Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash masalalari jamiyat hayotining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan bog‘liq obyektlarda ekologik me’yorlarga rioya etilishi, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi tomonidan hududdagi ekologik holatni o‘rganish, aholi murojaatlari va e’tirozlarini joyiga chiqib tahlil qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur jamoatchilik nazoratiga O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi raisi I. Xayitboyev boshchilik qildi. Tadbir tegishli tashkilotlar vakillari hamda ekologiya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘rganish ishlari Guliston massivi, Fayziobod MFY hududida joylashgan 3,1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona faoliyati yuzasidan olib borildi. Joyiga chiqib o‘rganish davomida issiqxonaning umumiy sanitariya-ekologik holati, ishlab chiqarish jarayonlari hamda, eng avvalo, isitish tizimining ishlash jarayoni ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish jarayonida issiqxonani isitish qurilmasidan atmosferaga chiqayotgan tutun va zararli moddalar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday holatning oldini olish, atmosfera havosining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud isitish tizimini ekologik va sanitariya talablariga muvofiq ishlatish zarurligi ta’kidlandi.
Zero, har qanday xo‘jalik yoki ishlab chiqarish faoliyati iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, atrof-muhitga bo‘lgan ta’siri nuqtayi nazaridan ham baholanishi lozim. Aholi istiqomat qiladigan hududlarda atmosfera havosining tozaligini ta’minlash, noxush hid, tutun va zararli chiqindilarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim shartlaridan biridir.
Mazkur issiqxona faoliyati bilan bog‘liq ayrim holatlar hudud aholisi orasida haqli e’tiroz va noroziliklarga sabab bo‘layotgani ham o‘rganish davomida qayd etildi. Fuqarolarning murojaatlari va jamoatchilik fikrini inobatga olish, ekologik muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish jamoatchilik nazoratining asosiy vazifalaridan biridir.
Joyiga chiqib o‘tkazilgan o‘rganish davomida mavjud muammolarni bartaraf etish, issiqxona hududidagi sanitariya-ekologik holatni belgilangan talablar darajasiga keltirish hamda yaqin hududda istiqomat qilayotgan aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash masalalari mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, isitish tizimidan foydalanishda ekologik talablarga qat’iy rioya etish, atmosferaga zararli moddalar va tutun chiqishining oldini olish, tegishli qurilmalarning texnik holatini muntazam nazorat qilib borish zarurligi yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aholining asosli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarga barham berish hamda issiqxonaning sanitariya-ekologik holatini yaxshilash yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.
Men, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi raisi sifatida, jamoatchilik nazoratining asosiy maqsadi faqat kamchiliklarni aniqlashdan iborat emas, balki mavjud muammolarni mas’ullar bilan hamkorlikda bartaraf etish, aholining ekologik huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda hududda sog‘lom ekologik muhitni shakllantirishdan iborat, deb hisoblayman.
Bugungi kunda ekologik muammolarni bartaraf etishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari va aholining faol ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, joylarda olib borilayotgan jamoatchilik nazorati orqali fuqarolarni qiynayotgan ekologik masalalarni aniqlash va ularni amaliy choralar orqali hal etish imkoniyati kengayadi.
Shu bois Guliston massivi, Fayziobod MFY hududidagi mazkur issiqxona faoliyati bilan bog‘liq ekologik holatni nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishini o‘rganish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash masalalari kelgusida ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Atrof-muhitni asrash — faqat ekologiya sohasi mutaxassislarining emas, balki har birimizning umumiy burchimizdir. Ekologik xavfsizlikni ta’minlash, havoning musaffoligini asrash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratish yo‘lidagi har bir amaliy qadam o‘zining ijobiy samarasini beradi.
I. Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Ulug‘nor tuman Kengashi raisi.
