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali loyiha hisoblanadi. U tez o‘sishi sababli qisqa vaqt ichida xomashyo manbai sifatida xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, shahar muhitini sog‘lomlashtirish, havo sifatini yaxshilash va aholiga qulay yashash sharoitini yaratishda muhim omildir.

Xulosa qilib aytganda, bugun pavloniya daraxti Andijon viloyatida nafaqat bahor timsoli, balki turizmni rivojlantirish, ekologik musaffolikni ta’minlash, ijtimoiy muhitni yaxshilash va iqtisodiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilayotgan muhim omilga aylanmoqda. Uning gullagan fasli esa tabiat va inson o‘rtasidagi uyg‘unlikni yana bir bor namoyon etadi.

Saminjon HUSANOV, «Xalq so‘zi»

Scroll to Top