Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Kitob insoniyat hayotidagi eng bebaho boyliklardan biridir. U faqatgina ma’lumot manbai emas, balki inson qalbini uyg‘otuvchi, uni jaholat zulmatidan ma’rifat nurlari sari yetaklovchi beqiyos kuchdir. Kitob mutolaasi inson tafakkurini charxlaydi, uning dunyoqarashini kengaytiradi va ma’naviy kamolot sari yo‘l ochadi. Xalqimiz orasida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan hikmatli naql bejiz aytilmagan. Zero, ilm va kitob inson umrining ajralmas hamrohidir.

Bugungi hikoyamiz qahramoni — 77 yoshli Gulnora aya Tursunxo‘jayeva ana shunday kitobga oshno, ma’rifatni hayot mazmuniga aylantirgan insonlardan biridir. U kishi Toshkent shahridagi Chorsu bozorining eski buyumlar bo‘limida qariyb 20 yildan buyon kitob sotib kelmoqda.

Gulnora buvi faoliyatini oddiy holatdan — uyidagi ortiqcha buyumlar, kiyim-kechaklarni sotishdan boshlagan. Ammo taqdir uni kitob bilan uchrashtirdi. U kishi “faoliyatimni bor-yo‘g‘i bitta kitob bilan boshlaganman”, deya xotirlaydi. Vaqt o‘tishi bilan kitobga bo‘lgan mehr va mijozlarning talabi uning hayotida yangi sahifa ochdi. Shanba va yakshanba kunlari boshqa bozorlar va kitob do‘konlaridan asarlar topib kelishga to‘g‘ri kelgan. Shu tariqa kichik rasta asta-sekin kitobxonlar uchun ma’naviy manzilga aylandi.

Yigirma yil — bu shunchaki vaqt emas, balki inson taqdiriga aylangan yo‘ldir. Bu yillar davomida Gulnora buvi bozor ahli bilan bir oiladek bo‘lib ketdi. Kimdir uni opadek hurmat qiladi, kimdir sirdosh dugona deb biladi, yana kimlar uchundir u dono maslahatchi, ma’naviy hamrohdur. Bu oddiy rasta atrofida insonlar nafaqat savdo, balki samimiyat, mehr va ma’rifat almashadilar.

Bu yerdagi kitoblar qimmat emas, ammo ularning ma’naviy qiymati bebaho. Savdo ham doim bir xil bo‘lavermaydi: ba’zan qo‘li-qo‘liga tegmaydigan darajada serharakat kunlar bo‘lsa, ba’zida hatto birorta kitob ham sotilmaydigan damlar uchraydi. Ammo buvi uchun eng muhimi — kitob bilan yashash. Xaridor bo‘lmagan paytlarda u darhol mutolaaga sho‘ng‘iydi. Kitobni shunchaki o‘qimaydi, uni his qiladi, qahramonlar taqdiri bilan yashaydi, ularning dardini o‘z qalbidan o‘tkazadi.

Ayniqsa, uning har bir o‘qigan asari yuzasidan yozgan xulosalari alohida e’tiborga loyiq. Suhbat davomida mening diqqatimni tortgan daftar — uning o‘qigan kitoblari haqidagi fikr va taassurotlari jamlangan qo‘lyozma edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu shunday daftarlardan o‘n yettinchisi ekan. Bu esa insonning kitobga bo‘lgan muhabbati qanday yuksak darajaga yetishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi.

Gulnora buvi kitobni faqat sotmaydi — uni ulashadi. Ayrim hollarda u kitobni qattiq izlab kelgan, ko‘zlarida hayrat va quvonch aks etgan kitobxonlarga hadya qilib yuborishini ham yashirmaydi. Chunki u yaxshi biladi: kitob o‘z egasini topgandagina haqiqiy qadrga ega bo‘ladi.

Bir kuni suhbat asnosida qiziq holat yuz berdi: bir juft er-xotin ikki paket kitob olib kelib, “bularni soting, ammo pul kerak emas, faqat kitobni qadrlovchilar qo‘liga yetsin”, deb qoldirib ketishdi. Bu voqea Gulnora buvining faoliyati nafaqat savdo, balki insonlar orasida yaxshilik va ma’rifat ko‘prigini qurishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘pchilik unga kitob do‘koni ochishni, sharoitli joyda ishlashni taklif qilgan. Ammo buvi zamonaviy do‘kondan ko‘ra bozorning samimiy muhitini, u yerdagi insonlar bilan bog‘langan rishtalarni afzal ko‘radi. Chunki u yerda u nafaqat kitob sotadi, balki inson qalblariga yo‘l topadi.

Uning nutqi, so‘z tanlashi, har bir fikrni ma’no bilan boyitib ayta olishi, kitoblardan iqtiboslar keltirishi insonni o‘ziga rom etadi. Har bir gapida shukr, har bir fikrida ma’no mujassam.

Oila a’zolari uning yoshi va mehnati tufayli bozorga chiqmasligini istashsa-da, buvi “inson harakatda bo‘lsa, ruhi ham tirik bo‘ladi”, deya o‘z yo‘lidan qaytmaydi. U uchun muloqot — hayot, kitob — nafas, insonlar esa ma’no manbaidir.
“Qancha kitob o‘qigansiz?” degan savolga u aniq raqam aytolmadi. Ammo o‘n yettidan ortiq daftar to‘la xulosalar shu savolga eng munosib javob bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jamiyatimizda Gulnora buvi kabi insonlar bor ekan, kitobga muhabbat so‘nmaydi. Ularning hikmatli so‘zlari, ma’naviy merosi va hayot tarzi yosh avlod uchun beqiyos maktabdir. Chunki kitobni sevgan qalb — hech qachon zulmatda qolmaydi.

Muallif: Abdulhakim Ali Mirzamahmudov
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti
Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi

Scroll to Top