Atrof-muhitni obodonlashtirish, yashil hududlarni kengaytirish va mavjud daraxt hamda ko‘chatlarni asrab-avaylash ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biridir. Ayniqsa, avtomobil yo‘llari bo‘yidagi yashil hududlarning ozoda, tartibli va ko‘rkam saqlanishi nafaqat hududning tashqi qiyofasini yaxshilaydi, balki ekologik muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi tomonidan hududdagi ekologik holatni o‘rganish, mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish yuzasidan navbatdagi eko-reyd tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi A. Jo‘rayev boshchiligida, obodonlashtirish xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Eko-reyd davomida tumandagi «Do‘stlik» MFY hududidan o‘tuvchi 373-avtomobil yo‘li bo‘yidagi yashil hududlar, xususan, tartibsiz va qarovsiz holatga kelgan ko‘chatlar go‘zoni o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida yo‘l bo‘yidagi ko‘chatlar va yashil hududning umumiy holatiga e’tibor qaratilib, hududni obodonlashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha tegishli amaliy ishlar olib borildi.
Jumladan, qarovsiz holatga kelgan ko‘chatlar go‘zonini tartibga keltirish, hududning ko‘rkamligini oshirish va yo‘l bo‘yida ozoda muhit yaratish yuzasidan obodonlashtirish xodimlari tomonidan zarur ishlar amalga oshirildi.
Bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi hududlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil maydonlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish va aholining atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eko-reyd davomida, shuningdek, yo‘l bo‘ylarini ozoda va obod saqlash, mavjud daraxt va ko‘chatlarga zarar yetkazmaslik, yashil hududlarni asrash hamda atrof-muhitga e’tiborli munosabatda bo‘lish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Ta’kidlash joizki, yashil hududlar — hududning shunchaki ko‘rkam qiyofasini ta’minlovchi omil emas. Daraxt va ko‘chatlar havoni tozalash, changni kamaytirish, mikroiqlimni yaxshilash va insonlar uchun qulay ekologik sharoit yaratishda muhim tabiiy vosita hisoblanadi.
Shu sababli mavjud ko‘chatlarni parvarishlash, ularning holatini muntazam nazorat qilish, yo‘l bo‘ylaridagi yashil hududlarni ozoda saqlash va yangi ko‘chatlarni asrab-avaylash har birimizning umumiy vazifamizdir.
Men, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi sifatida, bunday eko-reyd va jamoatchilik nazorati tadbirlarining asosiy maqsadi hududlardagi kamchiliklarni aniqlash bilangina cheklanib qolmasdan, ularni amaliy choralar orqali bartaraf etish, aholida ekologik mas’uliyatni yanada kuchaytirish va sog‘lom ekologik muhitni shakllantirishdan iborat, deb hisoblayman.
Bugun obod va ko‘rkam ko‘ringan har bir hudud ortida muntazam mehnat, e’tibor va mas’uliyat turadi. Ayniqsa, yo‘l bo‘ylaridagi yashil maydonlarning holati hududning umumiy qiyofasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bu kabi maskanlarni doimiy parvarish qilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarur.
Kelgusida ham Bo‘ston tumanida ekologik holatni yaxshilash, yashil hududlarni asrash, obodonlashtirish ishlarini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar davom ettiriladi.
Zero, obod va ko‘rkam hudud — sog‘lom ekologik muhit garovidir. Atrof-muhitga bo‘lgan e’tiborimiz bugungi kun farovonligi bilan birga, kelajak avlodning sog‘lom va munosib hayoti uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
A. Jo‘rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Bo‘ston tuman Kengashi raisi
