Illatni yeng, yurtdoshim!
Tasavvur qiling boshqalar uchun qiyin va yechilishi murakkab bo‘lgan masalani yechish siz uchun oson bo‘lsa, aynan siz bajarib turgan turgan vazifa o‘sha odamlar zarurati uchun bo‘lsa siz qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Bu savolim qiyinlik qilgan bo‘lsa, faraz qilishingiz uchun namuna sifatida xohlagan bir kasbni misol qilib olishingiz mumkin? Siz bajarayotgan ishga ko‘p odamlar muhtoj va ular ichida qariyalar, yoshlar, qarindoshlar va yot odamlar bor. Agar bir tartibda desangiz orqada sizning qarindoshlaringiz, tanishlaringiz va hurmatli obro‘li, boy va yuqori lavozimda ishlaydigan odamlar qarab turgan bo‘lsa. O‘ylab ko‘ring, menimcha, bu siz uchun qiyin.
Ammo shunday odamlar borki, bu masalani o‘z nafsi uchun pullik tomonini ma’qul topadi. Bu holatni hozirgi kundagi zamonaviy nomlanishi korrupsiya deb ataladi. Qadimda bu holat qanday atalgani men uchun noma’lum, lekin bu holat bir asrlar oldin boshlangan deb o‘ylayman, ammo bu darajada bo‘lmagani aniq. Bugungi kunga kelib bu illat shunday rivojlanyaptiki bunga barham berish uchun butun dunyoda kurash boshlangan. Ko‘plab idora – tashkilotlar kirish qismi devorlariga eslatmalar ilib tashlangan. Korrupsiya uchun qonunchiligimizda muqarrar jazo tayinlangan lekin bu hali ham davom etmoqda va ko‘zga ko‘rinmasligicha qolmoqda.
Korrupsiya ichimizda, uni har kim o‘zi yengishi kerak. Bu narsani odam ichida shakllanishi nafsining ko‘yiga kirishi degan bo‘lardim. Bunga qo‘l uruvchi har ikkala “beruvchi va oluvchi” tomon ham bir narsani tushunishi vijdoni va qonun oldida javob berishini unutmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida korrupsiya uchun qanday muqarrar jazo berilishi ko‘rsatib qo‘yilgan.
Siz-chi! Siz kimni ko‘proq aybdor deb topgan bo‘lar edingiz o‘z nafsini quli bo‘lgan oluvchinimi yoki har narsani pul bilan sotib olsa bo‘ladi deb yo‘l tutadigan insonnimi?
Xulosa chiqarish o‘zingizdan chunki korrupsiya bilan shug‘ullangan odamni faqatgina qo‘lga tushganidagina taniysiz xolos. Katta daraxtni egib-bukib xam to‘g‘rilab bo‘lmaganidek, korrupsiyaga aqlini tanigan va lavozimda o‘tirgan insonlar orasida sodir etilyapti. Bu illatni o‘sib kelayotgan yosh avlodga qanday yomon ekanligini ko‘rsata olsak, korrupsiyani tag-tomiriga bolta urgan bo‘lar edik. Umid qilib qolamizki, har bir inson egallab turgan amalida yoki lavozimida vijdonan ishlay olsa, kelajakda bizning mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishamiz.
Maqolamni “Illatni yeng, yurtdoshim!” deb nomlangan she’rim bilan yakunlayman.
Insoniylik kela qol,
Korrupsiya ket yo‘qol.
Bizning shior to‘g‘rilik,
Senda bordir o‘g‘rilik.
Bunga bizlar qarshimiz,
Yutsak seni baxtlimiz
Vijdon bilan ishlasak.
Bo‘lar shunda kelajak.
Davlatimiz yuksalsa,
To‘g‘rilikka burkansa,
Birlashishdir sof niyat,
Shunda o‘sar jamiyat.
Ilxomjon Mamasoliyev.
Ta’limda korrupsiya – kelajakka xavf
Korrupsiya – jamiyatning yashirin dardi.
Bugungi globallashuv davrida korrupsiya dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud muammo sifatida qaralmoqda. U iqtisodiyotdan tortib siyosatgacha, sog‘liqni saqlashdan tortib ta’lim tizimigacha kirib bormoqda. Eng achinarlisi, ta’lim maskanlarida korrupsiya kuchayishi nafaqat o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazadi, balki butun jamiyatning kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.
Bilim qadri pulga tenglashib qolyaptimi?
Ta’lim tizimida korrupsiya ko‘rinishlari ko‘p uchraydi. Ayrim o‘quvchilar imtihonlardan o‘tish yoki yuqori baho olish uchun o‘qituvchiga pul taklif qilishadi. Ba’zida talabalar o‘qituvchilarning tug‘ilgan kunlari yoki bayramlarda sovg‘a berishga majbur bo‘lishadi. Bu oddiy hol emas, balki korrupsiya deb ataluvchi og‘ir illatdir.
Keng tarqalgan shakllar quyidagilar:
- Bahoni sotib olish – pul yoki qimmatbaho sovg‘a evaziga baho qo‘yish.
- Imtihonlarda adolatsizlik – moddiy manfaat yoki tanish-bilishchilik asosida baholash.
- Majburiy sovg‘alar – bayram yoki tug‘ilgan kun bahonasida sovg‘a qilishga majburlash.
- Pullik darslarga majburlash – ayrim o‘qituvchilarning o‘quvchilarni faqat o‘zidan qo‘shimcha dars olishga undashi.
Bunday illatlar oqibatida halol mehnat qiluvchi, bilimga chanqoq o‘quvchilar kamsitilib, pul evaziga natijaga erishuvchilar ustunlikka ega bo‘lib qolmoqda.
Yoshlarning kelajagi bilan o‘ynash – jamiyat kelajagi bilan o‘ynash
Korrupsiya oddiygina bir shaxsning manfaatini emas, balki butun jamiyatning kelajagini xavf ostiga qo‘yadi. Chunki:
- Bilim emas, pul hal qiladi degan noto‘g‘ri qarash shakllanadi.
- Malakasiz mutaxassislar ko‘payadi.
- Jamiyatda adolat va halollikka bo‘lgan ishonch susayadi.
- Taraqqiyot sur’atlari sekinlashadi.
Ertaga korrupsiyaga o‘rgangan yosh yurtning rahbari yoki mutaxassisi bo‘lsa, u halollikni emas, manfaatni tanlaydi. Bu esa davlat rivojiga katta zarba beradi.
Statistik ma’lumotlar – muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ta’lim tizimidagi korrupsiya o‘quvchilarning bilim darajasini sezilarli pasaytiradi. Jamiyatda esa “Bilim emas, pul hal qiladi” degan xatarli qarash ildiz otadi. Natijada malakasiz mutaxassislar ko‘payib, davlatning iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlanishida jiddiy muammolar yuzaga keladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash – umumiy vazifa
Ta’lim tizimidagi korrupsiya bilan kurashishda faqat hukumat yoki ta’lim vazirligining choralari yetarli emas. Bu – butun jamiyatning umumiy vazifasidir. O‘qituvchi, o‘quvchi, ota-ona va jamoatchilik bu illatga qarshi birdek kurashishi lozim.
Shu maqsadda quyidagi choralarni amalga oshirish muhim:
- Baholash tizimida shaffoflikni ta’minlash.
- Imtihonlarni elektron nazorat ostida o‘tkazish.
- O‘qituvchilarning moddiy sharoitini yaxshilash.
- Ota-onalarni jarayonga faol jalb etish.
- Yoshlar o‘rtasida halollik va adolat g‘oyalarini keng targ‘ib qilish.
Xalqaro tajriba nimani ko‘rsatadi?
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyaga qarshi kurashgan davlatlar qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishgan. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda imtihonlar onlayn tarzda, maxsus nazorat kameralari ostida o‘tkaziladi. O‘quvchilarning bilimini baholashda inson omili minimal darajaga tushirilgan. Bunday tizim halollikni ta’minlash bilan birga, o‘quvchilarni haqiqiy bilim olishga undaydi.
Halollik – kelajakning poydevori.
Ta’lim – yurt kelajagining poydevori. Agar bu poydevor korrupsiya bilan bulg‘ansa, kelajak ham xatar ostida qoladi. Shunday ekan, bugun har birimiz korrupsiyaga qarshi kurashda o‘z hissamizni qo‘shishimiz shart.
O‘qituvchi – halollik timsoli, o‘quvchi esa mehnat va bilim timsoliga aylansa, ta’lim tizimi chinakam ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘iga aylanadi. Faqat bilim va mehnatgina insonni yuksaklikka olib chiqishini yoshlar anglab yetgandagina, yurtimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori yaratiladi.
