Yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda ekologik madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Ayniqsa, yoshlarni foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, ularda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni oshirish bilan bir qatorda, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Baliqchi tumanidagi Oqqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 57-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi tomonidan Kengash qoshidagi “Yosh ekologlar” qanoti bilan hamkorlikda yoshlar ishtirokida sport aksiyasi tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida turli sport mashg‘ulotlari, jamoaviy o‘yinlar va qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi. Unda yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni faol hayot tarziga jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.
Sport mashg‘ulotlari davomida yoshlar o‘zaro jamoaviy hamkorlik, do‘stona raqobat va faollik muhitida ishtirok etdilar. Bunday tadbirlar yoshlarning nafaqat jismoniy salomatligini mustahkamlash, balki ularda birdamlik, jamoada ishlash va o‘zaro hurmat kabi ijobiy fazilatlarni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Aksiya doirasida “Yosh ekologlar” qanotining faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari, yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni jamiyat hayotidagi jarayonlarda faol ishtirok etishga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, yoshlar bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va ekologik madaniyatni yuksaltirish mavzularida suhbatlar olib borildi. Ishtirokchilarga tabiatni asrash faqat tashkilotlarning emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotidagi mas’uliyatli vazifasi ekani tushuntirildi.
Yoshlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglanib, ularni ekologik tashabbuslarga kengroq jalb etish, mahalla va ta’lim muassasalarida ekologik yo‘nalishdagi tadbirlarni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, sport va ekologik targ‘ibotni birlashtirgan bunday tadbirlar yoshlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etishning samarali vositalaridan biridir.
Eng muhimi, yosh avlod qalbida tabiatga mehr, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat va ekologik mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish orqali kelajakda sog‘lom, faol va tabiatga befarq bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazishga zamin yaratiladi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi raisi Bekzodbek Tursunov.
