Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda o‘lkamizni yanada obod va yashil maskanga aylantirish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, har bir hududda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi tashabbusi bilan tumanimizdagi 1-son politexnikum hududida ko‘chat ekish aksiyasi tashkil etildi. Unda hamkor tashkilotlar, mahalla faollari va yoshlar faol ishtirok etdi. Tadbir davomida hudud iqlimiga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, ularni parvarishlash, sug‘orish va agrotexnik tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, tadbirda yoshlar o‘rtasida ekologik tarbiya va targ‘ibot ishlari olib borilib, “Har bir yoshdan — bir nihol” shiori ostida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bu esa yoshlarda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

Bunday tashabbuslar nafaqat hududni obodonlashtirish, balki kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning asosiy maqsadimiz – faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmasdan, balki har bir niholning unib-o‘sishini ta’minlash orqali hududimizni yanada yashil va obod maskanga aylantirishdir.

Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga, o‘z xonadoni va mahallasini yashil maskanga aylantirishga chorlab qolamiz. Zero, ona tabiatni asrash — barchamizning burchimizdir.

Abulqosim Bozorov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Paxtaobod tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top