Roziya Sharipova.
Halollik yo‘qolganda – jamiyat yemiriladi
Korrupsiya – bu faqatgina pora berish yoki olish emas, balki jamiyatning eng katta illatlaridan biridir. U hayotimizning deyarli barcha jabhalariga kirib borgan, odamlarning ishonchini yemiradigan, adolatni yo‘q qiladigan illatdir. Illatning mohiyati shundaki, kimdir o‘z manfaati uchun qonunni, tartibni buzadi va buning evaziga jamiyat zarar ko‘radi.
Korrupsiya nimadan boshlanadi?
Ko‘pchilik korrupsiyani faqat katta rahbarlarning ishi deb o‘ylaydi. Ammo aslida u juda oddiy narsalardan boshlanadi. Kimdir o‘qishini ko‘chirish uchun pul berdi – bu ham korrupsiya. Kimdir do‘konchidan navbatni pulga sotib oldi – bu ham korrupsiya. Kimdir tanishi orqali ishlashga kirib, haqiqatdan ishlashga loyiq odamni siqib chiqardi – bu ham korrupsiya. Mana shu kichik-kichik illatlar yig‘ilib, katta muammoga aylanadi. Shu sababli ham korrupsiyani yengish uchun avval o‘zimizni tuzatishimiz shart.
Korrupsiya – bizning tanlovimizmi?
Ha, bu tanlov. Har birimizda ikki yo‘l bor: to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘l. Noto‘g‘ri yo‘l ko‘rinishda foydali bo‘lishi mumkin: pul berasan va natija olasan. Lekin uzoq muddatda bu jamiyatni yemiradi. To‘g‘ri yo‘l esa mashaqqatli, lekin kelajagi porloq. Agar bugun o‘zing halol bo‘lsang, ertaga farzanding ham shu yo‘ldan yuradi. Agar bugun “pul bilan hammasi hal bo‘ladi” degan fikrni singdirsak, ertaga shu farzand davlatning boyligini yeb bitiradi.
Korrupsiyasiz dunyo qanday bo‘lishi mumkin edi?
Bir tasavvur qiling: dunyoda korrupsiya yo‘q. Imtihonda bilimli talaba o‘qishga kiradi, ishga eng malakali kadr olinadi. Yo‘llarimiz mustahkam, shifoxonalarimizda sharoitlar yetarli, o‘qituvchilar oylik maoshi yetarli. Oddiy oilaning farzandi ham orzu qilgan kasb egasiga aylanishi mumkin. Bu orzumi? Yo‘q, bu haqiqat – Singapur bunga erishdi.
Singapur – halollikning kuchi
1960-yillarda Singapur bizdan ham kambag‘al edi. Ishsizlik, jinoyatchilik, korrupsiya – hammasi bor edi. Lekin ular qat’iy qaror qildi: korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilish. Qonun oldida hamma teng bo‘ldi. Mansabdor pora olsa – jazolandi. Fuqaro pora taklif qilsa – jazolandi. Bugun Singapur dunyoning eng boy, eng tartibli mamlakatlaridan biri. Bu nimani ko‘rsatadi? Agar biz ham halollikka intilsak, bizning kelajagimiz ham yorqin bo‘lishi mumkin.
Korrupsiyaning bizga ta’siri
Korrupsiya – ko‘zga ko‘rinmas dushman. U har kuni hayotimizni yomonlashtiradi. Misol uchun, biror ko‘prik qurishga davlat katta mablag‘ ajratadi. Mablag‘ning yarmi o‘g‘irlanadi, qolgan yarmi arzon materialga ketadi. Natijada ko‘prik ikki yilda qulaydi. Bu baxtsiz hodisalarga, odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladi. Yoki shifoxonaga borasiz – pulingiz bo‘lmasa, e’tibor ham berishmaydi. Bu adolatmi? Albatta, yo‘q.
Hayotiy misol – bo‘lgan voqea. Viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan birida rahbar bo‘lib ishlaydigan Sa’dulla aka degan kishi bir ota-onaga “Farzangizni o‘qishga kiritib qo‘yaman deb va’da qiladi. Uni gapiga ishongan ota-onaning soddaligidan foydalanib katta miqdorda pul so‘raydi. Ammo pullar unga buyirmadi.
Xulosa
Korrupsiya – jamiyatni yemiradigan illat. Unga qarshi kurashish faqat hukumatning ishi emas, balki har birimizning vazifamiz. Biz halol bo‘lsak, bolamizga halollikni o‘rgatsak, jamiyatimiz o‘zgaradi. Shundagina biz ham Singapur kabi rivojlangan, adolatli davlatga aylanishimiz mumkin. Halollik – bu faqat so‘z emas, bu kelajakning poydevori.
Dilchehra Anvarjonova.
Korrupsiya – jamiyatni yemiruvchi ko‘rinmas illat
Jamiyat – bu ulkan daraxt. Uning ildizi – halollik, tanasi – adolat, shoxlari – mehnat, mevalari esa – taraqqiyot va farovonlikdir. Agar daraxt ildizidan zararlansa, uning butun tanasi quriydi, shoxlari sinadi, mevalari chiriydi. Korrupsiya ham ana shunday illatki, u jamiyat daraxtini ichidan kemiruvchi, ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo kundan-kunga kuchayib boradigan hasharotdir. Korrupsiya haqida ko‘p gapiriladi: u davlatni zaiflashtiradi, iqtisodiyotga zarar yetkazadi, taraqqiyotni sekinlashtiradi. Ammo uning eng katta ofati – inson qalbini buzishi, jamiyatning ruhiy poydevorini yemirishidir. Halollik qadrsizlangan, adolat so‘ngan, ishonch yo‘qolgan jamiyat qanday qilib kelajakka ishonch bilan qaray oladi? Shu bois bu maqolada korrupsiya haqida quruq raqam va qonunlar emas, balki uning jamiyat hayotiga qanday ta’sir qilishi, insonlar ongini qanday buzishi, yoshlarning kelajagini qanday so‘ndirishi haqida badiiy nigoh bilan so‘z yuritamiz.
Korrupsiya – adolatni so‘ndiruvchi qora bulut
Tasavvur qiling, osmon charog‘on, quyosh porlab turibdi. Bolalar quvonib o‘ynashmoqda, dehqonlar dalada mehnat qilmoqda, o‘qituvchilar maktabda dars bermoqda. Birdan osmonda qora bulut paydo bo‘ladi. U asta-sekin kengayib, quyosh nurlarini to‘sadi. Odamlar endi issiqni emas, sovuqlikni his qiladilar. Korrupsiya ham jamiyat ustida yoyilgan qora bulutdir. Adolat bo‘lmagan jamiyatda insonlar kelajakka ishonmaydi. Halol mehnat qilgan odam chetda qolib, pora bergan odam yuqoriga chiqsa, bu jamiyatda adolat emas, kuch va pul hukmron bo‘ladi. Ana shu holat odamlarni befarq, sovuqqon va loqayd qiladi.
Korrupsiya va yoshlar ongidagi iztirob
Yoshlar – jamiyat kelajagi, deyishadi. Ammo korrupsiya yoshlarning qalbiga shunday zahar soladiki, ularning kelajakka bo‘lgan umidini so‘ndiradi. Bir tasavvur qiling: bir yigit bor, u butun umr kitob o‘qidi, ilm oldi, tinmay mehnat qildi. U orzu qiladi: “Bilimim bilan jamiyatga foyda keltiraman, yuqori lavozimga halol mehnat bilan chiqaman.” Ammo bir kuni ko‘radi: uning yonidagi tengdoshi hech qanday bilimga ega bo‘lmasa-da, birgina tanishi yoki pul tufayli yuqori mansabni egallabdi. Bu holat halol yigitning qalbini sindiradi. “Nahotki bilim emas, pul va tanish hamma narsani hal qilsa?” – degan iztirob uni qiynay boshlaydi. Mana shunday vaziyatda yoshlarning katta qismi ikki yo‘ldan birini tanlaydi: yoki befarqlikka beriladi, yoki korrupsiyaga qo‘shilib ketadi. Bu esa jamiyat kelajagini yanada qorong‘i qiladi.
