Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Suv — inson hayoti va salomatligi, tabiat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng muhim tabiiy resurslardan biridir. Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni isrof qilishning oldini olish va mavjud suv manbalarini asrab-avaylash ekologik barqarorlikni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ayniqsa, aholi yashash hududlarida ichimlik suvi tarmoqlarining soz holatda bo‘lishi, suv sizib chiqishining oldini olish va mavjud nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda Asaka tumanining “Fayz” MFY hududida “Suv nazorati” jamoatchilik aksiyasi tashkil etildi.

Mazkur aksiya davomida mahalla hududidagi ichimlik suvi tarmoqlarining umumiy holati, mavjud nosozliklar, suv sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlar hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida suv tarmoqlaridagi ayrim muammoli holatlarga e’tibor qaratilib, suvning behuda sarflanishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.

Suv tarmoqlaridagi kichik ko‘rinadigan nosozlik yoki sizib chiqish holati ham vaqt o‘tishi bilan katta miqdordagi suvning behuda sarflanishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli bunday holatlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, muammolarni tezkor aniqlash va mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli choralarni ko‘rish muhimdir.

Aksiya davomida aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli mas’ullarga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Xususan, suv tarmoqlaridagi nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, suv sizib chiqayotgan joylarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarining texnik holatini muntazam nazorat qilib borish hamda suv isrofining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, fuqarolar bilan suvdan oqilona va tejamkor foydalanishning ahamiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Aholiga xonadonlarda suvdan foydalanishda tejamkorlik tamoyillariga amal qilish, nosoz jo‘mrak va quvurlarni o‘z vaqtida ta’mirlash, suvning behuda oqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Suv resurslarini muhofaza qilish faqat tegishli tashkilotlarning vazifasi emas. Har bir fuqaro kundalik hayotida suvga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi, uning qadriga yetishi va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasligi zarur.

Ayniqsa, yosh avlodga suvning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirish, ularda tabiiy boyliklarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish kelajak uchun muhim sarmoyadir. Chunki bugun suvni tejash madaniyatini shakllantirish orqali ertangi kun uchun suv resurslarini saqlab qolishga xizmat qilamiz.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Suv nazorati” kabi jamoatchilik aksiyalarining asosiy maqsadi mavjud muammolarni aniqlash, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etishga ko‘maklashish hamda aholining suv resurslariga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishdan iborat.

Bunday aksiyalar orqali nafaqat suv tarmoqlaridagi texnik holat o‘rganiladi, balki aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Suvdan samarali foydalanish, uning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va suv manbalarini ifloslanishdan asrash umumiy ekologik madaniyatning muhim ko‘rsatkichidir.

Kelgusida ham hududlarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvi tarmoqlarining holatini jamoatchilik asosida o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettiriladi.

Zero, suv — hayot manbai. Uni asrash, tejash va kelajak avlod uchun musaffo holda saqlash har birimizning mas’uliyatimizdir.

Sarvarbek To'xtasinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Asaka tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top