Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

BADNAFSLIK TUZOG‘I

Korrupsiya – iqtisodiyotimiz rivojiga to‘siq, jamiyat taraqqiyotining kushandasi. Korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizmning ko‘payishi uchun sharoit yaratib beradi. Shu sababli ham global muammolar orasida korrupsiya alohida o‘rin egallaydi.

Mamlakatlarning iqtisodiy darajasi va siyosiy tuzilishi har xil bo‘lsa ham korrupsiya barcha mamlakatlar uchun odatiy hol hisoblanadi.

O‘zbekistonda mazkur muammoni bartaraf etish siyosati yuritilmoqda. Jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi va «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilingani hamda davlat xaridlari doirasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan shaffof tartib o‘rnatilgani, 2017–2018 va 2018–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilgani, 2021–2025-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlangani, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil qilingani, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtirilgani, barcha davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining ochiqligi ta’minlanayotgani O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi jiddiy kurashayotganining isbotidir. Shu sababli ham O‘zbekiston xalqaro reytingda qatorasiga to‘rt yil davomida barqaror o‘sishga erishdi.

2020-yildan e’tiboran mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tuzilib, faoliyat yuritib kelayotgani fikrimizning tasdig‘idir.

Joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “Korrupsiya xalqning davlatga va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi”, deya ta’kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Aynan shu yig‘ilishda bu jinoyatga barham berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda, Prezidentning 21-apreldagi farmoni bilan, Bosh prokuraturada korrupsiya omillarini tahlil qilish bo‘limi tashkil qilindi. Hududlarga muntazam chiqib, bunday omillar o‘rganib borilmoqda.

29-iyul kuni Prezident maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir taqdimot bilan tanishdi. «Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida „korrupsiyaviy tuynuklar“ to‘liq yo‘qolgani yo‘q», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan «raqamli nazorat» o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.

Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish, fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, sohalarni raqamlashtirish va jamoatchilik nazoratini kengroq tatbiq etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullaridan foydalanish albatta o‘z samarasini beradi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardim. Korrupsiyaga qarshi kurashda har bir fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini anglagan holda harakat qilsagina ko‘zlangan maqsadga erishiladi. Lekin afsuski, oramizda pora olish jinoyatini sodir etayotganlar hamon uchrab turibdi.

Nafsining quliga aylanib qolgan kishi har qancha tipirchilab, o‘zini har tomonga urmasin, undan qutulishi qiyin. Vijdon bilan kurashda g‘alaba qilgan nafs sabru qanoatni mahv etib, o‘z sohibini jinoyat ko‘chasi tomon yetaklaydi. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Malik Aliyev faqat o‘zini, nafsini o‘yladi.

U halol topayotganiga qanoat qilmay, qulay fursat tug‘ilganda nopok yo‘l bilan kelayotgan daromadga ko‘z tikdi.

Malik lavozim yo‘riqnomasiga asosan dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazorat tadbirlarida, tekshirishlarda ishtirok etish hamda boshqa vakolatlar berilganligi holatidan qasddan foydalanadi. U o‘ziga biriktirilgan kompyuterdagi dasturga dori narx nazorati maxsus tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4554-sonli Qaroriga asosan qabul qilingan Sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 24-martdagi 115-sonli (Adliya vazirligida 2020-yil 10-iyunda 3242-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda   belgilangan referent narxlaridan yuqori sotilganligi haqida kelib tushgan ma’lumotlarni o‘rganadi.

-Mana izlaganimni topdim, - deya quvonib ketadi. Chunki dasturda viloyat hududidagi dorixonalardan birida ancha miqdordagi dori vositalari yuqori narxda sotilgani ko‘rsatilgan edi.

Malikda esa yuqori narxda sotilgan dori vositalar uchun undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni kamaytirishga vakolati bor. U shu vakolatdan foydalanib mulkiy manfaatdor bo‘lish haqida jinoiy reja tuzadi.

Malik jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida Shahrixon tumanida ro‘yxatga olingan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga qarashli dorixonalarda 2023-yilning noyabr-dekabr va 2024-yilning yanvar-fevral oylari davomida sotilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun hisoblangan 1.998.369.070 so‘mlik, shundan ulgurji xaridorlarga 300 ta holatda 134.380.760 so‘mlik hamda 3935 ta holatda chakana savdo orqali 1.863.988.310 so‘mlik dorilar referent narxlardan yuqori sotilganligi haqida kelib tushgan ma’lumotlarni olib, bu ma’lumotlarni jamiyat ish boshqaruvchisi Bahodir Mamajonovga tanishtirish uchun taqdim etadi.

Malik shundan so‘ng 2024-yilning fevral oyi oxirlarida u dori vositalari va tibbiyot buyumlarini referent narxlardan yuqori sotilganligi natijasida kelib chiqqan 1.998.369.070 so‘m mablag‘larni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkazib berishni jamiyat rahbaridan talab qilgan.

Jamiyat ish boshqaruvchisi Bahodir sodir bo‘lgan holatni jamiyatni hisobchisi Fazliddin Ayupovga ma’lum qilgan vaqtida, Fazliddin muqaddam Malik bilan birga ishlaganligini, ushbu masalada u bilan uchrashib, yordam so‘rashini bildiradi.

Shundan so‘ng, Fazliddin 2024-yilning fevral oyi oxirlarida Malik bilan uchrashgan vaqtida, u dori vositalari va tibbiyot buyumlarini referent narxlardan yuqori sotilganligi natijasida kelib chiqqan 1.998.369.070 so‘m mablag‘larni yo‘qotib berish evaziga pora tariqasida 30.000 AQSH dollarini talab qilgan.

Bahodirni bu holatni o‘zi o‘rganganida ularni jamiyatga nazorat kassa mashinasini yetkazib bergan subyekt uning xotirasiga faqat bitta dori vositasi, ya’ni “Azitromitsin” tabletkasi kiritilib, uning narxi 12.410 so‘mini tashkil qilgani, ularning jamiyatdan turli xildagi dorilar sotilgan bo‘lsa-da, kassa mashinkasida savdo puli ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu summaga faqat 1 upakovka “Azitromitsin” tabletkasi sotilganligi qayd etilib borilavergani, shu tariqa referent narxdan yuqori summa paydo bo‘lganini aniqlaydi.

Bahodir M. Aliyevga kassa mashinkasi faqat bir dori vositasini urib berganini, shu sababli yuqori narx chiqib kelganini aytgani hamda hujjatlarni taqdim etadi.

Malik esa taqdim qilingan cheklarni ko‘rib berishga ulgurmasligini aytib, bir oylik zararni yo‘q qilib berish uchun 7.500 AQSH dollari olib kelib berishini va qolgan harakatlarni keyin gaplashib olishlarini aytgani va pullarni Fazliddin olib kelib berishini aytadi. Shundan so‘ng u Malikning bosimi ta’sirida jamiyatiga zarar yetib qolmasligi va jamiyatini litsenziyasi bekor bo‘lib ketmasligi uchun u talab qilgan 7.500 AQSH dollarini Fazliddin orqali Malikka beradi.

Malik o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 7.500 AQSH dollarini pora tariqasida olganidan so‘ng, 2024-yilning 7 va 11-mart kunlari Bahodir va Fazliddinlarga telefon orqali aloqaga chiqib, qolgan 22.500 AQSH dollarini olib kelishni talab qilgan.

Ish yurituvchining vijdoni bunga yo‘l qo‘ymadi. Malikning qonunga zid harakatlari haqida tegishli joyga ariza bilan murojaat qiladi.

13-mart kuni Malik Aliyev Andijon shahri, Do‘stlik MFY, Toshkent ko‘chasida joylashgan “MEGAPOLIS” savdo markazi oldiga talab qilgan pullardan qolgan 22.500 juda ko‘p miqdordagi AQSH dollarini Bahodirdan tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov olib borildi. Yakunida ayblov xulosasi bilan sudga taqdim etildi.