Korrupsiya – ishonchni yemiruvchi zahar
Jamiyatning eng katta boyligi – ishonchdir. Odamlar bir-biriga, davlat idoralariga, qonunlarga ishongan jamiyatda barqarorlik bo‘ladi. Ammo korrupsiya bu ishonchni asta-sekin yemiradi. Agar fuqaro hujjatini olish uchun pora bermasa, yillab navbat kutishi kerak bo‘lsa, u davlatga ishonmaydi. Agar bemor shifokorga pora bermasa, dori-darmonini vaqtida ololmasa, u tibbiyot tizimiga ishonmaydi. Agar talaba bilim bilan emas, pul bilan o‘qishga kiritilsa, u ta’limga ishonmaydi. Natijada butun jamiyatda ishonchsizlik muhiti paydo bo‘ladi. Odamlar qonunni emas, pulni ustuvor deb biladi. “Halol mehnat qilishdan foyda yo‘q” degan qarashlar kuchayadi. Bu esa jamiyatni asta-sekin ichidan yemiradi.
Korrupsiyaning ma’naviy ildizlari
Korrupsiya faqat moddiy muammo emas, u ma’naviy tanazzul mahsulidir. Halollik, vijdon, adolat – bular jamiyatni tutib turadigan ko‘rinmas ustunlar. Agar bu ustunlar qulab tushsa, jamiyatning binosi ham yiqiladi. Qadim donishmandlar aytgan: “Jamiyatni kuchli qiluvchi narsa – qonun emas, balki odamlardagi halollikdir.” Qonun qog‘ozda qolib, odamlar halollikni unutsa, eng mukammal qonun ham ishlamaydi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashni faqat jazolash orqali emas, balki halollikni qadrlash, yoshlar ongiga vijdon va adolatni singdirish orqali amalga oshirish zarur. Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni korrupsiya faqat davlat organlari bilan emas, balki butun jamiyatning birdamligi bilan yengiladi.
O‘qituvchi halollikni bolaga singdirsa – u ertaga poraxo‘r bo‘lmaydi.
Ota-ona farzandini adolatli bo‘lishga o‘rgatsa – u kelajakda davlatni sotmaydi.
OAV poraxo‘rlikni fosh etsa – odamlar hushyor bo‘ladi.
Har bir fuqaro “men pora bermayman” desa – tizim asta-sekin tozalanadi. Demak, jamiyatning eng katta kuchi – halollikka bo‘lgan umumiy intilishdir.
Badiiy tasvir:
Korrupsiya va Daraxt
Bir bog‘bon bo‘lardi. U yillar davomida bog‘ yaratdi, daraxt ekdi, gullar parvarish qildi. Ammo bir kuni daraxtlardan biri quriy boshladi. Barglari sarg‘aydi, shoxlari sinib ketdi. Bog‘bon tashvishga tushdi: “Nega bu daraxt quridi?” Keyin qarasa, daraxtning tagida kichkina hasharot paydo bo‘lgan ekan. U daraxt ildizini kemirayotgan ekan. Bog‘bon kech tushundi: daraxt tashqaridan sog‘lom ko‘rinsa-da, ichidan yemirilib borayotgan ekan.
Jamiyat ham xuddi shunday. Agar korrupsiya ildizi chuqurga kirsa, jamiyat tashqaridan mustahkam ko‘rinsa ham, ich-ichidan yemirilib ketadi. Xulosa qilib aytganda, Korrupsiya – jamiyatni ichidan yemiruvchi, halollik va adolatni so‘ndiruvchi, ishonchni buzuvchi ko‘rinmas illatdir. Uning asl sababi – insonning ochko‘zligi, halollikni qadrsizlanishi va jamiyatning bunga ko‘z yumishidir. Korrupsiyaga qarshi kurash – faqat qonun bilan emas, balki qalblarda halollikni uyg‘otish bilan amalga oshadi. Jamiyat har bir a’zosi “men halol bo‘laman” desa, korrupsiya ildiz otmaydi. Jamiyatning kelajagi shundaki, u o‘z ariqlarini tozalab, suvini yana musaffo qila bilishi kerak. Musaffo suv hayot beradi, halollik esa jamiyatni tiriltiradi.
Dilraboxon Ma’murova.
taraqqiyot yo‘lidagi to‘siq
Korrupsiya! Bu so‘z xalq tilida qachondan qo‘llana boshladi? Qachondan boshlab ishimizni hal qilish uchun kimlargadir pora berishga odatlanib qoldik? Eng achinarlisi, bu savollarga aniq javob topish mushkul. Biroq bir haqiqat ravshanki, korrupsiya jamiyatda ildiz otaversa, taraqqiyot, adolat va halollik haqida gapirishning o‘zi quruq shior bo‘lib qoladi.
Bugun odamlar orasida “falonchi pora bilan qo‘lga tushibdi”, “xizmatini bersa, hal qilib berarkan” degan gaplar ommalashib ketdi. Bu esa oddiy xalqning davlat tizimiga bo‘lgan ishonchini yemirmoqda. Aslida esa, har qanday jamiyatning tayanchi – adolatdir. Adolat yo‘qolsa, ishonch ham yo‘qoladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – faqat jinoyatchini qo‘lga olish emas, balki uning ildizini quritishdir. Buning uchun avvalo davlat xizmatchilarining mehnatini munosib qadrlash, ularning maoshini yetarli darajada belgilash, ortiqcha yuklardan holi qilish lozim. Chunki halol mehnati evaziga yashash imkoniyati yaratilmasa odam ko‘pincha noto‘g‘ri yo‘lni tanlashga moyil bo‘lib qoladi.
Mana, yaqinda yana bir katta mansabdor pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar tarqaldi. “Oddiy xalqqa halol yashashni targ‘ib qilib, o‘zi bu so‘zlarni chetlab o‘tgan ekan”, degan gaplar xalq orasida keng tarqalmoqda. Odamlarning noroziligi kuchayib borayotgani – bu jamiyat uchun jiddiy xavfdir. Chunki fuqarolarda ishonch bo‘lmasa taraqqiyot ham, barqarorlik ham bo‘lmaydi.
Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimizdir. Har bir fuqaro halollikni hayotiy mezonga aylantirsa, mansabdorlar esa poklikni ustuvor tamoyil deb bilsa, jamiyatimizda bu illat ildiz otolmaydi. Axir, xalqimiz bekorga: “Halollik – eng katta boylik” demagan.
Muhammad Rasul Mamatqulov,
jamoatchi muxbir.
Bugun poraga yo‘q desak...
Jamiyatning rivojlanishi, xalqning farovonligi va kelajakning porloqligi adolat va halollikka tayanadi. Agar adolat yo‘qolsa, taraqqiyotning ildizi quriydi. Aynan shunday yashirin illat — korrupsiya, bugun butun dunyo davlatlari uchun eng katta xavfga aylangan.
Korrupsiya nimani buzadi?
Korrupsiya nafaqat moliyaviy zarar keltiradi, balki jamiyatning ichki tuzilishini ham yemiradi. U: adolatni o‘ldiradi, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi, yoshlarni mehnatdan ko‘ra pul va tanish-bilish orqali natijaga erishishga o‘rgatadi.
Bir o‘quvchi imtihonni pora bilan topshirdi, deylik. U bilimsiz holda oliy o‘quv yurtiga kiradi. Keyinchalik esa lavozimni ham halol yo‘l bilan emas, pora orqali egallaydi. Bunday inson xalq uchun emas, faqat o‘z manfaatlari uchun xizmat qiladi. Natijada jamiyatda bilimli yoshlarning haqqi poymol bo‘ladi, taraqqiyot orqaga ketadi.
Halollik — taraqqiyotning poydevori
Har qanday muvaffaqiyatning siri halol mehnatda. Halollik — millatning eng katta boyligi, jamiyatni taraqqiyot sari yetaklaydigan yagona kuchdir. Agar bugun yoshlarimiz imtihonda, kundalik hayotda, ishda halollikni tanlasa, ertaga ular jamiyatning halol rahbarlari, adolatli mutaxassislari bo‘lib yetishadi. “Halollikdan yuksalgan odamni hech bir kuch yiqita olmaydi” degan hikmat bejiz emas.
Nega korrupsiya taraqqiyot dushmani?
Korrupsiya bo‘lgan joyda iste’dod qadrsizlanadi. Pora ishlagan joyda adolat yo‘qoladi. Pora tufayli davlat resurslari noto‘g‘ri taqsimlanadi. Eng muhimi — xalqning kelajakka bo‘lgan ishonchi so‘nadi.
Misol uchun, korrupsiya ildiz otgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sekinlashadi, yoshlarning qobiliyati qadrlanmaydi, odamlar “halol ishlasam ham baribir natija yo‘q” degan tushkunlikka tushadi. Bunday jamiyatda taraqqiyot bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q.
Xulosa
Korrupsiya — yashirin dushman va taraqqiyotga g‘ov. Uni yengish uchun faqat davlat organlari emas, balki har bir fuqaro mas’uldir. Halollikdan boshlanadigan kurash — eng buyuk qudratdir.
