Bugungi kunda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va yashil hududlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda xotin-qizlarning faolligi va tashabbuskorligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi qoshidagi “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi tomonidan muhim tashabbus ilgari surildi. Klub raisi, deputat Dusmatova Mohim boshchiligida mart oyi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ayollar klubi a’zolari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur davra suhbati ochiq va samimiy ruhda o‘tib, unda hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, daraxt va butalarni parvarishlash, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan ekologik madaniyatni oshirish, aholining bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirish yuzasidan muhim fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali tashkil etish, ularni tizimli ravishda amalga oshirish, ayniqsa xotin-qizlarning bu jarayondagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Ta’kidlash joizki, bunday tashabbuslar nafaqat hududlarning ko‘rkini ochadi, balki aholining ekologik tafakkurini shakllantirishda, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, ayollarimizning bu boradagi faolligi jamiyatimizda ekologik muhitni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur davra suhbati atrof-muhitni asrash, yashil hududlarni kengaytirish hamda aholining ekologik faolligini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Azamatjon Jo‘rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Bo‘ston tuman Kengashi raisi