Sudda Malik Aliyev va Fazliddin Ayupovlar qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirib, qonuniy yengillik so‘radi.

Sud hukmi bilan Malik Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 45,57-moddalarini qo‘llab, 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmi bilan Fazliddin Ayupov hamO‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 212-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topildi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 212-moddasining 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib,3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 60-61-moddasi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining 2023-yil 24-yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazolarni o‘talmay qolgan jazo muddatlarini qisman qo‘shish yo‘li bilan F.Ayupovga uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil 1 oy muddatga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib,3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Noqonuniy qilmish kuni kelib fosh bo‘lishi tayin. O‘z burchini adolat bilan to‘laqonli ado etish o‘rniga odamlardan pora talab qilib, ularning qo‘liga qaraydigan davlat xodimlari kuni kelib jazoga tortilishi muqarrar.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, fuqarolarning Konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquq va erkinliklarini himoya qilinishi, ularning hayot darajasi yaxshilanishiga, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga olib keladi deb ishonch bilan aytish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Faqat bu jarayonda yurtdoshlarimizdan hushyorlik va mas’uliyat talab etiladi, xolos. Shundagina mamlakatimiz bundan-da taraqqiy etib, odamlarimizning turmushi farovonlashib boraveradi.

Murodullo Abduxakimov,  

Andijon viloyat prokurori.

700 dollarga sotilgan obro‘

Inson yaralibdiki, nafs atalmish illat unga hamisha ergashib yuradi. Qayerdaki, istaklarini tiya olmaydigan kimsalar bor ekan, u tobora chuqurroq ildiz otib boraveradi.

Oqibatda u o‘z "xo‘jayini”ni "qul”ga aylantirib, falokat jariga qulatadi. Ammo inson buni ko‘ra-bila turib, unga ergashaverar ekan. Sababi nafs "o‘lgur” har qanday "qabihlik”ni ham bir zumda ko‘zga chiroyli qilib ko‘rsata olish mahoratiga ega.

Olimjon Komilov  (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Andijon shahar Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati direktori. Uni yoniga o‘tgan yilning avgust oyi boshlarida mazkur maktabda karate yo‘nalishida murabbiy bo‘lib ishlovchi Elmurod keladi.

-Aka, 9-sinfga kirmoqchi bo‘lgan 2 nafar o‘quvchi bor.

-9-sinflarga qabul qila olmaymiz

-Aynan 9-sinfda o‘quvchilar kamayib ketgan.

-Yo‘q biz faqat 6-sinfga qabul qilamiz.

-Mayl, o‘quvchilar qabuli bir gap bo‘lar. O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport universitetining sirtqi ta’lim 2-kurs talabasi bor. Ishga kirmoqchi.

-Unga guruh yo‘q-ku?

-Aka, agar 6-sinfga 6 nafar o‘quvchi qabul qilsak, yana bitta guruh ochish imkoni bo‘lardi va ishga kirmoqchi bo‘lgan yigitni ishga olardik.

-Qani, oldin o‘quvchi olaylik.

Oradan bir-ikki kun o‘tgach, Elmurod 6-sinfga 2 nafar o‘quvchini razryadi tayyor bo‘lganini aytdi.

-Bu yetmaydi. Yana 4 nafar o‘quvchi bo‘lishi kerak.

-Men ularni ham topaman. Siz hozir borini olib turavering.

Avgust oyining 15-kunida Elmurod Olimjonni xonasiga kirdi va qo‘lidagi 700 dollarni uni qo‘liga tutqazib chiqib ketdi.

Olimjon, “Yomon emas 2 o‘quvchiga 200 dan 400 va murabbiylikka kiradigandan 300. Qaddingni ur, deb xursand bo‘lib turgan chog‘i eshikdan notanish kishilar kelishdi-da, Olimjon hujjatlarini ko‘rsatishgach, domla turgan joyida qotib qoldi. “Nafsim qursin yongan o‘tga soldi-da” dedi pichirlab. Tortmadagi pullarni chiqarib, stol ustiga qo‘ydi. Uning qo‘lidagi qora sellofan paketdagi pullarda "pora” yozuvi tushirilgan edi. Shu yerning o‘zida hujjatlar to‘ldirilib, imzolar qo‘yildi.

Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

U bergan ko‘rsatmasida ushbu ikki nafar o‘quvchi va 1 nafar murabbiyni umuman ko‘rmagani va ular bilan gaplashmagani va pul talab qilmaganini aytdi. Aksincha, Elmurod unga taklif qilib qiziqtirgani, internatga o‘qishga va ishga kirish qabul qilish bo‘yicha buyruq chiqarishi, o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun alohida qabul komissiyasi tuzilgan bo‘lib, ushbu komissiya qaroriga asosan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinishini ta’kidladi. Shuningdek, internatga o‘qishga kirish uchun sport razryadi bo‘lgan fuqarolar sport yo‘nalishiga qarab sport sinovlaridan normativlarini bajarib sinovlardan o‘tganidan so‘ng o‘qishga qabul qilinishini qayd etdi.

“Faoliyatim davomida internatga ishga va o‘qishga kirgan fuqarolardan pul olmaganman”, deya qayta-qayta takrorladi.

Huquq posbonlariga qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligini, 4 nafar farzandlari borligini, oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olib, suddan yengillik berishni so‘radi.

Afsuski, endi kech. Jinoyatga jazo muqarrar. O.Komilov xalqimizning: "Pora yuzni qildi qora” maqolini eshitmagan ko‘rinadi.

Qanchalik gapirilmasin, targ‘ibot ishlari olib borilmasin, baribir bu korrupsiya va firibgarlik degan illat afsuski, hozir ham uchrab turibdi-da. Har qalay bitta bo‘lsa-da poraxo‘rning ishiga nuqta qo‘yildi. Sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

Zulfiyaxon PATTIYEVA,

Andijon shahar prokurorining katta yordamchisi.

Panjara ortidagi inson bilan suhbat (rubrika) 

Onamni gapiga kirmabman.... 

Loyihamiz mavzusidan kelib chiqqan holda pora olib hozir hibsxonada saqlanayotgan sobiq mansabdor bilan suhbatlashishni rejalashtirdim. Kerakli ruxsatni olgach o‘sha men suhbatlashmoqchi bo‘lgan inson bilan uchrashdim. Quyida suhbat davomida aytgan gaplarini  o‘qiysiz.

“Oilada asosiy boquvchi otam edi. Onam uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lardi. Baxtsiz hodisa tufayli otam vafot etdi. Avval biron joyda ishlamagan yoki biron hunari tufayli pul topmagan ayol zimmasiga oila tebratish tushdi. Juda qiyinchilik bilan yashadik. Katta bo‘lsam kattakon bo‘laman deb astoydil o‘qidim. Maktabni a’lo baholarga tugatdim. Institutga kirdim. Oliygohda ham yaxshi o‘qidim.

Qo‘lga diplom olgan kunimda onamni quvonganlarini ko‘rsangiz edi “Meni bolam, endi o‘zi orzulaganidek kattakon bo‘ladi.” deya maqtanardi. Ishga kirdim. O‘zimni ko‘rsatishim kerak edi. Shuning uchun tinimiz mehnat qildim. Menga berilgan vazifani iloji bo‘lsa 200 foiz qilib bajardim.

Bir kuni ishda edim. Mahalla raislaridan biri telefon qilib qoldi.

-Uka, bir mahalladoshimiz kadastrini qilolmay ancha qiynaldi. Shunga yordam berib yuboring, - dedi.

-Mayli, aka. Menga telefon raqamini bera olasizmi?

-Ha, hozir raqamingizga yuborib qo‘yaman.

Oradan biroz o‘tgach, telefonimga xabar keldi. Qarasam, o‘sha rais raqami. Ish vaqtim tugashidan oldin rais aytgan raqamga telefon qildim.