Bugun poraga yo‘q desak, ertaga farzandlarimiz halol jamiyatda, yorug‘ kelajak sari dadil qadam tashlaydi.
Nafisaxon Xalimova,
jamoatchi muxbir.
jamiyat kushandasi
Bugun dunyoning qaysi burchagiga nazar tashlamaylik, korrupsiya degan illat har bir jamiyatning tomiriga singib borayotgani sir emas. U faqatgina biror tizimni emas, balki butun millatning kelajagini xavf ostiga qo‘yadi. Chunki korrupsiya – bu adolatning yemirilishi, ishonchning sinishi demakdir.Korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz. Har kuni ommaviy axborot vositalarida o‘qiymiz, eshitamiz, ko‘ramiz va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatamiz. Biroq hech o‘zimizdan so‘raganmizmi, shu illatga qarshi bizning o‘z hissamiz bormi? Yolg‘on gapirmaylik – ba’zida ishimiz bitsin deb o‘zimiz ham shu yo‘lga kirib qolamiz. Aslida esa muammo shundan boshlanadi.
Butun dunyoda korrupsiya bilan kurash eng dolzarb masalalardan biri sifatida ko‘rib kelinmoqda. Chunki, biror mamlakat taraqqiy etishi uchun, eng avvalo, shaffoflik va qonun ustuvorligi ta’minlanishi kerak. Mamlakatimizda ham Prezidentimiz tomonidan maxsus agentliklar tashkil etilgani, shaffoflik bo‘yicha qonunlar qabul qilingani, davlat xizmatlari elektron tizimga o‘tkazilgani shundan dalolat beradiki, endi korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ammo bir savol tug‘iladi: qonunlar yozildi, dasturlar qabul qilindi, shunda ham muammo yo‘qoladimi? Albatta, yo‘q. Chunki korrupsiya bilan kurash – faqat davlatning vazifasi emas, bu butun jamiyatning mas’uliyatidir. Har birimiz “mayli, shunaqada” deb ko‘z yumishni bas qilsak, ishimizni pul bilan bitirishni odat deb bilmasak, shundagina natijaga erisha olamiz.
Haqiqiy o‘zgarish odamlar ongidan boshlanadi. Bolalarga halollik qadriyat sifatida singdirilishi kerak. Ota-onalar, ustozlar, mutasaddi tashkilotlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsa, korrupsiyaga joy qolmaydi. Chunki jamiyatda halollik, adolat ustun bo‘lsa, xalq ishonchi mustahkam bo‘ladi, taraqqiyot esa tabiiy jarayonga aylanadi. Bugun shuni anglashimiz kerak: korrupsiyaga qarshi kurashish – bu faqat rasmiy shior emas, balki bizning kelajagimiz uchun kurashdir. Agar har birimiz bu yo‘lda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olsak, ertangi kunimiz yanada yorqin bo‘lishiga shubha yo‘q.
Sevara Alimova.
Korrupsiyasiz kelajak sari birga olg‘a qadam tashlaymiz
Korrupsiya – jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi eng xavfli illatlardan biridir. Bu davlat organlarida, biznes sohasida va hatto ta’lim tizimida ham uchrab, qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi. Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish har bir davlatning strategik vazifalaridan biri hisoblanadi.
Korrupsiya – mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishdir. Pora olish va berish – eng keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi illatga qarshi kurashda faqat davlat idoralari emas, balki butun jamiyat, har bir fuqaro faol ishtirok etishi zarur. Shaffof boshqaruv, qonun ustuvorligi va halollik tamoyillarini hayotga tatbiq etish korrupsiyaga qarshi eng kuchli quroldir. Kelajak avlod uchun adolatli va halol jamiyat qurish – barchamizning mas’uliyatimizdir.
Barchamizga sir emaski dinimizda ham bu qoralangan. Faqatgina pora olgan yoki sudxo‘rlik qilganlargina emas balki uni bergan va unga aralashgan insonlar ham birdek gunohkor bo‘ladi. Eng achinarlisi shundaki hozirda ta’lim sohasida ham korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotgan hollar ham kuzatilmoqda. Oraga tanish bilish kiritib o‘qishga kirayotganlar, baholarini olish uchun pul berayotganlar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga joylashish uchun ham ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi insonlar ishga joylab qo‘yaman deb ma’lum miqdorda pul ham olmoqdalar.
Qanchalik korrupsiyani ildizi bilan yo‘qotishga urinmaylik ba’zi sohalarda buni aksini ko‘rib turibmiz. Bu jamiyatimizni rivojiga mamlakatimizning kelajagiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Nafaqat ta’lim sohasi balki boshqa sohalar ham bundan mustasno emas. Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev korrupsiyani mohiyati va unga qarshi kurashish zarurligi haqida quyidagi fikr bejiz aytmagan edi: ,, Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan yana bir illat – bu korrupsiya balosidir. Bunday xatarga qarshi kurashish maqsadida yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi” qonunni tezroq amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz lozim. Bularning barchasi o‘z navbatida inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga xalqimizning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Korrupsiyani tag tomiri bilan yo‘qotmas ekanmiz mamlakatimiz zavolga yuz tutayveradi.
Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlatning nufuzi ko‘p jihatdan adolat va halollikka bog‘liq. Afsuski, korrupsiya deb ataluvchi illat hali-hanuz jamiyatimizda uchrab turibdi. Bu illat nafaqat iqtisodiyotga, balki odamlarning kelajakka bo‘lgan ishonchiga ham katta zarba beradi.
Korrupsiya — bu poraxo‘rlik, mansabni suiiste’mol qilish, qarindosh-urug‘chilikka tayanish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Natijada jamiyatda adolatsizlik kuchayadi, halol mehnat qilayotganlarning qadri tushadi, davlat byudjeti zarar ko‘radi. Eng og‘iri — yoshlarning halollikka bo‘lgan ishonchi so‘na boshlaydi.
Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurash har birimizning burchimizdir. Davlat idoralarida shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, qonun oldida barchaning tengligini mustahkamlash — bugunning eng asosiy vazifalaridandir. Ammo bunday ishlarni faqat hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi ham qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Biz yoshlar qalbida halollik, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashimiz zarur. Chunki ertangi kun halol insonlar qo‘lida bo‘ladi. Har bir ota-ona, har bir o‘qituvchi, har bir rahbar o‘zidan boshlasa — jamiyatda katta o‘zgarish yuz beradi.
Korrupsiyaga qarshi kurash bu — faqat qonuniy jarayon emas, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir. Halol bo‘lish — boylik emas, lekin eng katta boylikdir. Shunday ekan, keling, barchamiz halollikni qadrlaylik, jamiyatimizni toza va adolatli qilaylik. Chunki kelajakni faqat halol insonlar quradi.
Durdonaxon Zamonova.
Halollik yo‘lidan yur, to‘siqlar yo‘qoladi
Korrupsiya... bu so‘zni eshitganimizda ko‘z o‘ngimizda pora, aldov, tanish-bilishchilik, “ishga joylab qo‘yaman” degan va’dalar gavdalanadi. Ammo bu illat faqat yuqoridagilarga taalluqli emas. Korrupsiya — oddiy hayotimizga ham kirib kelgan “jim dushman”. Unga qarshi kurashish — har birimizning o‘zimizdan boshlanadi.
Men bir tanishimni eslayman. O‘tgan yili Andijonda bir idoraga ishga kirish uchun imtihon topshirgan edi. Bilimi bor, mehnatkash, halol bola. Ammo unga “boshqa nomzodlar joyini hal qilib qo‘ygan” deyishdi. Ko‘pchilik bo‘lsa, shu paytda “tanish topish kerak” deb o‘ylardi. Lekin u shunchaki jilmaydi-da: “Halol yo‘l bilan urinaman. Bo‘lmasa, bu joy men uchun emas”, dedi. Uch oy o‘tmay, aynan o‘sha ishga o‘z bilim bilan qabul qilindi. Endi u boshqalarga: “Hech narsani pul hal qilmaydi, halollikning o‘zi kuchliroq”, deydi.
Shu voqeani eshitganimda o‘yladim: korrupsiyaga qarshi eng kuchli qurol — bu qonunlar emas, vijdon ekan.
Bugun ham ba’zi joylarda “shunaqa tartib”, “hamma shunaqa qiladi” degan gaplar yuradi. Aslida esa bu bahona. Chunki jamiyatda halollik qadrlanmasa, adolat ham yo‘qoladi. Korrupsiya — bu nafaqat davlat byudjetiga zarar, balki odamlarning ishonchini o‘ldiradigan zahar.
