Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarning oldini olish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, fuqarolarning ekologik mas’uliyatini oshirish va jamoatchilikni atrof-muhitni asrashga keng jalb etish bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridandir.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tumani Kengashi tomonidan aholining ekologik bilim va dunyoqarashini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tumani Kengashi raisi M. Sirojiddinov tashabbusi bilan 2-avgust — O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil topgan kun munosabati bilan “Markaz” MFY hududida aholi ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Ekologik harakatining tashkil topish tarixi, uning mamlakatimizda ekologik muammolarni keng jamoatchilik e’tiboriga olib chiqish, tabiatni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Ekologik harakatning asosiy maqsad va vazifalari, aholining ekologik masalalardagi faolligini oshirish hamda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

Uchrashuvda bugungi kunda atrof-muhit bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda nafaqat davlat tashkilotlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari va aholining faol ishtiroki ham muhim ekani qayd etildi. Zero, ekologik barqarorlikni ta’minlash, avvalo, har bir insonning kundalik hayotidagi munosabati va mas’uliyatidan boshlanadi.

Suhbat davomida hududlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni asrab-avaylash, yashil hududlarni kengaytirish, daraxt va ko‘chatlarni parvarish qilish, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish masalasi ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Fuqarolarga maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, ularni saralash va o‘z vaqtida olib chiqilishini ta’minlash, jamoat joylarining sanitariya holatini saqlash hamda noqonuniy chiqindi tashlash holatlarining oldini olish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ayniqsa, mahalla hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida aholining faol ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Har bir xonadon, ko‘cha va mahallaning ozodaligi umumiy ekologik muhitga bevosita ta’sir ko‘rsatishi, shu bois atrof-muhitni asrashga har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga ham javoblar berilib, ekologik muammolarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi. Fuqarolar tomonidan hududning ekologik holatini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik tozalikni ta’minlash, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga chaqirildi.

Darhaqiqat, ekologik madaniyat jamiyatning umumiy madaniyatining ajralmas qismidir. Tabiatni asrash faqat ayrim tashkilotlarning emas, balki barchamizning umumiy burchimizdir. Bugun atrof-muhitga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ertangi avlod uchun sog‘lom va farovon hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil topgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuv ham aholining ekologik ongini yuksaltirish, fuqarolik mas’uliyatini oshirish va tabiatni muhofaza qilish borasidagi jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tumani Kengashi raisi M. Sirojiddinov.

Scroll to Top