-Uka, rahmat. Ancha xursand qildingiz. Shu hujjatlarim bitmagani uchun ancha diqqat bo‘lib yurgandim.

-Diqqat bo‘lishingizga arzimaydi. Hammasini hal qilamiz. Ertaga ishga kelayotib uchrayman. Bo‘laveradimi?

-Ha, ha. Bo‘laveradi.

Ertasi kuni ertalab bordim. Rosa hujjat qilishdan bezillab ketgan onaxon ekan. Meni qo‘yarga joy topa olmadi.

-Opa, raisingiz aytgandir. Men kadastrda ishlayman. Ismim Ilhom deb tanishtirdim o‘zimni va «men sizga hujjatlarni rasmiylashtirishga yordam beraman» dedim.

Hovlini aylanib chiqqach, «nega ilgari hujjat qildirmagansizlar?» deb so‘radim.

Opa esa ikki-uch marta Davlat xizmatlari markazi orqali ariza topshirganini va arizasi qanoatlantirilmaganini aytadi.

Mayli unda men bir o‘rganib chiqay, keyin javobini aytaman.

Ayol shoshib qoldi. “Uka, shu ishimni hal qilib bering. O‘zingizni qo‘lingizda ekan. Chiqimi bo‘lsa tayyorman” dedi.

“Chiqimi bo‘lsa tayyorman” avvallari bunday so‘zga e’tibor bermas edim. Ayol bu gapni shunday bir yalinganamo aytdiki, qulog‘imga o‘rnashib qoldi.

Ha, o‘shanda birinchi marta fikrimdan chalg‘ishni boshlaganman.

Oradan ikki kun o‘tib, ayolga qo‘ng‘iroq qildim. Opa meni ovozimni eshitiboq:

-Uka, nima bo‘ldi? Hujjat qilib berasizmi? - dedi.

-Opa iltimos qilganingiz uchun rahbar bilan gaplashdim. Haligi aytganingizday chiqimi bor ekan.

-Mayli, aytdim-ku men roziman deb, - dedi ayol.

-Kelavering, hujjatlarimni ham olib ketasiz. Gaplashib olamiz.

Yana ayolnikiga bordim.

-Opa kadastr hujjatlarini tayyorlash xarajati 700 AQSH dollar ekan, - dedim-da orqasidan yana qo‘shib qo‘ydim. Bergan pulingizdan 300 dollarini me’morga beraman, qolgani esa yugur­-yugurga ketadi.

- Uka, sharoitim yaxshi emas. Buncha pul topib bera olmayman. Sal kelishtirib ayting.

-Opa, o‘zingiz iltimos qilganingiz uchun qilayapman. Men bunday ishlarni qilmasdim. O‘zingiz ham bilib turibsiz-ku, pul bermasa ish bitmasligini.

Shundan so‘ng ayol noiloj uning talabimga rozi bo‘ladi.

To‘rt-besh kun o‘tganidan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, «pul tayyor bo‘ldimi?» deb so‘raganimda u hali pul topolmaganini aytdi.

Ammo puli yo‘q odamni tinch qo‘ymadim. Unga qo‘ng‘iroq qilaverib, pulni qistayverdim. Shundan so‘ng ayol bir iloj qilib aytilgan pulni berdi.

Ayolni ishini bitirib berdim. Men uni ishini bitirganimdan emas, u bergan pulni osongina topganimdan xursand bo‘ldim. Ayol, bechora birovlardan qarz havola qilib bergandi. Qarzga botsa ham ishi bitganidan xursand bo‘ldi.

Menga tekindan kelayotgan pullar mazasi yoqib qoldi. Chunki, oylik maoshdan keyingi maoshgacha arang pullarni yetkazar edim.

O‘sha pullardan bozorlik qildim. Uyga kirib borganimda onam ko‘rib:

-Bolam oylik olishingga hali ancha bor edi. Pulingni tejab ishlatsang bo‘lmaydimi? O‘zing qiynalib qolasanu.

-Onajon buni tashvish qilmay qo‘yavering. Endi o‘g‘lingiz katta odam bo‘lyapti.

-Bu nima deganing, tushunmadim.

-Odamlarni ishini bitirib beryapman, deyapman, onajon.

-Xo‘p, bitkazsang, ish haqi olyapsan-u.

-Ha, to‘g‘ri. Lekin o‘sha ishini bitkazib bergan odamlarim menga ko‘nglidan chiqarib suyunganidan suyunchi beryapti.

-Hali, senga qilgan ishing uchun ish haqi olayotganing yetmayaptimi?

-Qanday yetayotganini ko‘rib turibsiz-ku!

-Och qolmayapmiz, shunisiga ham shukr qilgin, bolam.

-Ona, men nima qilay, odamlar o‘zi beryapti.

Bilasizmi, o‘shanda onamga to‘g‘risini ayta olmadim.

-Bersa olaverasanmi? Olma.

-Xo‘p.

Keyingi gal  yana onam:

-Ha, yana oldingmi? – deya kutib oldi.

-Onajon men olmadim.Ular o‘zlari tashlab ketibdi.

Onam bir narsani sezganday olib kelgan narsalarimni yemas edi. Asta:

-Nega yemayapsiz? – deb so‘rasam.

-Meni tomog‘imga tiqilib qoladi, - dedi.

Men nodon shunda ham tushunmabman. Olaveribman.

Mana onasini gapiga kirmagan o‘g‘ilni holi neligini ko‘rib turibsiz.

Qani edi, hammasini ortiga qaytarib, boshqatdan boshlay olsam. Lekin afsuski, iloji yo‘q.

M.ORTIQOVA.

Maktab direktori “tuya yo‘q bo‘lsa, echki ham harna” degandi...

Elyor Tohirjonov mana, qariyb olti yildirki, tumanlardan birida maktab direktori lavozimida ishlab kelardi. Binoyidek faoliyat olib borayotgan, kuyib-pishib ishlayotgan navqiron rahbarni negadir, kutilmaganda nafs qutqusi yo‘ldan ozdirdi. Natijada, qonunbuzilish sodir etildi. Ayrimlarning, aytish mumkinki, aksari odamlarning, tanish-bilish, do‘stu yorlarning u haqidagi toza fikriga qum qo‘shildi. Dilxiralik oraladi.

Hammasi maktab jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Akmal Isroilovning o‘z hisobidan uch oylik ta’tilga chiqishi rejasidan boshlandi. O‘quvchilariga aytgani, “sizlarga endi boshqa opa dars o‘tib turadi”, degani sabab, bolalar orasida ham “jismon o‘qituvchimiz endi kelmas ekan-da, endi kim ustozlik qilarkin”, degan haqli qiziqish-savollar o‘rtaga chiqa boshladi. Direktor Akmaljon ustozning ikki soat darsini bu gap paydo bo‘lganidayoq ko‘zlab yurgani – Sobira ismli ayolga olib beradigan bo‘lib qoldi. Qolgan to‘rt soati Nasibaxon Aralovaga beriladigan bo‘ldi. Biroq, direktor o‘zim xon, ko‘lankam maydon, qabilida ish tutib, bu ish evaziga, har ikki ustozdan (aslida, opa-singildan) pul talab qila boshladi. Havodan tushadigan 100 AQSH dollari!

Ustasi farangroq ekanmi, direktor o‘qituvchilarini pul berishga osongina, xamirdan qil sug‘urgandek ko‘ndirdi-qo‘ydi. Yana, deng, ularning rozilik arizalarini ham olib ulgurdi. Faqat, ish – direktorning murodi chalaroq hosil bo‘ladigan bo‘ldi – opa-singillar o‘zlarida buncha pul yo‘qligini aytishdi. Direktor “yumshadi” – o‘zbek so‘mida bir million bersalar, kifoya! (Nachora, tuya yo‘q bo‘lsa, echki ham harna-da!)

