Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Tabiatni asrash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, noyob va muhofazaga muhtoj qush turlarini saqlab qolish bugungi kunda ekologik siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi tomonidan “Ekosana” tadbirlari doirasida Xalqaro turna kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi X. Zulfiev tashabbusi bilan 2-son texnikumida boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari va faollari ishtirokida davra suhbati shaklida o‘tkazildi.

Davra suhbatida Xalqaro turna kunining mazmun-mohiyati, uning ekologik ahamiyati hamda turnalarni muhofaza qilish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Turnalar tabiatdagi ekologik muvozanatni saqlashda muhim o‘rin tutuvchi qushlardan biri bo‘lib, ularning tabiiy yashash muhitini asrash, muhofazaga muhtoj turlarni himoya qilish va biologik xilma-xillikni saqlash nafaqat ekologik tashkilotlar, balki keng jamoatchilikning ham muhim vazifasidir.

Suhbat davomida ishtirokchilarga tabiatni muhofaza qilish, qushlar va boshqa jonivorlarni asrab-avaylash, ularning yashash hududlarini saqlash, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik borasida tushunchalar berildi.

Shuningdek, “Ekosana” doirasida partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, joylarda o‘tkazilayotgan ekologik tadbirlar, obodonlashtirish ishlari hamda aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari haqida ma’lumotlar almashildi.

Tadbirda partiya faollari o‘z hududlarida amalga oshirayotgan ishlari, ekologik tashabbuslari va aholini tabiatni asrashga keng jalb etish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, ekologik madaniyatni yoshlar ongiga singdirish, ularni tabiatga mehr va mas’uliyat ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bunday davra suhbatlari nafaqat ekologik bilimlarni oshirish, balki partiya faollari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, mavjud ishlarni tahlil qilish va kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Men, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi sifatida, ekologik madaniyatni yuksaltirishni jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim omillardan biri deb hisoblayman. Tabiatni asrash faqat ekologlar yoki mutasaddi tashkilotlarning emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotidagi mas’uliyatiga aylanishi lozim.

Ayniqsa, yosh avlodda tabiatga mehr, jonivorlarga g‘amxo‘rlik va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish orqali ekologik jihatdan ongli va faol jamiyatni barpo etish mumkin.

“Ekosana” doirasida bunday ma’rifiy tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi aholi o‘rtasida ekologik bilim va madaniyatni yanada yuksaltirishga, tabiatni muhofaza qilish g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Zero, tabiatni asrash — kelajakni asrashdir. Har bir qush, har bir daraxt va har bir tabiiy ne’matni muhofaza qilish orqali biz kelajak avlod uchun sog‘lom va barqaror ekologik muhit yaratishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

X. Zulfiev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Marhamat tuman Kengashi raisi
.

Scroll to Top