O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi tomonidan tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda Xo‘jaobod tumanidagi 74-IDUMda 23-mart — Xalqaro meteorologiya kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda meteorologiya sohasining bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, iqlim o‘zgarishining global va hududiy ta’siri, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan so‘nggi yillarda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, ularning qishloq xo‘jaligi, suv resurslari hamda aholi salomatligiga ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ekologik muammolarning oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘llari yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning ekologik bilimlarini oshirish, tabiatga nisbatan mas’uliyatli va ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar hamda ekologik muammolarni hal etishda har bir fuqaroning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi.

Mazkur davra suhbati ishtirokchilarda dolzarb ekologik masalalar bo‘yicha bilim va tushunchalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qildi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni atrof-muhitni asrashga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xusanboy Ahmedov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo'jaobod tuman Kengashi raisi.