- Ikkingiz ovora bo‘lib yurmay, bir qilib berib qo‘yaqolinglar, - dedi qarshisidagi muloyim o‘qituvchiga, direktor, uning arizasini yozdirib bo‘lgach. Men, buyruqni tezda chiqaraman, darsni o‘taverasizlar, ko‘ngillarni xotirjam qiling, Nasibaxonga ham ayting, Akmal uch oy, dedi-yu, u uzoqqa ketyapti, ishlagani, shuning uchun, u, sentyabrda ham kelmasa kerak, axir, Krasnodar hazilakam yermi?!

- Xo‘p, rahmat, - dedi Sobira Muqiminova.

Albatta, jamoa orasida, o‘zaro muloqotlarda har kimning, ayniqsa, rahbarning xatti-harakatlari, o‘zini tutishi, hamkasblarning fe’l-atvori va turmushidagi o‘zgarishlar muhokama qilinadi, tahlil etiladi. Binobarin, Nasibaxon ham hamkasbiga yuqoridagi holat bo‘yicha gap chiqqanida, “Akmal o‘zi ishlayvermabdi, uning o‘quvchilari ancha to‘polonchi edi, bizlarga ko‘nib-ko‘nikarmikan”, deb qoldi.

- Kim bilsin... Amallaymiz.

Gap aylanib borib, direktor so‘rayotgan bir millionga borib taqaldi. Bu qanchalik qonuniy?! Aslida-ku, bu muallimalar birovning darsini olib ber, deganlari ham yo‘q. Shunday ekan, bu yaxshilikmi yo yomonlik?! O‘y ko‘p, mulohaza qator, jo‘yali javob esa, qish kunidagi quyoshdek hadeganda yuz ko‘rsatavermasdi...

Baribir, rahbarning gapi gap, qolaversa, rozilik arizasi ham yozib bo‘lindi. Ularni hech kim majburlagani ham yo‘q, o‘zlari darrov qo‘l qo‘yib beraqolishdi. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi: bir ish qilib qo‘yiladi-da, keyin shuni qilmasam bo‘larkan degan o‘y kishini tark etmay ketadi. Yursa ham, tursa ham, shu o‘y uni tegrasida aylanaveradi-aylanaveradi...

- Shu direktor hech pulga to‘ymadi-da, dedi Nasiba, - so‘ragani-so‘ragan-a...

- Qo‘yavering, - dedi hamkasbi.

Direktor o‘zining qilayotgan g‘ayriqonuniy so‘rovi uchun go‘yo vijdoni oldida javob ham tayyorlab qo‘ydi: “O‘zimga so‘rayapmanmi bu bir millionni, maktab oldini – kiraverishni obodonlashtirish, rayhon gullari ekish uchun ishlatamiz. Bir so‘mi ham cho‘ntakka tushmaydi uni!”...

Buni puxta qilib, o‘z o‘rinbosariga ham aytdi u, go‘yo, har ikki o‘qituvchi o‘sha bir million so‘m berish orqali, maktabga homiylik qilgan bo‘ladi. Koni savob-ku bu! Tushuntirib qo‘ying shuni, dedi.

Joriy yil aprelida boshqa bir umumiy o‘rta ta’lim maktabiga sport musobaqasiga boradigan bo‘lishdi. Musobaqa ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ayniqsa, bolajonlarning quvonchi cheksiz edi, ular o‘zlariga berilgan “Faxriy yorliq” va sovg‘alarni o‘zgacha g‘urur bilan ko‘tarib turishardi. Shu choqda, “Ketamiz-ketamiz” degan sadolar yangrab qoldi. Har bir maktab rahbari va ustoz-murabbiylari o‘z o‘quvchilarini belgilangan “Damas” yengil avtomashinasiga chiqara boshlashdi. Shu asnoda, direktor Sobirani chetga tortdi va pulni so‘radi.

Olingan bir million direktor ko‘zlagan maqsadlar uchun ishlatilib ulgurolmadi -  u shu kuni, voqea joyining o‘zida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Direktor gul deb tikan bosganini angladi, balki, ammo, endi juda kech, g‘isht allaqachon qolipdan ko‘chgan edi. Uning g‘ayriqonuniy qilmishi jinoyat  ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini tegishli moddalari bandlarida ko‘rsatilgan qilmishni sodir etgan ta’lim muassasi rahbari xatti-harakatlari uchun qonun hukmi, sud xulosasiga ko‘ra, ikki yil moddiy javobgarligi bor mansab vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3-yil muddatga qamoq jazosiga tortildi. Ana shu tariqa, poraxo‘rlikning oxiri voyligi yana bir bora hayotiy tasdig‘ini topdi.

Dilbarxon ABDUMAJIDOVA,

“Adolat mezoni” muxbiri.

“qora qog‘oz ustidagi chumolini ham ilg‘ashi”ni halol yo‘lga ishlatmagach...

Marhamatlik fuqaro Alisher Mirvohidovning bir gektar yeri bo‘lib, u bog‘dorchilikka ixtisoslashgani bois, yer maydonida turli meva va gul ko‘chatlari barq urib o‘sib yotardi. Yashnab turgan chamanzor albatta, o‘tgan-ketganning e’tiborini tortmay qolmaydi: birov havas bilan qaraydi, birov – hasad bilan! Respublika Kadastr agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i To‘xtamurod Taqaboyev ham bu bog‘ga nazar soldi. O‘tkir ko‘z qora qog‘oz ustidagi chumolini ham ilg‘aydi – kadastr boshlig‘i dastlab bog‘bon-sohibkor qurib olgan bog‘ chetidagi inshootga diqqat qaratdi: qonuniymikan, noqonuniymikan?! Albatta, u buni bilardi, bilardi-yu, ammo...

 “Yana o‘n yetti sotix yerni band qilib turibdi bu qurilma... Surishtirish kerak... Bu yerda bir gap bor-ov...”

Boshliqning miyasida shunga o‘xshash fikrlar aylana boshladi.

Albatta, To‘xtamurod bu yerni rahmatli otasi Shakar buvaning maslahati va tavsiyasi, qisman moliyaviy sarmoyasi evaziga kimoshdi savdosidan tom ma’noda qonuniy sotib olgandi. Shundan beri, bog‘ ham bola-chaqasining, ham o‘zgalarning koriga yarab turardi. Xudoga shukur, shu bog‘ bor ekan, dadasi aytmoqchi, ro‘zg‘orida qo‘r, baraka bor... Manglay bog‘lab, tuproq kechganlari o‘z samarasini berdi. Suv ham, xayriyatki, tanqis emas, shundoq bog‘ naryog‘idan katta tashlama oqib o‘tadi.

Yillar oralab, bog‘bon bog‘ chetiga jami 4 xona uy qurib oldi. Aynan, bog‘ga kelgan kadastr tuman bo‘limi boshlig‘i mazkur qurilmalarni noqonuniy ekanini aytdi.

- Buzasiz, vassalom! Bu, qonunga teskari ish!, - dedi u. To‘xtamurod, bu qurilmalarni rasmiylashtirish, maxsus “Uzcosmos”, “E-YER-NAZORAT” kabi avtomatlashtirilgan dasturlarda har bir inshoot, qurilma ko‘rsatilishi kerakligini aytdi.

Bog‘bon-ku, buni tushundi, tushunmay o‘libdimi, naqd to‘rt yil sobiq Paxtachilik instituti tuprog‘ini yalagan, yosh bola ham emas, ammo, ne qilsinki, bu uylarni tiklaguncha, ketgan mablag‘ning xomcho‘ti bir o‘zi-yu, bir Xudoga ayon! Shunday ekan, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, birov shart kelib, “Buz-buz!”, qilsa, u, bir g‘isht emaski, u yerdan bu yerga siljitib qo‘yaverilsa... eh-heyee...

