Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi tomonidan hududlarda ekologik holatni yaxshilash, aholi o‘rtasida tozalik madaniyatini shakllantirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri sifatida tuman hududida joylashgan Iftixor MFY, Chinobod ko‘chasida navbatdagi ekoreyd tadbiri tashkil etildi.

Mazkur ekoreyd davomida mahalla hududida maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish holati atroflicha o‘rganildi. Xususan, aholi tomonidan chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar mavjudligi, ularning amal qilish holati hamda xizmatdan foydalanish darajasi ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar jarayonida ayrim xonadonlarda chiqindilarni belgilangan tartibda chiqarib berish masalasida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.

Ekoreyd davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan fuqarolar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, ularga atrof-muhit tozaligini saqlash, chiqindilarni to‘g‘ri saralash va belgilangan joylarga chiqarib berishning ahamiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, aholining ekologik mas’uliyatini oshirish, hududda sanitariya holatini yaxshilash hamda noqonuniy chiqindi tashlash holatlarining oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash joizki, bunday ekoreyd tadbirlari nafaqat kamchiliklarni aniqlash, balki aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Zero, toza va ozoda muhit — bu har bir fuqaroning bevosita mas’uliyati va kundalik hayot tarzining ajralmas qismi bo‘lishi lozim.

Kelgusida ham Baliqchi tumanida bu kabi amaliy tadbirlar muntazam ravishda davom ettirilib, hududni yanada obod va ekologik jihatdan sog‘lom maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar izchil olib boriladi.

Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizni atrof-muhitga befarq bo‘lmaslikka, yashab turgan hududimiz tozaligini saqlashga hamda ekologik madaniyatni kundalik odatga aylantirishga chorlab qolamiz.

Bekzodbek Tursunov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Baliqchi tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top