Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgan bir paytda, har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib, bu yo‘nalishda muhim tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu esa yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning muammo va takliflarini o‘rganishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi tomonidan tashkil etildi. Kengash raisi I. Xayitboyev boshchiligida “Yosh ekologlar” qanoti faollari bilan hamkorlikda Fayziobod MFY hududida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida kechdi. Unda yoshlarning dolzarb muammolari, orzu-intilishlari va takliflari diqqat bilan tinglandi. Ayniqsa, ularning bilim olish jarayonini yanada samarali tashkil etish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan keng fikr almashildi.

Shu bilan birga, yoshlarga bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ularni turli grant va loyihalarda faol ishtirok etishga jalb etish, o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun mavjud platformalardan samarali foydalanish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ekologik tarbiya masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Yoshlarni tabiatni asrash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yashil hududlarni ko‘paytirish kabi ezgu ishlarga keng jalb etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi. “Yosh ekologlar” qanoti faollari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ham fikrlar bildirildi.

Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyat hayotida faol bo‘lishga undash, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar va zarur yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. Har bir yosh o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lida izchil harakat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning muammolariga befarq bo‘lmaslik, ularni tinglash va amaliy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, bu kabi muloqotlar orqali yoshlarimizning jamiyatdagi o‘rni mustahkamlanib, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchi yanada ortadi. Zero, yurtimiz kelajagi aynan bilimli, tashabbuskor va faol yoshlar qo‘lidadir.
I. Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Ulug‘nor tuman Kengashi raisi