To‘xtamurod noqonuniy qurilma uchun prokuratura organlariga xabar yuborishi, 300 million so‘m jarima solishi va boshqalar haqida aytib ketdi. Bog‘bon qalbida sarosima paydo bo‘ldi: nima qilish kerak?! Qanday qilsa, hammasi qonuniy bo‘ladi?! Eh, o‘zi shu uyni nimagayam qurdim?!...

Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, shu kuni Alisher To‘xtamurodning kabinetiga kirib bordi. “Qurilmamni qonuniy tartibda rasmiylashtirib bering”, deb o‘tindi. Har holda, bu unga yuqorida aytilgan va To‘xtamurodning og‘zi bir chetidan chiqqan jaraq-jaraq pul sarfidan arzonroq tushadigandek, shu bilan ko‘ngli taskin topadigandek tuyulib ketdi.

Kadastr agentligi boshlig‘ining xayolida esa, boshqa narsa, boshqa o‘y aylanardi. U, hozir o‘zini o‘ljasi qarshisida turgan ovchidek his etardi...

- Sizga bir yaxshilik qilaman, - dedi nihoyat, To‘xtamurod Taqaboyev tilga kirib, - shunday qilamizki, six ham kuymaydi, kabob ham. Ya’ni, men, aytgan hujjatlaringizni ham qilib beraman, sudga, prokuraturalarga ham sizni yugurtirib, xabarnoma, dalolatnoma degan qog‘ozlar jo‘natmayman, kelgusida siz aytgandek, o‘zingizga o‘sha 22 sotix yerdagi qurilmalarni rasmiylashtirib beraman. Faqat, buning ozgina chiqimi bor – 6000 dollar berasiz...

Alisher ko‘ndi. Ko‘nmay iloji qancha...

- Tezroq keltirib bering, qancha tez opkebersangiz, ish shuncha tez bitadi, - sha’ma qildi To‘xtamurod Taqaboyev. - O‘ylab ko‘ring... Tezlashing...

Olti ming AQSH dollari...

Ozmunchami bu!

Aytmoqqagina oson. Ammo, bog‘bonning do‘ppisi hozir tor kelib turgandi. Bu zamonda, qonunning aytganini qilmasang, yana bo‘lmasa... Kadastr boshlig‘i ham bir nimani bilmasa, ishonmasa, gapirarmidi?! Shunday bo‘lgach...

Oradan ko‘p o‘tmadi. Aytilgan kuni, belgilangan muddatda To‘xtamurod Taqaboyevning xizmat xonasi eshigi taqilladi.

- Kiravering, - dedi To‘xtamurod Taqaboyev, chehrasi allanechuk ochilib. U soniyalar ichida kaftida paydo bo‘ladigan mablag‘ni o‘ylardi, quvonardi, o‘zida yo‘q shod edi...

- Opkeldim, - dedi bog‘bon, bir bog‘lab xorij valyutasini stol tepasiga qo‘yarkan. To‘xtamurod Taqaboyev uni tezda oldi-yu, ish stoli tortmasiga tashladi. Hujjatlarni tezda rasmiylashtirishini, viloyatga ham bu masalada ancha avval “shipshitib” qo‘yganini ta’kidladi.

- Umringizdan baraka toping, - dedi bog‘bon va xonadan chiqib ketdi. Shu payt, ajabki, xonaga boshqa – chaqirilmagan va kutilmagan mehmonlar kirib kelishdi va o‘zlarining xizmat guvohnomalarini ko‘rsatib, shaxsini tanishtirishdi. Ana shu tariqa, To‘xtamurod Taqaboyevning oldi-berdi savdosiga nuqta qo‘yiladigan bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudida yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisida mana shu masala ko‘rib chiqildi va tamagir mansabdorning yuqoridagi ishlariga qonuniy baho berildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini tegishli moddalari bandlarida ko‘rsatilgan qilmishni sodir etgan To‘xtamurod Taqaboyev sud hukmiga ko‘ra, 2-yil Kadastr ishlari tizimida ishlash vakolatidan mahrum qilinib, 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.

Ikromjon MANSUROV,

 jurnalist.

YARIM STAVKA 400 DOLLAR

Muhabbat Asronova hali tuman maktabiga direktor bo‘lib kelganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lganicha yo‘q edi. O‘tgan yil oxirida maktab direktori Ziyodaxon ismli shaxs ishdan bo‘shadi-yu, o‘rniga Muhabbat keldi. Yangi rahbar o‘qituvchilar bilan murosa qilolmadi, natijada rahbar va xodimlar orasida ko‘plab ko‘ngilsiz holatlar va asabbuzarlik, dilsiyohliklar kelib chiqdi. Ehtimol, bu, yangi rahbarning biroz o‘ziga ishonganligi, qolaversa, mol-dunyoga andak ishtiyoqmandligi sababidandir?! Yana kim bilsin?!

            - Men, - dedi yangi direktor kabinetiga kirgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar,-xabaringiz bor, necha yillardan beri bir stavka ishlab kelyapman. Qolgan 0,5 stavka bo‘sh turibdi. Shuning uchun, qolgan yarim stavkaga xodim topish kerak...

            - Toping, - dedi direktor qisqa qilib.

            Otajonov yaqin bir tanishini ko‘z oldiga keltirdi. Qachondan beri bu oliy ma’lumotli yigit ishsiz yuribdi. Oilasi bor, uni boqish kerak...

            - Bizda yarim stavka ish bor, ishlaysizmi? - Otajonov kunda-kun ora ko‘rib turadigan tanishini qishloqning toshloq yo‘lida uchratgach, quvonib ketdi va darrov unga o‘z maktabidagi holatni tushuntirdi. “Direktor yangi, Muhabbatni taniysiz, ammo-lekin, sal injiqroq, shuning uchun eplab, kelishib ishlaysiz”, qo‘shimcha qildi gap orasida o‘rinbosar.

            Oradan ko‘p o‘tmay, yangi nomzod – asli mutaxassisligi tarix o‘qituvchisi maktab direktoriga olib kelinib, tavsiya qilindi.

            - Yaxshi, men buyruq chiqaraman, ammo, u 400 dollar berishi kerak, - dedi ochiqdan ochiq.

            Otajonov hayron bo‘lib qoldi va bu holni borib yangi o‘qituvchi bo‘lmishga – tanishiga yetkazdi.

            Chindan ham Tolib Otajonov bir necha yillardan beri shu qishloq maktabida ishlab kelar, uning qarindoshlari ham deyarli shu maktabda faoliyat yuritib kelayotgan kimsalar edi.

            - Bir so‘m ham bermayman, - dedi Olimjon. Chunki, u direktorning xatti-harakatlari qonunga zid ekanligini bilib turardi. Bu yoqda yangi direktor keladigan mo‘may pul ilinjida ancha sarmast va baxtiyor edi. Hali mansabga o‘tirganiga hech qancha bo‘lmay, daromad orttirish, yana buning tekin va g‘ayriqonuniy yo‘lini tuta boshlagan bu rahbar ishi bilan yer tagida ilon qimirlasa biladigan viloyat qonun himoyachilari va huquqni muhofaza qilish organi xodimlari shug‘ullana boshladilar.

            Otajonov yana direktor yoniga keldi.

            - Mana, yangi xodimni olib keldim, - dedi u.

            - Chiqib turaversin, - dedi biroz u yoq-bu yoqdan so‘ragan bo‘lgan direktor betoqatlanib. Olimjon eshikni yopishi bilan, “mening aytganim bo‘ldimi?”, deb so‘radi.

            - Albatta, - dedi o‘rinbosar va pulni stol ustiga qo‘ydi:

            - Mana!

            Direktor to‘rt dona yangi xorij valyutasini olarkan, qalbida qandaydir quvonch paydo bo‘ldi. Ammo, u hali rejasi puch ekanligini, birovning bergani hazm bo‘lmasligini bilmas, bilsa ham, nafs oldida bu haqiqatni tan olishga ojiz edi. Shu kuni u qonun nozirlari tomonidan ashyoviy dalillar, tegishli xolis guvohlar ishtirokida qo‘lga olindi.

            Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudida ko‘rilgan jinoyat ishida, yangi rahbarning qonunga zid xatti-harakatlariga odilona baho berildi. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksi tegishli modda va bandlariga ko‘ra aybli deb topilgan Muhabbat Asronova qilgan jinoiy ishi uchun 2-yil rahbar va moddiy javobgarligi bor lavozimda ishlamaslik sharti qo‘yildi, 2-yilu 1 oy, 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

            Maktab – pokiza joy, u istiqbol ostonasi. Hammamiz shu maktab dargohidan uchirma bo‘lganmiz, kamol topganmiz. Shunday muqaddas makonni oldi-berdi savdoxonasiga aylantirish, yaxshi niyatdagi oliy ma’lumotli bir shaxsni ish bilan qonuniy ta’minlab, o‘z hamqishlog‘iga yaxshilik qilish o‘rniga, uning cho‘ntagiga ko‘z olaytirgan murosasiz direktorning xurmacha qiliqlari ana shunday oqibatlarga tolib keldi.

Ikromjon MANSUROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan illat

Korrupsiya jahon miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan jahonshumul muammolardan biridir. Korrupsiyaning har qanday davlat va jamiyatning siyosiy–iqtisodiy  rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.

Yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurashish va uni ildizi bilan yo‘q qilib yuborishga qaratilgan chora-tadbirlar barcha huquqni muhofaza qilish organlar faoliyatini qamrab olmoqda.

Shu qatorda prokuratura organlari ham korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida prokuratura va iqtisodiy jinoyatlarga kurashish departamenti tomonidan bir qator dasturlar ishlab chiqilib ular bo‘yicha salmoqli va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Biroq, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan viloyatimiz hududida davlat tashkilotlari xodimlari va boshqa fuqarolar tomonidan korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yish holatlari hamon kuzatilmoqda.

Xususan, 2024-yil 12-noyabr kuni fuqaro B.O.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahar soliq inspeksiyasi “Mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘basi” davlat soliq bosh inspektori davlat organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, B.O.ning manfaati uchun tegishli harakatlarni bajarish vakolatiga ega bo‘lmasa-da, o‘z xizmat mavqeidan, ya’ni ushbu harakatlar boshqa mansabdor shaxs tomonidan bajarilishi uchun chora ko‘rishi mumkinligidan foydalanganligi ma’lum bo‘ldi. Ariza muallifi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa-da, Andijon shahar, Xursandlik MFY, Xidiraliyev ko‘chasi, 128-uyda joylashgan manzilda tadbirkorlikning “kompyuter o‘yinlari klubi” faoliyatini davom ettirib kelayotganligini aniqlandi. Ushbu faoliyat bilan ruxsatnomasiz, nazorat kassa mashinasi o‘rnatmasdan shug‘ullanib kelayotganligi yuzasidan tekshirish o‘tkazmaslik, pora berayotgan B.O.ning manfaatlarini ko‘zlab, unga nisbatan chora ko‘rmasligi va kelgusida unga rahnamolik qilib turishini aytadi. Noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan har bir oy uchun tamagirlik yo‘li bilan 500.000 so‘mdan, ya’ni 2024 yil oktyabr-noyabr oylari uchun undan 1.000.000 so‘m pullarni pora tariqasida talab qiladi. Ushbu pul mablag‘larini olish qonunga xilof ekanligini bila turib, Andijon shahar, Xursandlik MFY hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan qo‘zg‘atilgan va Andijon shahar soliq inspeksiyasi “Mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘basi” davlat soliq bosh inspektoriga nisbatan “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi sudga yuborilgan. Sudning hukmi bilan jazoning muqarrarligi ta’minlangan.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladi-ki, har bir korrupsiya holatlari bo‘yicha qonun ustuvorligi va jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.

Shunga ko‘ra, mamlakatimizning kelajagini va obro‘-e’tiborini qadrlaydigan har bir fuqaro korrupsiyaning zararli oqibatlarini doimo esda tutmog‘i va unga qarshi kurashmog‘i shart. Zero korrupsiyaga qarshi kurashish – jamiyat taraqqiyotining asosidir.

T.Arslanov,

Andijon viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.

FIRIBGARLIKNI O‘ZIGA KASB QILIB OLGANLAR

Aytish joizki, qanchalik tashvishli bo‘lmasin so‘nggi yillarda respublikamiz hududida firibgarlik jinoyatlarining salmog‘i birmuncha oshganligi kuzatilmoqda.

Albatta, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari ko‘rib borilyapti. Chunki, bu illatga nisbatan o‘z vaqtida barham berilmas ekan,  fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar yetishi davom etaveradi.

Achinarlisi, ba’zi fuqarolarimiz muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun sudlangan bo‘lsa-da, go‘yoki ushbu illatni o‘ziga kasb qilib olgandek kelgusida yana qayta jinoyatga qo‘l urishmoqda. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining navbatdagi sud majlislarining birida xuddi shunday shaxslardan biri ilgari aynan shu kabi firibgarlik jinoyatlari uchun jazo o‘tab chiqqanidan va ikkinchi jinoyati uchun hali jazo o‘tayotganidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan qasddan yana takroran firibgarlik jinoyatlari sodir etganligi uchun Izboskan tumanida yashovchi fuqaro Gulrux Eshonovaga nisbatan jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Bu gal u o‘zi kabi muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etib, sud tomonidan berilgan jazoni o‘tayotgan Barno O‘rmonova bilan bir guruh bo‘lib birlashadi. Ular “ishga joylab qo‘yaman”, deb odamlarni aldab, ko‘pchilikni chuv tushirdi.

Gulrux 2022-yilning avgust oylarida Izboskan tumani shoshilinch tez yordam bo‘limida ishlovchi Dilnura bilan tanishib qoladi. Gulrux uning ishonchiga kirish maqsadida tanishlari borligini, agarda tibbiyot birlashmasiga ishga kirmoqchi bo‘lgan shaxslar bo‘lsa unga aytishini ma’lum qiladi.

2023-yilning mart oyida Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi ikki nafar Gulxayo va Hamidalarni Izboskan tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga kiritib qo‘yish uchun Dilnura orqali har biridan 500 dollardan Izboskan tuman tibbiyot birlashmasida oladi. U jami 1000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

2023-yilning iyun oyida tanishi Barno bilan birga Dilnuraning boshqa ikki nafar tanishlarini ham Izboskan tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga olib kirib qo‘yishlik masalasini ijobiy hal etib berishini aytib, ulardan jami 800 AQSH dollari va 500 ming so‘m pullarni oladi.

So‘ngra ushbu pul mablag‘larini Barno bilan 400 AQSH dollaridan teng bo‘lishib, so‘ngra ushbu pul mablag‘larini o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

2023-yil 16-avgust kuni Dilnura Gulruxga telefon qiladi:

-Opa, yana ikki tanishim ham hamshiralikka kirmoqchi.

-Bo‘ldi, hal qilamiz. Hozir qayerdasiz?

-Ishxonadaman. O‘zingiz qayerdasiz?

-Men Andijon shahridaman. Yarim soatlarda yetib boraman.

Shundan so‘ng, u Barnoga qo‘ng‘iroq qiladi:

-Qayerdasiz?

-Uydaman. Tez TTBga chiqing. Dilnura telefon qildi. Yana ikki qizni hamshiralikka joylash kerak ekan.

-Hozir 15-20 daqiqalarda o‘sha yerda bo‘laman.

Ular soat 15:00 lar chamasi Izboskan tuman tibbiyot birlashmasiga kelib Dilnura bilan uning ish joyida ko‘rishgani, o‘zaro suhbatlari davomida Dilnura ularga ikki nafar tanishlari Izboskan tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga kirmoqchi ekanliklarini aytadi.

