Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etish, atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Asaka tumanida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, partiyaning Asaka tuman Kengashi deputatlik guruhi tomonidan sport maktabi hududida olib borilgan ishlar jamoatchilik monitoringi tarzida o‘rganildi.

Monitoring jarayonida hududdagi daraxtlarning umumiy holati, ularni parvarishlash darajasi, shuningdek sug‘orish tizimlarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hududda daraxtlar ekilgan bo‘lsa-da, ularning barqaror o‘sishini ta’minlash uchun zarur infratuzilma yetarli darajada shakllanmagan.

Xususan, hududda sug‘orish uchun ariq tizimi mavjud emasligi aniqlanib, bu esa daraxtlarning to‘laqonli parvarish qilinishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilmoqda. Shu bois mutaxassislar tomonidan daraxtlarni quduq suvidan foydalanib, zamonaviy tomchilatib sug‘orish usulini joriy etish bo‘yicha aniq va amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur yondashuv, avvalo, suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, daraxtlarning ildiz qismiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv yetkazilishi hisobiga ularning yashovchanligi ortadi, yashil hududlarning saqlanishi ta’minlanadi. Eng muhimi, bu kabi ilg‘or usullar ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun har birimiz tabiatga befarq bo‘lmasligimiz, ekilgan har bir niholning taqdiri uchun mas’uliyatni his etishimiz zarur. Zero, yashil hududlar – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajak avlodlarimiz uchun sog‘lom muhit demakdir.

Biz, O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari, bu boradagi ishlarni tizimli davom ettiramiz va jamoatchilik bilan hamkorlikda ekologik madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratamiz.

S. To‘xtasinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Asaka tuman Kengashi raisi

Scroll to Top