30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan so‘lim “Olmos” dam olish maskanida nodavlat notijorat tashkilotlari yosh vakillari uchun yozgi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tmoqda.
18–20 iyun kunlari davom etayotgan “NNT yoshlari yozgi oromgohi: moliyaviy barqarorlik va fandrayzing” mavzusidagi seminar respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 30 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari yosh vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbir O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston NNTlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi NNTlarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning loyiha boshqaruvi, grant mablag‘larini jalb etish, fandrayzing, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda ijtimoiy buyurtmalar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
O‘quv-seminarning ilk kunida tashkilotchilar tomonidan fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda grant va boshqa moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar grant tanlovlarida ishtirok etish imkoniyatlari, loyiha tashabbuslarini moliyalashtirish mexanizmlari, maqsadli loyihalarni shakllantirish, ijtimoiy buyurtmalar bilan ishlash, grant arizalarini tayyorlash hamda SMART usuli asosida maqsad va vazifalarni belgilash bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, fandrayzing, shaffoflik va barqaror moliyalashtirishni rivojlantirish mavzularida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Real keyslar va simulyatsiyalar asosida olib borilgan treninglar ishtirokchilarga mablag‘ jalb qilishning samarali usullarini o‘rganish imkonini berdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun ngo.gov.uz platformasida ishlash, elektron raqamli imzo orqali hujjatlarni yuklash hamda texnik xatolarning oldini olish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.
Seminar ishtirokchilaridan biri, “Dialog” nodavlat notijorat tashkilotining Jizzax viloyat hududiy bo‘lim rahbari Dilrabo Narzullayeva tadbir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
— Mazkur seminar men uchun juda foydali bo‘ldi. Ayniqsa, grant mablag‘larini jalb etish, fandrayzing va loyihalarni samarali boshqarish bo‘yicha berilgan amaliy tavsiyalar faoliyatimizni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Trenerlar tomonidan real misollar asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yangi bilim va tajribalarni egallashimizga xizmat qildi. Eng muhimi, respublikaning turli hududlaridan kelgan faol yoshlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bunday tashabbuslar yoshlarning salohiyatini oshirish va fuqarolik jamiyati rivojiga munosib hissa qo‘shishida muhim o‘rin tutadi deydi.
Kun yakunida seminar ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha g‘oyalari va grant arizalari mutaxassislar ishtirokida tahlil qilinib, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur yozgi o‘quv-seminar NNT yoshlarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularning moliyaviy barqarorlik va fandrayzing sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolik jamiyati rivojiga xizmat qiladigan yangi ijtimoiy tashabbuslarni yuzaga chiqarishda muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Muhammadrasul Mamatqulov,
O‘z muxbirimiz.