-Bularni ishga joylashni qanday qilib hal qilasizlar?

-Meni oblzdravda tanishim bor. O‘sha orqali hal qilaman, - deydi Barno. Shundan keyin Dilnura 1000 dollarni Barnoga beradi. Barno olgan pullaridan 100 dollarini Dilnuraga qaytarib beradi.

-Avvalgi olganlarimizni pullari hisobidan qaytaryapmiz, - deydi.

Ularning harakatlaridan shubhalangan ayol mazkur holat yuzasida huquq tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qiladi. Ikki firibgar ayol pullarni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Sud hukmiga ko‘ra, Gulrux Eshonova va Barno O‘rmonovalar Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 3-qismining “b” bandi va 28, 211-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybli deb topildi.      

O‘zbekiston Respublikasi JKning 60,61-moddalariga asosan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining hukmi bilan tayinlanib hozirda o‘talmagan jazo muddatlarini o‘zaro qisman qo‘shish yo‘li bilan har ikkisiga uzil-kesil o‘tash uchun 5 (besh) yil 2 (ikki) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A.NAZIRBEKOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining raisi.

Жиноят ва жазо

BIROVGA CHOH QAZISANG....

 Lazokat Ergasheva biron joyda foydali mehnat bilan shug‘ullanmaydi.

“Mehnat qilib sariq chaqa topguncha, ishonuvchan odamlarni aldash orqali topish osonroq. Qolaversa, bunda birdaniga ko‘pgina topish mumkin.” deya o‘ziga firibgarlikni kasb qilib oladi.

Albatta qonunga zid ish fosh bo‘lmay qolmaydi. Uni avvalgi ana shunday xatti-harakatlari uchun muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudining 2020-yil 13-martdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 28-, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 6 oy 18 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Hozirda ushbu jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, jazo ijro etilayotgan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, yana jinoyat yo‘liga qadam bosadi.

Lazokat xavfli  retsidivist  bo‘lgani holda, takroran  jinoyat sodir etish yo‘liga kirib, noqonuniy yo‘llar  bilan daromad  orttirishni o‘z oldiga maqsad qilib, ushbu  g‘araz va past maqsadini  amalga oshirish yo‘lida faol harakat qiladi.

Kunlardan bir kuni Lolaxon Jalilovaning uy-joyga ehtiyoji borligidan xabar topadi. Uni oldiga borib:

- Lolaxon, turmush sharoitingizdan xabarim bor. Shuning uchun sizga yordam bermoqchiman.

- Voy singlim, meni taniysizmi?

- Ezgu ish qiladiganlar tanimaganlarga ham yordam beraveradi.

- Shundaymi? Qanday yaxshi ayol ekansiz.

- Ha, endi siz kabi opalarga yordam beraylik deb yuribmiz-da.

- Juda yaxshi, xursandman.

- Endi menga ishonsangiz, bor muammoyingizni aytib bering.

- Oilaviy sharoitimdan xabardor ekansiz. Davlat tomonidan tekinga beriladigan uydan olmoqchiman. Bir necha yildan beri yuguraverib, sillam quridi. Ololmayapman.

- Ha, opa. Shu ham muammo bo‘libdimi?

- Ha, singlim, men uchun muammo. Chunki hal bo‘lmayapti.

- Hech tashvishlanmang. Muammoyingizni hal etishda ko‘maklashaman.

- Muammoyim bilan shug‘ullanadigan tashkilotda ishlaysizmi?

- Yo‘q, men ishlamayman. Tanishim bor. O‘sha orqali muammoyingizni hal qilamiz.

- Qaniydi, hal bo‘lib qolsa.

- Siz kerakli odamlarga uchramagansiz.

- Kimga uchrashni bilmadim-da!

- Mana men sizni ana shunday insonlarga uchrashtirib qo‘yaman.

- Qanday yaxshi.

- Endi, opajon. O‘zingiz bilasiz. Har bir ishni hal qilish uchun chiqimini ko‘tarish kerak bo‘ladi.

- Chiqimi qancha bo‘ladi?

- 1500 dollar bersangiz bo‘ldi. Birinchi beriladigan uy ro‘yxatiga kiritib qo‘yadi.

- Menda buncha pul yo‘q-da.

- Mayli bor pulingizni berib turavering. Keyin qarindosh va tanishlaringizdan olib beraverasiz.

- Bo‘pti, agar hal bo‘ladigan bo‘lsa berganim bo‘lsin!

Ular bir birlarini telefon raqamlarini yozib olgach, xayrlashdi.

Lolaxon uyiga kirib, o‘ylandi. “Yaxshi ayol ekan. O‘zi uchun oladimi desam, bunaqaga o‘xshamayapti. Mashinasi bor ekan, nazari to‘q ayolga o‘xshayapti. Mayli, yomon gumonga bormay. Ishni bitkazaman deyapti-ku! Tanishi ham viloyatda ishlarkan. Oson bitkazsa kerak.”

Ertasi kuni Lazokat Lolaxondan talab qilingan pullardan 350 AQSH dollarini oladi.  Oradan ikki kun o‘tib yana 200 AQSH dollarini olish uchun borganda o‘zining boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashina salonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Endi Lazokatni fikri xayoli qanday qilib bo‘lsa ham jazodan qutilib qolish bo‘ladi. Shuning uchun advokatlar oldiga boradi.

- Aka, boshimga ish tushdi.

- Nima bo‘ldi?

- Bitta uyga muhtoj ayol yordam bering deb kelgan edi. Unga rahmim kelib, yordam bermoqchi bo‘ldim.

- Beminnat yordam bo‘lmagandir.

- Albatta, bilasizu, har qanday ish chiqimsiz hal bo‘lmaydi. Men ham o‘zimga emas, ishni hal qiladiganlarga berish uchun so‘ragan edim. Pastkash 1500 dollarni ham bo‘lib-bo‘lib berayotgan edi. Shunday bo‘lsa ham meni ushlatib qo‘ydi. Jinoyat ishi Andijon shahar prokuraturasining ish yurituvida. Mana shu jinoyat ishida advokat bo‘lib yordam bersangiz.

- Bo‘pti, belgilangan to‘lovlarni to‘lasangiz, yordam beraman.

Shundan keyin advokat ish boshlaydigan bo‘ldi.

Lazokat ertasi kuni kelib:

- Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashmoqchi.

- Garov qo‘llashni so‘rab ko‘raman.

- Siz so‘rab ko‘rmang, shuni hal qilib bering. Qancha demangiz beraman. Faqat qamoqni qo‘llashdan olib qoling.

- Menga pulingiz kerak emas. Bu masala qonun doirasida ko‘rib chiqiladi. Lozim topsa, garov sifatida ochiqda qolishingiz mumkin.

Lazokat advokatni oldidan chiqib, “Meni gapimga kirmaganlarni holi nima bo‘lishini ko‘rasan.” deya to‘g‘ri huquqni muhofaza qiluvchi organga bordi. Advokati Fayzulla mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Lazokatga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamasligi uchun undan 5000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilganligi to‘g‘risida yolg‘on xabar berib, bila turib himoyachini  pora talab qilishda ifodalangan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganligi bo‘yicha ayblash bilan tuhmat qildi.

Olib borilgan surishtiruv va tergov harakatlari davomida har bir xatti-harakatga huquqiy baho berildi. Shunday qilib, L.Ergasheva o‘zining yuqoridagi barcha jinoiy harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” “g” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “b” bandi, 25,168-moddasi 4-qismi “b” bandi, 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi va 237-moddasi 2-qismi “b” “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan.

Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakunlanib, ayb e’lon qilinib, sud muhokamasiga yuborildi.

Lazokat xalqimizning “Birovga choh qazisang, o‘zing tushasan” degan maqolni unutib qo‘ydi. Oxir oqibat panjara ortiga yo‘l oldi.

