Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi yashash hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar alohida e’tiborga loyiq.

Jumladan, partiyaning Marhamat tuman Kengashi raisi X. Zulfiev boshchiligida Alitepa MFY hududidagi 2-son texnikumda umumxalq xayriya hashari tashkil etildi. Mazkur tadbirda partiyaning 40 nafardan ortiq faol a’zolari ishtirok etib, hududni yanada obodonlashtirish yo‘lida samarali mehnat qildilar.

Hashar davomida 100 dan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Ekilgan nihollar kelgusida nafaqat hududning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi, balki ekologik muhitni yaxshilash, toza havo muvozanatini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi.

Tadbir jarayonida ishtirokchilar katta faollik ko‘rsatib, jamoat ishlarida hamjihatlik va birdamlik namunalarini namoyon etdilar. Ayniqsa, yoshlarning bu jarayondagi ishtiroki ularning ekologik madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.

Bunday xayriya hasharlarining o‘tkazilishi hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhitni asrash hamda aholi o‘rtasida ekologik mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi ezgu ishlar orqali jamiyatda tabiatga mehr va e’tibor yanada mustahkamlanadi.

Kelgusida ham bu kabi tashabbuslar keng davom ettirilib, har bir hududda yashil makonlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash yo‘lida tizimli ishlar olib boriladi.

X. Zulfiev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Marhamat tuman Kengashi raisi

Scroll to Top