Bugungi kunda shahar va hududlarni obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda ularni asrab-avaylash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhim natijalar bermoqda.
Xususan, partiyaning Xonobod shahar Kengashi raisi va deputati A. Aburaxmonov tashabbusi bilan Xonobod shahrida navbatdagi ekoreyd tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbir shahar hududida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarining holatini o‘rganish va ularni yanada takomillashtirishga qaratildi.

Ekoreyd davomida hududdagi daraxtlar va yashil maydonlarning holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. Ayniqsa, daraxtlarga shakl berish, ularni to‘g‘ri parvarishlash va sanitariya talablariga muvofiq saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud yashil hududlarni asrab qolish hamda ularni yanada ko‘paytirish yuzasidan mas’ullarga aniq tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, obodonlashtirish ishlarini tizimli ravishda olib borish, har bir ekilgan niholga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Bunday ekoreyd tadbirlari nafaqat hududlarni yanada chiroyli va obod qilishga, balki ekologik muhitni yaxshilash, aholining ekologik madaniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi nazorat va amaliy ishlar orqali yashil hududlarning barqarorligi ta’minlanadi.
Kelgusida ham bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, shahar hududlarida ekologik muhitni yaxshilash, yashil makonlarni kengaytirish va ularni asrash borasida samarali choralar ko‘riladi.
A. Aburaxmonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Xonobod shahar Kengashi raisi, deputat
