Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda yosh avlodga ekologik tarbiya berish, ularda tabiatga mehr va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, ekologik madaniyat asoslarini bolalikdan singdirish kelajakda tabiatni asrab-avaylaydigan, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda joriy yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tumani Kengashi raisi A.Bozorov hamda Ekologik partiyadan saylangan deputat F. Ahmadaliyeva hamkorligida Qayir mahallasida faoliyat yuritayotgan “Bolajon” xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida ekologik madaniyat va bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

O‘rganish jarayonida maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalarga ekologik bilim va tushunchalarni berish, ularda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda ekologik tarbiyani tashkil etish, tabiatni sevish va uni asrash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ta’lim tashkilotida bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan xonalar, hududning obodonligi va sanitariya holati o‘rganildi. Mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda, bolalar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratish borasidagi masalalar muhokama qilinib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir davomida ekologik tarbiyani oddiy va tushunarli usullar orqali bolalar ongiga singdirish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, tabiatni asrash, daraxt va o‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish, suv va elektr energiyasidan oqilona foydalanish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash kabi kundalik hayotda zarur bo‘lgan ekologik ko‘nikmalarni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Bolalikdan tabiatga mehr uyg‘otish kelajak avlodning ekologik dunyoqarashini shakllantirishda muhim omildir. Bola daraxtni asrash, suvni tejash, atrofni ozoda saqlash kabi oddiy qoidalarga amal qilishni kundalik odatga aylantirsa, bu ko‘nikmalar kelgusida uning hayot tarzining ajralmas qismiga aylanadi.

Shu nuqtayi nazardan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ekologik tarbiyani kuchaytirish, tarbiyalanuvchilarni tabiat bilan yaqindan tanishtirish, ularda ekologik mas’uliyat va tejamkorlik tushunchalarini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni muntazam tashkil etish muhimdir.

Mazkur o‘rganish yakunida maktabgacha ta’lim tashkilotida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ishlarni yanada takomillashtirish, bolalar uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlash hamda aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha fikr va tavsiyalar bildirildi.

Darhaqiqat, ekologik madaniyatni shakllantirish oiladan, ta’lim va tarbiya maskanlaridan boshlanadi. Bugun bolalar qalbiga tabiatga mehr, uni asrash va qadrlash tuyg‘ularini singdirish orqali biz ertangi kun uchun ekologik jihatdan ongli va mas’uliyatli avlodni tarbiyalashga zamin yaratamiz.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tumani Kengashi raisi A.Bozorov.

Scroll to Top