Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Suv — inson hayoti, tabiat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng muhim tabiiy boyliklardan biridir. Bugungi kunda dunyoning turli hududlarida suv resurslarining kamayib borayotgani, iqlim o‘zgarishi va suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi ushbu bebaho ne’matdan oqilona va tejamkor foydalanish masalasini yanada dolzarb etmoqda.

Suv tanqisligining oldini olish, mavjud suv resurslarini asrab-avaylash, ulardan samarali foydalanish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi tomonidan navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbir Baliqchi tuman Savdo markazida o‘tkazilib, unda keng jamoatchilik vakillari va fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Muloqotlar davomida suvning inson hayoti va tabiatdagi o‘rni, uni muhofaza qilish zarurati hamda kundalik turmushda suvdan tejamkor foydalanish masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Tadbir ishtirokchilariga suvni isrof qilmaslik, undan faqat zarur miqdorda foydalanish, xonadonlarda suv sarfini nazorat qilish, nosoz suv quvurlari va jo‘mraklarni o‘z vaqtida ta’mirlash kabi oddiy, biroq muhim choralar haqida tavsiyalar berildi.

Shuningdek, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan maxsus targ‘ibot bukletlari fuqarolarga tarqatildi. Ushbu materiallarda suvni tejash, suv manbalarini ifloslantirmaslik va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni asrab-avaylashning ahamiyati haqida ma’lumotlar berilgan.

Tadbir davomida fuqarolarga ichimlik suvi ulashilib, suvning inson hayotidagi beqiyos ahamiyati ramziy tarzda yana bir bor namoyon etildi. Ishtirokchilar e’tiboriga “Suvni asrash — tabiatni, hayotni va kelajakni asrashdir” degan g‘oya yetkazildi.

Bugungi kunda suvdan oqilona foydalanish faqatgina suv ta’minoti tashkilotlari yoki mutaxassislarning vazifasi emas. Har bir fuqaroning kundalik hayotida suvga nisbatan mas’uliyatli munosabat shakllanishi zarur. Chunki suvni tejashga qaratilgan har bir kichik harakat umumiy ekologik barqarorlikka o‘z hissasini qo‘shadi.

Ayniqsa, yosh avlodga suvning qadr-qimmatini tushuntirish, ularda tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Oilada, ta’lim muassasalarida va mahallalarda suvni tejash madaniyatini targ‘ib qilish orqali kelajak avlodning ekologik mas’uliyatini yanada oshirish mumkin.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan tashkil etilayotgan bunday targ‘ibot tadbirlarining asosiy maqsadi aholining ekologik bilimlarini oshirish, suv resurslariga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirish va fuqarolarni tabiatni muhofaza qilish jarayonlariga faol jalb etishdan iborat.

Bunday tadbirlar davomida fuqarolar bilan bevosita muloqot qilinishi, ularning fikr va takliflari tinglanishi hamda ekologik muammolarga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Suv — o‘rnini boshqa hech qanday boylik bosa olmaydigan bebaho ne’mat. Uni tejash, ifloslanishdan asrash va kelajak avlodga sof holda yetkazish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Shunday ekan, bugun suvni asrash orqali biz nafaqat tabiatni, balki o‘z hayotimiz va kelajak avlod taqdirini ham asraymiz.

Bekzodbek Tursunov,
O'EP Baliqchi tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top