Bir qaraganda “kichik narsa”dek tuyulgan holatlar katta oqibatlarga olib keladi. Masalan, navbatda kimnidir “tanishim” deb oldinga o‘tkazish, kimdandir “bir choy puli” so‘rash, yoki “boshqalar ham shunaqa qiladi-ku” degan loqaydlik... bularning bari o‘sha illatning urug‘lari.
Shu sababdan ham Prezidentimiz bu masalaga alohida e’tibor berib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etdi. Bugun ko‘p sohalarda “ochiqlik va shaffoflik” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, byudjet mablag‘lari ochiq ko‘rinadi, davlat xaridlari onlayn e’lon qilinadi, maktablarda o‘quvchilar bahosi elektron tizimda yuritiladi. Bu hammasi bir maqsadga xizmat qiladi — adolatni tiklash.
Lekin, rostini aytay, eng muhim o‘zgarish insonning o‘zida bo‘lmasa, tizimning o‘zgarishi foydasiz. Biz “Korrupsiyaga qarshi kurashamiz” deyishdan oldin, “Men halolmanmi?” degan savolni berishimiz kerak.
O‘qituvchim bir kuni shunday degan edi:
“Korrupsiya bu – halollikdan qochish. Halollik esa o‘zingni yengishdir.”
Bu so‘zlar oddiy tuyuladi, lekin unda butun haqiqat bor.
Andijonning bir mahallasida yaqinda yoshlar o‘rtasida “Halollik haftaligi” o‘tkazildi. Har kuni turli mavzularda bahslar, sahna chiqishlari, viktorinalar bo‘ldi. Eng qiziq joyi — bolalar “Korrupsiya qayerdan boshlanadi?” degan savolga javob yozishdi. Kimdir “Kattalardan”, kimdir “Maktabdan”, yana birov “O‘zimizdan” deb yozgan. Eng to‘g‘ri javob oxirgisidir. Chunki bu illatni yo‘qotish uchun har kim avvalo o‘zidan boshlashi kerak.
Korrupsiya bilan kurashish deganda, bu faqat qog‘ozdagi qonunlar emas, balki hayot tarzi bo‘lishi zarur. Halol ishlaydigan tadbirkor, adolatli o‘qituvchi, vijdonli rahbar — mana shu odamlar orqali jamiyat poklanadi.
Ba’zan odamlar: “Halol bo‘lib hech narsaga erishib bo‘lmaydi” deydi. Aslida esa halollik — sekin, ammo mustahkam yo‘l. Aldov tez boyitadi, lekin tez ham yiqitadi.
Korrupsiyasiz jamiyatni orzu qilamizmi? Unda har birimiz o‘z joyimizda halol bo‘lishimiz kerak: – O‘quvchi bahosini sotib olmasin, – O‘qituvchi sovg‘a uchun dars o‘tmasin, – Xodim hujjatni “tezroq yozib beraman” deb manfaat kutmasin.
Shunda jamiyat tozalanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash — bu shunchaki davlat siyosati emas, insonning hayotiy tanlovi. Har bir halol qadam, har bir vijdonli qaror — bu adolat sari tashlangan qadamdir.
Halollik yo‘lidan yursang, to‘siqlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Chunki halol insonning yo‘lini Allohning o‘zi yoritadi.
Feruzaxon Abdumutalova,
Andijon davlat pedagogika instituti aniq va tabiiy fanlar fakulteti fizika yo‘nalishi 1-bosqich talabasi.
Ko‘rinmas dushman
Korrupsiya - hozirgi kunda dunyoning deyarli hamma davlatlaridagi eng katta va eng dolzarb muammo. Aslida esa bu illat dunyo yaratilganidan buyon ildiz otib, bugungi kungacha yetib keldi. Korrupsiya davlatning iqtisodiy taraqqiyotini sekinlashtirib gina qolmay, odamlarning ishonchini yemirib, adolat tizimini zaiflashtiradi.
O‘zimizning tilda aytganda, korrupsiya - bu mansabdor shaxslarning o‘z lavozimidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanishi va insonlar ishonchini suiiste’mol qilishidir. Poraxo‘rlik tanish-bilishchilik, adolatsiz qarorlar - bularning bari korrupsiyaning ko‘rinishidir. Uni ko‘pincha "ko‘rinmas dushman" deb atashadi. Chunki u ko‘zga tashlanmaydi, lekin hayotimizdagi hamma jabhalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U turli shakllarda namoyon bo‘lsa-da, mohiyati bitta: pora evaziga noqonuniy ishlarni amalga oshirish. Korrupsiya odamlar hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Masalan, poraxo‘rlik tufayli odam o‘z haqqini ololmaydi, imtiyoz va imkoniyatlar faqat pul berganlarga nasib qiladi. Natijada yoshlarning bilim va mehnati emas, balki "tanishlari" orqali yo‘l ochiladi. Bu esa haqiqiy iste’dod egalarini chetda qoldirib, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘ladi. Bunday adolatsizlik jamiyatda ishonchsizlikni kuchaytiradi. Ta’limda, tibbiyotda va davlat xizmatlarida poraxo‘rlik mavjud bo‘lganidan keyin, u yerdan sifatli xizmat kutish qiyin.
Masalan, men o‘z hayotimda guvoh bo‘lgan korrupsiyaning kichik ko‘rinishi bilan ilk bora 5-sinfimdalik chog‘imda, ya’ni, 11 yoshimda yuzlashganman. O‘shanda men ingliz tilidan "Bilimlar bellashuvi"ga qatnashganman. Natijalar e’lon qilinganida, o‘zimni 2-o‘rinda ko‘rganman. Aslida esa hammasini to‘g‘ri yechganimga, 1- o‘ringa loyiq ekanligimga ishonchim komil bo‘lgani uchun apellyatsiyaga kirganman. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, haqiqatida menga atalgan 1-o‘rin pora evaziga boshqa maktabga sotilgan ekan. Shunga qaramasdan, men o‘z o‘rnim uchun, adolat qaror topishi uchun ota-onam va ustozimning qo‘llab-quvvatlashi yordamida oxirigacha kurashganman. Va yakunda g‘olib chiqqanman. Buni yozishimdan maqsad har birimiz bunday adolatsizliklarga qarshi kurashishimiz kerak. Avvalo buni ta’lim tizimidan boshlashimiz lozim. Har doim shunday vaziyatlarni eshitganimda, o‘zimni ularning holatida tasavvur qilaman.
Bu ishlar bo‘yicha prezidentimiz so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun ko‘plab chora tadbirlar, islohotlar amalga oshirib, qonunlar qabul qilmoqda.
Biz pora bermasak, hech kim uni olmaydi. Unutmang korrupsiyasiz kelajak - jamiyat uchun eng katta yuksalishdir.
Xadichaxon Jaloliddinova
ISHONCHGA ZARA BERUVCHI ILLAT
So‘nggi yillarda jamiyatimizda “korrupsiya” atamasi tez-tez tilga olinmoqda. Chunki bu illat — nafaqat davlatni, balki insonning vijdonini, halolligini, ishonchini ham yemiruvchi xavfli “kasallik”dir.
Korrupsiya — lotincha “corruptio” so‘zidan olingan bo‘lib, “buzilish”, “yo‘ldan ozish” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni, bu — mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat uchun noqonuniy foydalanishidir. Oddiy qilib aytganda, pora olish, tanish-bilishchilik, adolatni buzish yoki hujjatlarni soxtalashtirish kabi har qanday g‘ayriqonuniy ishlar korrupsiyaning ko‘rinishlaridir.
Bugun dunyoda biror jamiyat korrupsiyasiz rivojlana olmaydi degan fikr emas, korrupsiyasiz jamiyatgina haqiqiy taraqqiyot sari boradi, degan haqiqat isbotini topmoqda. Zero, korrupsiya nafaqat iqtisodiyotga, balki xalqning ishonchiga ham katta zarba beradi. Odamlar adolatga ishonmasa, jamiyatda taraqqiyot emas, to‘xtash yuz beradi.
Ammo savol tug‘iladi: Korrupsiyani qanday yo‘qotish mumkin?
Buning yagona yo‘li — har bir fuqaroning halollikka sodiqligidir. Har kim o‘z ish joyida, o‘z kasbida, o‘z vazifasiga nisbatan vijdonan yondashsa, korrupsiyaga joy qolmaydi. Chunki bu illatning ildizi insonning ichida — uning niyatida, tarbiyasida, dunyoqarashida yotadi.
