Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda daraxt ekish insoniyatning eng muqaddas burchlaridan biridir. Ayniqsa, bugungi ekologik muammolar kuchayib borayotgan davrda bunday ezgu tashabbuslarning ahamiyati yanada ortib bormoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi, Andijon viloyat Ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorligida Andijon shahridagi “Abdulhamid Cho‘lpon” hiyobonida “Yashil bog‘” barpo etildi. Mazkur tashabbus hududda ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlar sonini ko‘paytirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Tadbirda partiya faollari, hamkor tashkilotlar vakillari, ko‘ngilli yoshlar hamda mahalliy aholi keng ishtirok etdi. Ular tomonidan turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud obodonlashtirildi. Ushbu jarayon nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki jamoatchilikni birlashtirish, ularda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.

— Ekilgan manzarali va mevali daraxtlar ertangi kunimizning yashilligiga, tabiatimizning sofligiga xizmat qiladi. Buyuk jadid bobomiz Abdulhamid Cho‘lpon nomi bilan ataluvchi ushbu maskan kelgusida ham ijodkorlar va kitobxonlar bilan gavjum bo‘lib, insonlarga ma’naviy ozuqa berishda davom etadi. Bugun ekilgan har bir nihol kelajak avlod uchun munosib meros bo‘lib xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida ekologik muhitni yaxshilash, “yashil hududlar”ni kengaytirish hamda aholining ekologik ongini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu kabi tashabbuslar aholining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

— O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi bilan Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ijodkorlarimiz tabiatni sevuvchi, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan insonlar sifatida partiya g‘oyalarini keng targ‘ib etishda faol ishtirok etmoqda. Bugungi tadbir ham nafaqat ekologik, balki ma’naviy jihatdan ham ko‘tarinki ruh bag‘ishladi, — deydi Abdulhamid Cho'lpon jamoat fondi raisi M.Mamatkulov.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga O‘zbekiston Ekologik partiyasining asosiy g‘oyalari, ekologik madaniyatni rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitni asrash borasida batafsil tushunchalar berildi.

Mazkur “Yashil bog‘” loyihasi kelajakda ham davom ettirilib, hududlarda yashil maskanlar sonini oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muhammadrasul Mamatqulov,

o'z muxbirimiz.

Scroll to Top