Har qanday jinoyat jazosiz qolmaydi.

Dilbar Abdumajidova,

“Adolat mezoni” muxbiri.

MAKTAB DIREKTORINING IMZOSI 4500 DOLLAR

Baliqchi tumanidagi maktablarning biri joylashgan mahalla “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritiladi. Natijada maktab ham mukammal ta’mirlanadigan bo‘ladi.

Qurilish bilan shug‘ullanadigan  MCHJ tomonidan maktabni mukammal ta’mirlash ishlari boshlanadi. Noyabr oyida topshirilishi belgilangan obyekt belgilangan vaqtda topshirilmaydi. Keyingi yil yanvar oyida topshiriladi. Mart oyi oxirlarida maktab direktori Qosimjon Ahmedovning oldiga MCHJ rahbari Tohir Yunusov keladi.

-Aka, mana ko‘rib turibsiz, mukammal qurilish ishlari tamomladik. Shunga dalolatnomaga imzo qo‘yib berasizmi? – deb kelgandim.

Ular birga aylandi va qolib ketgan ancha-muncha ishlar borligi ayon bo‘ldi.

-Bularni qachon qilasiz?

-Hisob-kitob qilgani kelaman.

Oradan 1 oy o‘tgach Tohir keldi.

-Qolganiga qancha mablag‘ ketarkan?

-15-30 million so‘m.

-Aka, menda bir taklif bor.

-Qanaqa taklif?

-Shu desangiz, maktabga do‘kon qurmoqchi edim. Shunga qurilish mablag‘ini 1 foizini, ya’ni 50 million so‘m bersangiz bitkazib olardim. Qolaversa aytgan dalolatnomalaringizga ham qo‘l qo‘yib berardim.

-Mayli, unda pulni so‘mda beraymi yoki dollarda?

-Dollar bo‘lgani ma’qulroq. 

-Unda siz aytgan summa qancha bo‘larkin. Hisoblab ko‘raylik.

-4500 dollar bo‘larkan.

-Men dollar qilib bo‘lgach telefon qilaman.

-Bo‘pti.

Qosimning qo‘l telefoni jiringladi. 2022 yilning 2 iyun kuni edi.

-Qosimjon kelishgan dollar tayyor bo‘ldi. Qayerdasiz?

-Maktabdaman.

-Boryapman.

Tohir to‘g‘ri maktab direktorini xonasiga kirib bordi. Qosim undan dalolatnomalarni olib,

“Tanishib chiqaman” deb seyfiga solib qo‘ydi.

Tohir dollarlarni stol ustiga qo‘ydi. Qosim qilayotgan ishi qonunga zid ekanligini bilgani uchun ichki qo‘rquv bosdi. Uni qo‘liga ololmadi.

-Sanang-chi, to‘g‘rimi? – dedi.

Tohir qo‘li bilan ushlab sanab berdi. Qosim esa stoli ustidan bitta oq qog‘oz olib, unga berdi.

-Mana shunga o‘rang.

-Xo‘p. – dedi va Tohir qog‘ozga olib kelgan dollarlarni o‘radi.

Qosim esa yana bir maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qildi.

-Yig‘ilishga birga boramiz. Tashqariga chiqib turing, olib ketaman, - dedi.

Shundan so‘ng Tohir bilan Qosimni mashinasiga o‘tirdilar va ularni kutayotgan maktab direktori yoniga to‘xtadi.

Qosim mashinadan tushdi. Hamkasbi yoniga borib, Tohirni ko‘rsatib:

-Shu yigit 50 million so‘m pul olib keldi.

-Dalolatnomaga qo‘l qo‘yib bermadingmi?

-Yo‘q.

Unda ketdik. Ular mashinaga o‘tirdilar. Tohir mashinaga chiqqan kishi bilan qo‘l berib ko‘rishdi.

-Pullarni shu akaga berib qo‘ying, - dedi Qosim.

Tohir qog‘ozga o‘rog‘lik pullarni berdi. U kishi esa cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Qosim:

-Pullarni ertaga olaman, - dedi...

Lekin, qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi. U pullar unga buyurmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

 Mazkur ish yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borildi. Yakunida sudga yuborildi.

Sud tomonidan Qosim Ahmedovga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 2 yilga davlat tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

M.BOLTABOEV,

Andijon viloyat prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i.

KREDIT OLIB BERISHNING “NARXI” QIMMATGA TUSHDI

Farg‘ona shahridan Andijonga yo‘lga chiqqan avtomashinadagi yo‘lovchi ayollar o‘zaro suhbatlashib kelayotgan edi. O‘zini Barchinoy deb tanishtirgan ayol bankda stajyor bo‘lib ishlashini aytdi. Shunda suhbatdoshi bo‘lgan Nodira:

Opa, tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqchi edim. Mablag‘dan sal qiynalyapman. Shunga bankdan kredit olsammi deb turgandim.

-Ha, bemalol bo‘ladi. Hozir tadbirkorlikka deb imtiyozli kreditlar chiqarilyapti.

-Menga yordam berasizmi?

-Ha.

Mana shu suhbatdan keyin ular o‘zaro telefon raqamlarini almashdi. Nodira uyiga borib Barchinoy haqida qarindoshi Dilraboga ham aytdi. Oradan bir-ikki kun o‘tgach, ular Barchinoyga telefon qildi va Andijon shahridagi Yangi bozor hududida uchrashishga kelishdi.

Dastlabki uchrashuvda Barchinoyga Dilrabo:

-Menga ham kredit olishda yordam berasizmi? – dedi.

-Ha.

-Kreditga hujjatlarni tayyorlanglar. Sizlar aytayotgan bank kredit foizi yuqori. Shuning uchun foizi pastroq bo‘lgan bankdan olib beraman. Buning uchun 30 million so‘mga 1 milliondan xizmat haqi berasizlar.

-Bo‘ldi, biz rozimiz.

Nodira va Dilrabo kredit hujjatlarini tayyorlab, Barchinoyga telefon qildi. Ular Andijon shahridagi kafelardan birida uchrashishdi va kelishilgan summani berdi. Kredit hujjatlarini esa Barchinoy aytgan bangga olib borib topshirishdi.

Hadeganda kredit chiqmadi. Nodira Barchinoy telefon qilib kredit qachon chiqishini so‘radi.

-Yana 1 million bersanglar tezlashar edi, - dedi Barchinoy.

-Mayli, olib borib beraman. Qayerda uchrashamiz.

-Eski shaharda.

Barchinoyni navbatdagi so‘ragan pulini ham berishdi. Lekin kreditdan esa darak bo‘lmadi.

Navbatdagi qo‘ng‘iroqdan so‘ng Barchinoy tezlatib beradigan odam topganligini, faqat u 200 dollar so‘rayotganligini aytdi.

Nodira bu pulni tayyor qilgach, qo‘ng‘iroq qilishini bildirdi.

Barchinoy Nodirani bu galgi qo‘ng‘irog‘ini ko‘rgach, sal yengil tortdi. Chunki bu muammodan qutilaman, deb o‘ylagan edi.

Ha, bu gal Barchinoy butkul qutildi. U Nodiradan pulni olgach, huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi. Olib borilgan surishtiruv-tergov ishlaridan so‘ng sudda ko‘rib chiqildi.

Barchinoy Aliyevaga sud tomonidan jazo tayinlashda Jinoyat Kodeksining 55-moddasiga asosan, uni aybiga to‘la iqror va chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini, onasi og‘ir kasalligini, oilada yagona boquvchi ekanligini, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini, jabrlanuvchilarni unga nisbatan da’vosi yo‘qligini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanayotganligini inobatga olindi.

Unga nisbatan qonun sanksiyasi doirasida ilgari sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qo‘shib uzil-kesil o‘tash uchun har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 3-yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Voxidjon Tojiddinov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi

Scroll to Top