Bugungi kunda aholi yashash hududlarida xavfsizlikni ta’minlash, obodonlashtirish ishlarini izchil olib borish hamda mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, elektr tarmoqlari yaqinida o‘sayotgan daraxtlarning holatini muntazam nazorat qilish elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash bilan birga, fuqarolar xavfsizligini muhofaza qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi tomonidan “Xasan Xusan” MFY hududida jamoatchilik nazorati tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda mahalla faollari, tegishli mutasaddilar hamda tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishtirok etdi. O‘rganish davomida mahalla hududidan o‘tuvchi elektr tarmoqlari atrofidagi daraxtlar va dov-daraxtlarning holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, elektr uzatish tarmoqlariga tegib turgan yoki kelgusida tegishi mumkin bo‘lgan daraxt shoxlari, shuningdek, elektr tarmoqlari xavfsizligiga xavf tug‘dirishi ehtimoli mavjud bo‘lgan yashil hududlar ko‘zdan kechirildi.
Ma’lumki, daraxt shoxlarining elektr tarmoqlariga tegib qolishi ayrim hollarda elektr ta’minotida uzilishlar, texnik nosozliklar va fuqarolar uchun xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli bunday holatlarni oldindan aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish muhimdir.
Jamoatchilik nazorati davomida aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, elektr tarmoqlari xavfsizligini ta’minlash, tarmoqlarga xavf tug‘dirayotgan daraxt shoxlarini belgilangan tartibda va ehtiyotkorlik bilan tartibga keltirish, ishlarni amalga oshirish jarayonida daraxtlarning hayotiy faoliyatiga zarar yetkazmaslik zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada asosiy e’tibor ikki muhim vazifani — aholi xavfsizligini ta’minlash va yashil hududlarni muhofaza qilishni birgalikda amalga oshirishga qaratildi.
Daraxtlar shahar va qishloqlar ekologik muhitining ajralmas qismi hisoblanadi. Ular havoni tozalash, changni kamaytirish, yoz oylarida salqinlik yaratish va hudud mikroiqlimini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois elektr tarmoqlari xavfsizligini ta’minlash bahonasida daraxtlarga asossiz zarar yetkazilishining oldini olish ham ekologik jihatdan muhim vazifadir.
Men, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi vakili sifatida, bunday jamoatchilik nazorati tadbirlarining asosiy maqsadi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning yechimini ta’minlash hamda aholining ekologik va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishdan iborat, deb hisoblayman.
Mahalla hududlarida bunday monitoring ishlarining muntazam olib borilishi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, elektr tarmoqlaridagi ehtimoliy nosozliklarning oldini olish va yashil hududlarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mahalla faollari va tegishli tashkilotlarning hamkorligi muammolarni joyida aniqlash va tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi. Eng muhimi, har qanday obodonlashtirish yoki texnik ishlar ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Kelgusida ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan hududlarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi murojaatlarini o‘rganish, yashil hududlarni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Zero, xavfsiz va obod mahalla — sog‘lom ekologik muhitning muhim mezonidir. Aholi xavfsizligini ta’minlash bilan birga tabiatni asrashga e’tibor qaratish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Iqboljon Burxonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Oltinko'l tuman Kengashi raisi.
