Jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘rni va faolligi beqiyos. Ularning salomatligini asrash, munosib turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom hayot tarzini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, ekologik muhitning inson salomatligiga bevosita ta’siri ortib borayotgan bir sharoitda xotin-qizlar o‘rtasida ekologik bilim va madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi X. Axmedov hamda Ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan tumandagi “To‘rabod” va “Fazabod” mahallalarida xotin-qizlar ishtirokida mazmunli davra suhbatlari tashkil etildi.
Uchrashuvlarda ish joyiga ega bo‘lmagan xotin-qizlar, O‘zbekiston Ekologik partiyasining “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi vakillari hamda mahallalarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor xotin-qizlar ishtirok etdilar.
Davra suhbatlari davomida xotin-qizlarning kundalik hayotida muhim o‘rin tutadigan masalalar yuzasidan ochiq va samimiy fikr almashildi. Jumladan, ayollarning ruhiy va jismoniy salomatligini asrash, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, ekologik toza muhitni shakllantirish hamda atrof-muhitning inson salomatligiga ta’siri haqida batafsil fikr yuritildi.
Shuningdek, oilalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlash, farzandlar tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyatini oshirish va xonadonlarda ekologik madaniyatni shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat davomida atrof-muhitning tozaligi inson salomatligi bilan chambarchas bog‘liq ekani, havoning musaffoligi, toza ichimlik suvi, oziq-ovqat xavfsizligi, yashil hududlarni asrash va sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish sog‘lom hayotning muhim omillari ekani ta’kidlandi.
Ayniqsa, xotin-qizlarning ekologik jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, ayollar oilada farzand tarbiyasi va turmush tarzini shakllantirishda muhim o‘rin egallaydi. Shu bois onalar va ayollarning ekologik bilimi va madaniyati oshishi butun oilaning ekologik mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvlarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ekologiya, salomatlik va ijtimoiy masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusida amalga oshiriladigan targ‘ibot-tushuntirish ishlarida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
“Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi doirasida tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlarning asosiy maqsadi xotin-qizlarning ekologik bilimlarini oshirish bilangina cheklanmay, ularni ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga, sog‘lom va farovon turmush tarzini shakllantirishga hamda atrof-muhitni asrash tashabbuslarida faol bo‘lishga undashdan iborat.
Bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash va jamiyatdagi faolligini oshirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish muhimdir. Shu nuqtayi nazardan, mahallalarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqot va davra suhbatlari ayollarning muammolarini tinglash, ularning takliflarini o‘rganish hamda zarur masalalar yuzasidan tegishli amaliy choralarni belgilash uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Xotin-qizlarning salomatligi va farovonligi — oilalar mustahkamligi, jamiyat barqarorligi va kelajak avlod salomatligining muhim garovidir.
Shu bois O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Xusanboy Axmedov,
O'EP Xo'jaobod tuman Kengashi raisi.