Davlat miqyosida esa korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy yo‘llari — qonunlarni qat’iylashtirish, tizimda shaffoflikni kuchaytirish va nazoratni oshirishdir. Biroq bularning barchasi inson omilisiz natija bermaydi. Shu bois yoshlarda halollik, vijdoniylik, mas’uliyat, adolatparvarlik kabi fazilatlarni shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Biz — imkoniyatlar yurtida yashayapmiz. Yoshlarga ta’lim olish, erkin fikr bildirish, istagan kasbni tanlash, ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu imkoniyatlar bizdan minnatdorlik, mehnatsevarlik va eng asosiysi, halollik bilan yashashni talab qiladi.
Chunki erkinlikni suiiste’mol qilish, imkoniyatni shaxsiy manfaat uchun ishlatish — bu ham korrupsiya shaklidir.
Korrupsiyani yo‘qotish uchun avvalo biz o‘zimizni tarbiyalashimiz kerak:
Har qanday yutuq faqat mehnat orqali kelishiga ishonaylik.
Adolatni buzish o‘zimizga zarar keltirishini anglaylik.
Huquqiy bilimimizni oshiraylik, qonunlarni bilib, unga amal qilaylik.
Yomon illatlarga qarshi qat’iy tura olaylik.
Shundagina biz halol, toza, adolatli jamiyatni barpo eta olamiz.
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat davlat idoralarining ishi emas, bu har bir fuqaroning vijdon masalasi. Agar har birimiz halol bo‘lsak, mamlakatimizda na pora, na adolatsizlikka o‘rin qoladi.
Unutmaylik: korrupsiya yo‘q joyda taraqqiyot bor, halollik bor joyda esa ishonch va baxt barqaror bo‘ladi.
Dilnura Abduvohobova
Korrupsiyaga qarshi kurashish.
Korrupsiya - Oʻzbekistonda jiddiy muammo. Korrupsiyaning oldini olish boʻyicha qonunlar mavjud, ammo korrupsiyaga oid qonunlarning ijrosi juda zaif. Korrupsionerlarning jinoiy javobgarlikka tortilish darajasi pastligi Oʻzbekistonda korrupsiyaning avj olishiga sabab boʻlmoqda. Sud tizimi cheklangan resurslar va korrupsiya tufayli jiddiy funksional kamchiliklarga duch kelmoqda. Oʻzbekistonda korrupsiya jamiyat, biznes va hukumatning deyarli barcha qatlamlarida mavjud. Oʻzbekiston dunyodagi eng korrupsiyalashgan mamlakatlardan biridir.
Avval, shunday deyishimiz mumkin edi.
Aslida-chi, hozirgi rivojlangan "Yangi Oʻzbekiston"da, "Siz ham shunday deb oʻylaysiz-mi?"
Bugungi kunda korrupsiya dunyoning koʻplab mamlakatlari uchun eng jiddiy muammolardan biridir. U nafaqat iqtisodiyotni izdan chiqaradi, balki jamiyatda adolatsizlik, ishonchsizlik va tenglikni kuchaytiradi. Korrupsiya mavjud joyda taraqqiyot toʻxtaydi, xalq ishonchi esa soʻnadi.
Oʻzbekiston ham bu muammoni chuqur anglab, unga qarshi qatʼiy kurash olib bormoqda. Soʻnggi yillarda "Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun" maxsus agentliklar va ochiqlik siyosati bu yoʻnalishda muhim natijalar berdi. Biroq korrupsiya bilan kurashish faqat davlat organlarining vazifasi emas, bu har bir fuqaroning burchidir.
Ba’zan odam “boshqalar ham shunday qilayapti-ku” deb, kichik bir nohalol ishni oddiy narsa deb biladi. Ammo ana shu “kichik” pora, “oddiy” aldovlar jamiyatni ichidan yemiruvchi ZAHARdir.
Korrupsiya – bu faqat amaldorlar muammosi emas. U hammamizning hayotimizga, kelajagimizga ta’sir qiladi. Shuning uchun har bir inson halol bo‘lishni o‘zidan boshlashi kerak.
Halol mehnat qilgan odam or-nomus bilan yashaydi. Halollik — insonni obro‘li qiladi, poraxo‘rlik esa uni xor qiladi. Shunday ekan, keling, “Men korrupsiyaga qarshiman!” degan oddiy so‘zni hayot tarzimizga aylantiraylik.
Shaxsiy fikrimga koʻra, korrupsiya har bir sohada uchrashi mumkin, lekin har bir inson uni toʻxtatish kuchiga ega.
U oʻzidan boshlaydi; pora bermaslik, halollikni tanlash, adolatni talab qilish.
“Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega ba’zi ishlar tez hal bo‘ladi, ba’zilari esa yillab davom etadi?”
"Korrupsiyaga qarshi kurashish" mavzusida maqola yozishni boshlagan kunim oʻzimni jurnalistdek his qilib,(chunki men "yosh jurnalistlar" mahorat maktabida yetarlicha bilim va koʻnikmalarni olib bormoqdaman) bir ayol bilan suhbat olib bordim.
-Qachondir korrupsiyaga duch kelganmisiz?
-Bu voqea boʻlganda kimgadir aytaman deb oʻylamagandim.
-Bugun vaqti ekan.
-Men baxtsiz hodisa tufayli oʻtgan yili bir koʻzim koʻrmay qoldi. Uzoq davolandim, chet ellarga diagnostik tahlillarimni yubordim, har xil doktorlarga bordim. Taqdir taqozosi bilan Nogironlikni belgilash komissiyasiga ariza topshirdim, chunki bir koʻz bilan koʻrishim, muvozanatimni saqlashga qiynalishimga, oʻzim yolgʻiz yura olmasligimga sabab boʻldi. (Maʼlumot oʻrnida, bu inson 24 yil davomida fizika fanidan muallim boʻlib ishlagan ekan) Komissiyadan oʻtishga borganimda tushlik vaqti ekan hamshira chiqib, kutib turishimni aytdi va mendan "gap olmoqchi" boʻldi, ya'ni menga nima boʻlganini va qanday kasal bilan kelganimni? soʻray boshladi.
"Menga 100 AQSh dollari berasiz, ikkala koʻzi ham koʻrmayapti ekan deb sizga yordam beraman, komissiyadagilarga haqiqatdan ikkala koʻzim ham koʻrmayapti deysiz, ishingiz hal boʻladi, faqat buni birovga aytmang",dedi bezbetlarcha. Men hayron boʻldim. Oʻqituvchiligimga borib sekingina, men sizdan yordam soʻramadim, har bir gaplaringiz uchun javob berishingizni bilasizmi? Allohga shukur bir koʻzim boʻlsa ham koʻradi, sizni yordamingiz kerak emas deb gapimni tamomladim. Hamshira biroz hayiqdi shekilli, bir soʻz demay xonaga kirib ketdi. Biroz vaqtdan keyin, hujjat ishlari bilan borganimda aynan oʻsha hamshira ishdan haydalganini eshitdim.
Oʻsha vaqtda oʻzimga oʻzim, yolgʻon- korrupsiyaning ildizi ekan. Adolat pul bilan oʻlchanmaydi, har bir inson bunga boʻysunishi kerak dedim.
Bu insonning hayotiy hikoyasini eshitib, hamshiraning haydalganiga xursand boʻldim.
Endi suhbatimizni boshiga qaytsak, halol jamiyatni hech qanday pora buza olmaydi. Yangi Oʻzbekistonimizda korrupsiyaning ildizi qanchalik tez qurib boryapti? Xuddi jurnalistdek maʼlumotlarni aniq faktlar bilan davom ettirmoqchiman.
Jahon statistikasi (2024-yil Transparency International ma’lumotlariga ko‘ra):
180 ta mamlakat orasida korrupsiya darajasi indeksi (CPI) bo‘yicha:
Daniya — 1-o‘rin (eng halol davlatlardan biri)
Somali — 180-o‘rin (eng yuqori korrupsiya darajasi)
O‘zbekiston — 126-o‘rinda
2021 yilgi maʼlumotlarga qaraganimda Oʻzbekiston 140-oʻrinda edi.
Soʻngi yillarda bu koʻrsatkich asta sekin yaxshilanmoqda chunki prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning
“Korrupsiyaga qarshi kurash – bu faqat davlat organlarining ishi emas, bu – har bir fuqaroning burchidir” degan soʻzlari bunday koʻrsatkichlarga misol boʻla oladi.
Korrupsiya haqida qancha gapirsak ham davom etaveradi, xulosa oʻrnida shuni aytishim mumkinki, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi qatʼiy yoʻl tanlagan. Eng muhim narsa fuqarolarning halollik madaniyatini shakllantirishdir. Korrupsiyaga qarshi kurash- bu faqat hukumatning ishi emas, balki har bir insonning vijdoni va masʼuliyatidir.
