Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida ekologik madaniyat va tibbiy savodxonlikni yuksaltirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Paxtaobod tumanining Qayir mahallasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi tomonidan tashkil etildi. Unda tuman Kengashi raisi A. Bozorov hamda Ayollar qanoti rahbari F. Ahmadaliyeva ishtirok etib, mahallada istiqomat qiluvchi xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.

Uchrashuvning asosiy maqsadi xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish, kasalliklarning oldini olish va profilaktik tadbirlarning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ruhiy salomatlikni asrash hamda ekologik toza muhitning inson salomatligiga ijobiy ta’siri yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi. Ta’kidlanganidek, sog‘lom ekologik muhit va sog‘lom turmush tarzi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson salomatligini asrashda muhim omillardan biridir.

Tadbir savol-javoblar ruhida davom etdi. Mahalla xotin-qizlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga murojaat qilib, amaliy tavsiyalar oldilar. Bunday uchrashuvlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda sog‘lom va farovon oilalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusida ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan xotin-qizlar va aholining turli qatlamlari ishtirokida ekologik ta’lim, sog‘lom turmush tarzi va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari izchil davom ettiriladi.

Abulqosim Bozorov,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi raisi

Scroll to Top