Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Suv — insoniyat hayoti, tabiat va barcha tirik mavjudotlar uchun bebaho ne’mat. Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni asrab-avaylash va kelajak avlod uchun saqlab qolish dolzarb ekologik vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi bilan hamkorlikda “Suv — hayot manbai” shiori ostida keng qamrovli targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Tadbir Alisher Navoiy nomidagi bog‘da hamda qator tashkilotlarda o‘tkazilib, unda aholining suv resurslariga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida fuqarolarga suvdan oqilona va tejamkor foydalanish, uni isrof qilmaslik, kundalik hayotda suvni tejashning oddiy va samarali usullaridan foydalanish yuzasidan tushunchalar berildi.

Shuningdek, suv resurslarini muhofaza qilishning ekologik ahamiyati, suv havzalarini ifloslanishdan asrash va tabiat boyliklariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zarurligi ta’kidlandi. Suvning har bir tomchisi qadrli ekani, uni tejash faqat iqtisodiy emas, balki ekologik mas’uliyat ham ekanligi haqida fikrlar bildirildi.

Ayniqsa, yosh avlodda suvga nisbatan ehtiyotkor munosabatni shakllantirish, ularning ekologik bilim va madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi. Zero, bugun suvni asrashga bo‘lgan e’tibor ertangi kunning ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Har bir inson kundalik hayotida oddiy qoidalarga amal qilish orqali suv resurslarini asrashga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Jumladan, suv jo‘mraklarini bekorga ochiq qoldirmaslik, suvdan foydalanishda tejamkor bo‘lish va suv havzalarini chiqindilardan asrash umumiy ekologik madaniyatning muhim ko‘rinishidir.

“Suv — hayot manbai” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur targ‘ibot tadbiri aholining ekologik ongini yuksaltirish, suv resurslarini asrab-avaylashga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish va tabiatga mehr-muhabbat ruhini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

Suvni asrash — hayotni asrash demakdir!

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi raisi A.Abdurahmonov

Scroll to Top