Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Xalq vakili sifatida deputatning asosiy vazifalaridan biri fuqarolar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini tinglash, murojaatlarni o‘rganish hamda imkon qadar amaliy yechim topishga ko‘maklashishdan iborat.

Bugungi kunda aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish deputatlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil 2-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov tomonidan Izboskan tumanida yashovchi fuqaroning murojaati joyiga chiqib o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xususan, Izboskan tumani «Haqulobod» MFY, «Badavlat» ko‘chasi, 33-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Xusanboyeva Marhaboxon Abdurayimovnaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq murojaati deputat tomonidan nazoratga olinib, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganildi.

Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida fuqaroning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammosini hal etish, zarur tibbiy yordamdan foydalanishi va tegishli mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Natijada fuqaroning Andijon shahridagi viloyat onkologiya kasalliklari shifoxonasiga joylashtirilishi ta’minlandi. Shuningdek, zarur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish va davolanish jarayonini tashkil etish bo‘yicha tegishli amaliy yordam ko‘rsatildi.

Mazkur holat, avvalo, fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qoldirilmasligi, ularning muammolarini joyida o‘rganish va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yechim topish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Men, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilishni, ularning muammolarini tinglash va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni o‘z faoliyatimning muhim qismi deb bilaman. Chunki deputatlik vakolatining mazmun-mohiyati, eng avvalo, xalq ishonchini oqlash, odamlarning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslik va ularning hayotida ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga xizmat qilish bilan belgilanadi.

Ayniqsa, sog‘liq bilan bog‘liq murojaatlar alohida e’tibor va mas’uliyatni talab etadi. Bunday vaziyatlarda murojaatni faqat rasmiy tartibda ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, masalani joyida o‘rganish, tegishli tibbiyot muassasalari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish muhimdir.

Tadbir davomida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 4 milliard so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirilgan «Mehr ulashamiz!» nomli davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishildi.

Mazkur loyiha doirasidagi ishlar aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, inson manfaatlarini ta’minlash va ehtiyojmand fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz siyosatining markazida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash tamoyili turibdi. Bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishda deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari hamda tegishli mutasaddilarning o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi.

Fuqarolar murojaatlarining ijobiy hal etilishi esa aholining davlat organlari va xalq vakillariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Shu bois har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning muammosi va umidi turganini unutmaslik lozim.

Kelgusida ham fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni davom ettirish, hududlarda aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, qonuniy vakolatlar doirasida ularning yechimiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Zero, xalq vakilining faoliyati faqat majlislar zalidagi ishtirok bilan emas, balki odamlarning kundalik hayotidagi muammolarga bevosita yechim topishga qo‘shgan hissasi bilan ham baholanadi.

Aholi manfaati va inson qadri — e’tibor markazida!

Muhammadrasul Mamatqulov,

O'zbekiston Ekologik partiyasi Andijon Kengashi matbuot kotibi.

Scroll to Top