Robiyaxon Oqyoʻlova,
Andijon davlat universiteti talabasi.
illatni tub ildizi bilan yo‘qota olamizmi?
Hayotimizning har jabhasida korrupsiya degan atamaga duch kelamiz, Uning nima ekanligini har birimiz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz, bilamiz. Ba’zida nafratlanganmiz, ba’zida oddiy hol sifatida qabul qilganmiz.
11-sinfni bitirayotganimda, umuman darsga kelmagan, o‘zlashtirishi biroz pastroq bo‘lgan qiz onasining direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagani tufayli maktabni qizil diplom bilan tamomladi. O‘sha vaqtlar men umuman deyarli dars qoldirmasdim, onam doim maktabga majburlab jo‘natardilar. Menga doimo mas’uliyatli bo‘lishimni, qizil diplom va oltin medal olishimga umid qilardilar. Ammo harakatlarim bekor bo‘ldi...
Biz har joyda, televizorda, telefonda, turli xil reklamalarda "Korrupsiyaga qarshimiz!", "Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik!" kabi ruhlantiruvchi, harakatga undovchi gaplarni juda ko‘p eshitamiz.
Afsuski, korrupsiyani tub ildizi bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Buni sabablari biri xalqning moliyaviy jihatdan pulga ehtiyoj sezishida deb bilaman.
Odamlar sekin-asta mansabga ko‘tarilgani sayin bosar-tusarini bilmay “o‘zidan ketishi” oqibatida o‘zidan o‘zgani o‘ylamay qo‘yadi va maishatga, dunyo lazzatiga berilishadi.
Bu dunyoda har bir narsaning javobi borligini esa esidan chiqarishadi. Yuqorida keltirilganidek, korrupsiyaning asosiy ikkinchi sababi aholining pulga ehtiyoj sezishida. “Tekinga mushuk oftobga chiqmaydigan” bir paytda hamma narsa pulga borib taqaladi. Kattalar farzandimni yedirishim, ichirishim, shartnomada o‘qitishim kerak deb yurishadi. Axir oylik maosh nimagayam yetsin?! Ular majbur bo‘lishadi birovning ishini hal qilib berish uchun qo‘shimcha haq olishga.
Bundan bir yil avval, shifoxonaga borganimda, tahlillarni tekshirib beruvchi ayol tezroq tekshirib berishi uchun bir qizdan pul so‘raganini ko‘rgandim. Unga negadir rahmim kelgandi, korrupsiyaga qo‘l urganida, ya’ni, qo‘shimcha haq so‘raganida ko‘zlari javdirab, yomon ahvolga tushib qolganini ko‘rgandim. Kambag‘alchilik qursin, insonni har baloga solib qo‘yadi. Balki oylik maoshlar ham oshib, narx-navo ham oddiy ishchining oyligiga mutanosib qilinsa, rostdan ham korrupsiya kamaygan bo‘larmidi?!
Korrupsiya - tanish-bilishchilik. Ishga joylashtirib qo‘yish, biror bir ishning oson bitishi - bu ham korrupsiya. Ammo tanish-bilishi bo‘lmaganlar haqiqatdan qiynaladi. Shifokorlik sohasida o‘qib yurgan, tanishi yo‘q 5-kurs talabasi haliyam ish topolmay, og‘ir mehnatda ishlab yuribdi. Shifokor tanishi bo‘lgan 1-kurs talabasi esa mazza qilib malaka oshirib yuribdi.
Shu o‘rinda bir narsani aytish kerakki, birovning haqqi hech qachon boshqaga buyurgan emas. O‘zida bo‘lishiga qaramasdan pul talab qilish tilanchilik bilan barobar. O‘tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" romanida ham korrupsiya haqida muallifning nafrati tasvirlangan. Birovning haqqi-qarz, korrupsiya o‘g‘rilikdir. Mana shu birgina korrupsiya deb qanchadan qancha insonning umriga zomin bo‘lish hech gap emas. Bir bilimsiz shifokor deb begunohlar o‘lim topishi, o‘qituvchi deb butun bir millat ilmsiz bo‘lib qolishi hech gap emas.
Korrupsiyani yo‘qotish uchun xalqning ahvolini yengillashtirish, millatni ilmli qilish va to‘g‘ri tarbiyalash kerak.
Zebo Olimova,
Andijon Davlat Universiteti 1-kurs talabasi.
"xizmat haqi" qachon yo‘qoladi?
Hayotimizda korrupsiya iborasi tez-tez tilga olinadi.Uni siyosat, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi kabi yirik tizimlardagi illat deb bilamiz. Ammo bu illat bizning shaxsiy hayotimizga qanday chuqur kirib borganini har birimizning baxtimiz, erkinligimiz va hatto sog‘ligimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘pchiligimiz sezmaymiz.
Korrupsiya nafaqat katta pullarning o‘zlashtirilishi, balki har bir oddiy fuqaroning kichik “”xizmat haqlari" va “ko‘mak pullari” orqali ham namoyon bo‘ladi.
Oddiy bir misol bilan boshlaylik.Yo‘lda harakatlanayotganimizda qoidani buzib qo‘ydik. Qonunga ko‘ra bizga jarima yozilishi kerak. Ammo ba’zan “shartnoma” tuzish taklif qilinadi. Bu shartnoma bizning cho‘ntagimizdan biroz pul chiqishi evaziga, qoida buzarlik nomimizda qolmasligini, kelajakda qandaydir muammolardan qutqarishni va’da qiladi. Afsuski, ko‘pchilik bu yo‘lni tanlaydi. Bu bizning ham mansabdor shaxsning ham vijdoniga qanday ta’sir qiladi? Bunday yengil yo‘lni tanlagan inson ertaga boshqa murakkabroq vaziyatda ham qonundan chetga chiqishni afzal ko‘radimi? Bu kichik bir holat, lekin u bizning qonunga hurmatimizni, jamiyat oldidagi ma’suliyatimizni pasaytiradi.
Bu “to‘lovlar”ning oxiri nima bo‘ladi?
Bu, avvalo, oddiy fuqaro sifatida bizning huquqlarimizning poymol etilishidir. Eng yomoni esa bizda “hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi” degan noto‘g‘ri fikrni shakllantiradi.
Bu "to‘lovlar"ning oxiri nima? Bu, avvalo, oddiy fuqaro sifatida bizning huquqlarimizning poymol etilishi, ta’bir joiz bo‘lsa, bizning sha’nimizning oyoqosti qilinishidir. Va eng yomoni, bu bizda "hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi" degan noto‘g‘ri tasavvurni shakllantiradi.
Endi keling, qoidabuzarlik va korrupsiya bir-biri bilan qanday bog‘liq ekanligini ko‘rib chiqaylik. Tasavvur qiling, hayotimizda ko‘p uchraydigan bir holat: haydovchi hech qanday huquqqa ega bo‘lmagan holda, ya’ni haydovchilik guvohnomasisiz, avtomobil boshqarib yuribdi. Bu nafaqat o‘zi uchun, balki yo‘ldagi boshqa barcha ishtirokchilar uchun ham katta xavf tug‘diradi. Chunki bunday shaxs yo‘l harakati qoidalarini ham bilmasligi, ham unga rioya qilish irodasiga ega bo‘lmasligi mumkin.
Agar yo‘l patrul xizmati xodimi bunday shaxsni to‘xtatsa, qonuniy chora ko‘rilishi kerak. Yo‘qsa, haydovchilik guvohnomasi olmaguncha va tegishli jarimalarni to‘lamaguncha avtomobilni boshqarishdan cheklanishi lozim. Ammo bu yerda ham korrupsiya "yo‘lakchasi" paydo bo‘lishi mumkin. Balki, qonuniy jazo choralarini chetlab o‘tish uchun ma’lum bir miqdorda "xizmat haqi" taklif etiladi. Va afsuski, bu taklif qabul qilinsa, natija nima bo‘ladi? Qonunni buzgan shaxs jazolanmasdan qutulib qoladi. Bu esa unga kelajakda ham bu qilmishni takrorlashga undaydi, chunki u "qutulish yo‘lini" topishni o‘rgangan.
Bu esa bizning jamiyatimizda tengsizlikni yanada kuchaytiradi. Bir tomondan, qonun-qoidalarga rioya qilib, haydovchilik guvohnomasini olgan, to‘g‘ri yo‘l tutgan fuqarolar bor. Boshqa tomondan esa, huquqqa ega bo‘lmagan holda mashina haydab, "yaxshi yo‘l" bilan jazolardan qutilib qolayotganlar. Bu ikkinchi toifa shaxslar o‘zining qoidabuzarligi va korrupsiyaga qo‘l urishi evaziga hech qanday mehnat, bilim yoki harakat qilmasdan imtiyozga ega bo‘ladi. Bu esa "hamma qonunni buzib, keyin pul bilan qutulsa bo‘ladi" degan fikrni yanada mustahkamlaydi.
