Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Qo‘lida smartfon yoki planshet bo‘lmagan bolani uchratish qiyin. Albatta, internet va ijtimoiy tarmoqlarning foydali jihatlari ko‘p — ular orqali bilim olish, dunyoqarashni kengaytirish, yangi imkoniyatlarni kashf etish mumkin. Ammo masalaning boshqa, xavotirli tomoni ham bor.

So‘nggi paytlarda ayrim ota-onalar farzandlarini turli videolar orqali mashhur qilish, layk va kuzatuvchilar yig‘ish ilinjida ularni ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari ko‘p olib chiqmoqda. Ba’zan bolalarning yoshiga mos bo‘lmagan holatlar, kulguli yoki sharmandali lavhalar internetga joylanmoqda. Bu esa bugun oddiy ko‘ngilochar video bo‘lib tuyulsa-da, ertaga bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Farzand tarbiyasi ota-onaning eng katta mas’uliyati hisoblanadi. Bola hali oq-qorani to‘liq ajrata olmaydigan yoshda mashhurlik, pul yoki e’tibor ta’sirida ulg‘aysa, uning ongida noto‘g‘ri tushunchalar shakllanishi ehtimoli ortadi. O‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, manmanlik, kattalarga hurmatsizlik yoki yengil yo‘l bilan shuhrat topishga intilish kabi illatlar asta-sekin odatga aylanishi mumkin.

Eng achinarlisi, bunday kontentlar boshqa bolalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular internetdagi tengdoshlariga taqlid qilib, vaqtini foydasiz videolar olishga sarflayapti. Natijada dars, kitob, sport va foydali mashg‘ulotlar ikkinchi o‘ringa tushib qolmoqda. Bu esa nafaqat bir bolaning, balki butun jamiyatning kelajagiga ta’sir qiladigan muammo hisoblanadi.

Har bir ota-ona farzandining internetdagi faoliyatiga befarq bo‘lmasligi kerak. Bolaga telefon berishdan oldin undan qanday foydalanishni, internet madaniyatini va xavfsizlik qoidalarini tushuntirish muhim. Eng asosiysi, bolaga mehr, e’tibor va to‘g‘ri tarbiya berish hech qachon trend yoki mashhurlik ortidan quvishdan ustun turishi lozim.

Aziz ota-onalar, farzandlarimizning kelajagi o‘z qo‘limizda. Bugundan ogoh bo‘laylik, ertaga kech bo‘lmasin.

Zaripova Mehriniso,

Buxoro davlat unversiteti talabasi

Scroll to Top