Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularni tabiatni asrashga qaratilgan amaliy tashabbuslarga faol jalb etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan partiyaning Andijon shahar Kengashi hamkorligida yoshlar ishtirokida ekologik madaniyat va mas’uliyat mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlar bilan atrof-muhitni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish hamda ekologik muammolarning oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yosh avlodning ekologik jarayonlardagi faolligini oshirish, ularni hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga keng jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Suhbatda “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etish, mahallalar hududining ozodaligini ta’minlash, mavjud yashil maydonlarni asrash va ko‘paytirish, ariqlarni doimo soz hamda toza holatda saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning jamoatchilik ishlaridagi faolligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shuningdek, chiqindilarni turlarga ajratish va belgilangan joylarga tashlash, maishiy chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Hududlarning sanitariya-ekologik holatini yaxshilashda har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ekani, oddiy ekologik qoidalarga kundalik hayotda amal qilish orqali atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish mumkinligi tushuntirildi.

Tadbir davomida yoshlarning savol va takliflari tinglanib, ularning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va jamoat ishlaridagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish, bilim va ko‘nikmalarni oshirish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida yoshlar orasida “Oila va tabiat” gazetasi ham tarqatildi. Ishtirokchilarga nashrda yoritilayotgan ekologik mavzular, tabiatni muhofaza qilish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat va sog‘lom turmush tarziga oid maqolalar bilan tanishish tavsiya etildi.

Darhaqiqat, yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish kelajakda tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘ladigan avlodni shakllantirishning muhim omilidir. Bugun yoshlar qalbida tabiatga mehr va uni asrash mas’uliyatini shakllantirish orqali ertangi kun uchun yanada toza, obod va yashil muhit yaratish mumkin.

Tadbir yakunida yoshlar o‘rtasida ekologik targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda obod va yashil muhit yaratishga qaratilgan amaliy ishlarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon shahar Kengashi raisi Baxtiyor Sotvoldiyev.

Scroll to Top