Andijon tumani Chem mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi, Andijon tuman Probatsiya guruhi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Mazkur sayyor suddan ko‘zlangan asosiy maqsad probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori, jazo o‘tash davridagi faoliyati va qonun talablariga rioya etish holatini o‘rganish, shuningdek, jazoni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Sud majlisida Andijon tuman Probatsiya guruhi hisobida turuvchi, ozodlikni cheklash hamda axloq tuzatish ishlari jazolarini o‘tayotgan 15 nafar mahkumning jazoni muddatidan oldin o‘tashdan ozod etish haqidagi taqdimnomalari ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davridagi namunali xulqi, mehnatga munosabati, jamiyatga moslashish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda probatsiya organlari tomonidan berilgan tavsifnomalar atroflicha o‘rganildi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, 15 nafar mahkumning jazoni muddatidan oldin o‘tashdan ozod etish masalasi ijobiy hal etildi. Bu esa ularning tuzalish yo‘liga o‘tganligi va qonuniy imkoniyatlardan samarali foydalanganligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, sayyor sud davomida jazo o‘tash tartibi va qonunchilik talablariga rioya etmagan 2 nafar mahkumning xatti-harakatlari ham muhokama qilindi. Sud qaroriga asosan, ularga nisbatan tayinlangan jazo og‘irroq turdagi jazo bilan almashtirildi.
Tadbir davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, probatsiya institutining ahamiyati hamda mahkumlarni jamiyatga qayta moslashtirish borasidagi ishlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mazkur sayyor sud jarayoni ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yoritildi hamda televideniye orqali keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi belgilandi.
Andijon tumani IIB Probatsiya guruhi katta inspektori,
katta leytenant Tashpo‘latov Nizomiddin Qozimjon o‘g‘li.
