Har bir xalqning buyukligi uning boy tarixi, ma’naviy merosi va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlari bilan belgilanadi. Qadriyatlar — bu xalqning qalbi, uning o‘zligini namoyon etuvchi bebaho xazinadir. Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatlar, an’analar va milliy tarbiya bugungi kunda ham jamiyatimiz ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mehmondo‘stlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi fazilatlar milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Ayniqsa, oilaga bo‘lgan e’tibor, ota-onani ulug‘lash, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini qadrlash kabi an’analar xalqimizning ma’naviy boyligini namoyon etadi.
Bugungi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham milliy qadriyatlarning o‘rni beqiyosdir. Chunki o‘z tarixini, tilini, madaniyatini va qadriyatlarini yaxshi bilgan inson hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi. Shu sababli maktab, oila va jamiyat hamkorligida milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Milliy qadriyatlar faqat o‘tmish merosi emas, balki kelajak poydevori hamdir. Ularni asrab-avaylash, rivojlantirish va keyingi avlodga yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir. Zero, qadriyatlariga ega bo‘lgan xalqning kelajagi ham mustahkam bo‘ladi.
Shahruza Bahadirova,
Buxoro davlat unversiteti talabasi
