Vazirlar Mahkamasining 2022y 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun
Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin bo‘lmaydi).
Yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lanadi?
Barchamiz yer uchastkasiga yer solig‘i to‘laymiz. Mulkdorlar, yerdan foydalanuvchilar uchun xususiylashtirish to‘lovi mazkur yer uchastkasi uchun hisoblangan yer solig‘i miqdorining 20 barobari deb belgilangan.Davlat organlari tomonidan o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan davlat orderi beriladi. Mazkur order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.
Yer uchastkasini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy: lekin bundan fuqaroga nima foyda?
Birinchidan, yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz.
Deylik, “hovlimning bir qismini o‘g‘limga hadya qilmoqchiman yoki kimgadir bermoqchiman, yarmini sotmoqchiman”, deysiz. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yer uchastkasini qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi. Qanchasini kimga sotishi mulkdorning xohishi, yer – o‘ziniki.
Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib olishi mumkin.
Uchinchidan, yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz.
To‘rtinchidan, yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati
Yerga nisbatan mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov obekti sifatida ham foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib ipoteka olish imkoniyati ham yuzaga keladi.
Bu muhim!
Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zigina sotib oladi. Bu auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun jismoniy va yuridik shaxslar my.gov. ushbu ilova orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin
Жамшидбек ИСРОИЛОВ,
“Електрон-онлайн аукционларни ташкил этиш” АЖ
Андижон вилояти ҳудудий вакили