Korrupsiya bilan qutilib qolish bu nafaqat qonun ustuvorligini buzish, balki bizning shaxsiy hayotimizga, kelajagimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U bizda adolatsizlik hissini uyg‘otadi, jamiyatga ishonchni susaytiradi. Eng muhimi, bunday tizimda hech kim xavfsiz emas. Bugun qoidani buzib, pul bilan qutilib qolgan haydovchi ertaga yo‘lda kimnidir jiddiy jarohatlashi yoki hatto o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, mansabdor shaxslarning o‘zi korrupsiya bilan kurashish o‘rniga, uni qo‘llab-quvvatlasa yoki undan foydalansa, bu eng katta fojia. Chunki ular qonunni himoya qilishi, fuqarolarning huquqlarini ta’minlashi kerak. Ammo ular aksincha, o‘zlari qonunni poymol etishga sababchi bo‘lsalar, jamiyat uchun umid qolmaydi.
Xulosa qilib aytganda, huquqqa ega bo‘lmagan holda mashina haydash va korrupsiya orqali jazolardan qutilib qolish holatlari jamiyatimizning salomatligiga jiddiy zarba beradi. Bu nafaqat shaxsiy hayotimizni xavf ostiga qo‘yadi, balki iqtisodiyotimizni, davlatning barqarorligini ham zaiflashtiradi. Biz hammamiz birgalikda, qonunga itoat qilish, korrupsiyaga qarshi qat’iy turish orqaligina sog‘lom va adolatli jamiyat qura olamiz. Har bir fuqaro o‘zining mas’uliyatini his qilishi, qonunni buzganlarni fosh etishi va korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etishi shart. Aks holda, biz o‘zimizni va kelajak avlodlarimizni xavf-xatarga duchor qilgan bo‘lamiz.
Nozima Yusufbekova.
halollik — bu faqat shior emas, balki fuqarolik burchi, vijdon mezonidir
Bugungi globallashuv davrida korrupsiya nafaqat bitta mamlakatning, balki butun insoniyatning jiddiy muammosiga aylangan. U davlatning iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘libgina qolmay, xalqning adolat va ishonch tuyg‘usini yemiradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish har bir jamiyatda ustuvor masala hisoblanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon ushbu illatga qarshi qat’iy siyosat olib bormoqda. So‘nggi yillarda korrupsiyani oldini olish, oshkoralikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida muhim huquqiy asoslar yaratildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezidentning tegishli farmonlari hamda Milliy kengash faoliyati bu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugun korrupsiya faqatgina rasmiy idoralarda emas, balki har bir inson ongida yengilishi kerak bo‘lgan illat sifatida qaralmoqda. Zero, halollik — bu faqat shior emas, balki fuqarolik burchi, vijdon mezonidir. Korrupsiyaning ildizini sug‘urib tashlash uchun yoshlarni halollik, mas’uliyat va qonunga hurmat ruhida tarbiyalash zarur. Shu maqsadda ta’lim muassasalarida “Halollik darslari” joriy etilib, o‘quvchilarda adolatli fikrlashni shakllantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikning o‘rni beqiyos. Har bir fuqaro e’tiborsizlik bilan yonash o‘rniga, qonunbuzarlikka nisbatan befarq bo‘lmasligi lozim. Chunki jimlik — korrupsiyaga yo‘l ochadi, faollik esa uni to‘xtatadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Halollik — bu har bir rahbar va xodimning kundalik hayot mezoniga aylanishi kerak”. Shu bois, bugungi kunda barcha sohalarda ochiqlik, hisobdorlik va samaradorlikni ta’minlash maqsadida raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilmoqda. Bu nafaqat korrupsiyani kamaytiradi, balki xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu bir kunlik yoki bir tashkilotning vazifasi emas. Bu jamiyatning barcha qatlamlari hamkorligida olib boriladigan umumxalq harakati bo‘lishi shart. Faqat shundagina biz adolat, halollik va ishonch hukmron bo‘lgan yangi O‘zbekistonni barpo eta olamiz.
Rayyona Omonova,
Andijon davlat chet tillari instituti 1-bosqich talabasi.
Korrupsiya: tarixdan saboq olib, kelajakni asraylik!
Korrupsiya bugun yoki kecha paydo bo‘lgan emas. U qadimdan to hozirgacha davom etib kelayotgan illatdir. Misol uchun, o‘rta asr davlarini olsak, u davrda ham boy va mansabdor kishilar o‘z manfaati uchun, korrupsiyadan (boylik yoki mansabdan) foydalanishgan, zodagonlar oddiy aholiga adolatsizlik bilan qarashgan. Agar boy va oddiy dehqon o‘rtasida muammo paydo bo‘lsa, sud yoki qoziga murojaat qilishgan va natija boyning foydasiga hal qilingan. Chunki bu davrda sud jarayonlari hozirgidek qonun asosida emas, balki "kim kuchli- o‘sha haq” tamoyiliga asoslangan edi. Ya’ni sud tizimida adolat emas, boylik va mansab muhim ro‘l o‘ynagan.
O‘rta asrlarda din jamiyat hayotida katta o‘rin tutsa-da, ayrim diniy rahbarlar ham o‘z mavqeyidan shaxsiy foyda uchun foydalanishgan. Yevropada ba’zi rohiblar "gunohdan poklanish’’ uchun indulgensiya (pul evaziga kechirim qog‘oz) sotishgan. Bu esa diniy korrupsiya shaklining bir turi edi. Sharq mamlakatlarida esa sulton yoki xonning atrofidagi "saroy amaldorlari’’ sovg‘a yoki tanga evaziga yuqori mansabga chiqishgan. Natijada davlat boshqaruviga munosib kishilar emas, o‘zini "haq’’ deb bilganlar boshqargan. Tabiiyki, bu holatda adolat yo‘qolganligi sababli xalq orasida isyonlar avj olgan , davlat zaiflashgan va natijada mamlakat tanazzulga duch kelgan.
Asrlar davomida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘layotganiga qaramay hozirgi davrga kelib ham u yo‘qolmadi. Masalan hozirgi korrupsiyalardan biri: universitetni bitirgan inson ishga joylashish uchun bironta tashkilotga borsa, aksariyat hollarda ishga qabul qilinishi uchun undan pul talab qilishadi. Albatta, insonlarga Ish zarurligi uchun aytilgan pulni berishga majbur bo‘lishadi. Nega axir? Yillab o‘qiysan, diplomli bo‘lasan, ishga joylashish onida esa adolatsizlikka duch kelasan. Bu adolatsizliklarga barham berish fursati kelmadimikin?!
Jamiyatimizdagi yomon illatlardan xalos bo‘lishimiz uchun har birimiz ma’sulmiz. Tarixdagi voqealardan saboq olib, mustahkam davlat va kelajak barpo etishimiz uchun korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashishimiz, adolat va halollik yo‘lidan ketishimiz kerak, chunki davlatni rivojlatirish ham barbod qilish ham bizning qo‘limizda.
Yillar davomida korrupsiyaga qarshi kurash uchun boshqalarni o‘zgartiraman degan g‘oya ilgari suriladi. Buning o‘rniga ,avvalo, o‘zim o‘zgaraman va boshqalarga o‘rnak bo‘laman degan fikr shakllansa jamiyatda o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.
Inson jamiyatni o‘zgartirishi uchun ta’kidlaganimdek, avvalo, o‘zini o‘zgartirishi kerak. Shundagina davlat ham jamiyat ham yuksaladi.
Zero, korrupsiya nafaqat qonun bilan, balki vijdon bilan ham kurashuvchi illatdir.
Anora Nabijonova,
Halollik – insonning eng katta boyligi
Bugungi kunda korrupsiya hayotimizning turli jabhalarida uchrab turadi. Ba’zan u katta miqdordagi pora yoki lavozim uchun kurash shaklida bo‘ladi, ba’zan esa kundalik hayotda oddiy, ammo og‘riqli holatlar sifatida namoyon bo‘ladi. Korrupsiya — zamonaviy jamiyatning eng xavfli va keng tarqalgan muammolaridan biridir. U ko‘pincha yuqori darajadagi jinoyat sifatida tasavvur qilinsa-da, kundalik hayotimizda kichik, ammo insoniy qadriyatlarga zarar yetkazuvchi holatlar orqali ham namoyon bo‘ladi. Shu maqolada men shaxsiy tajribalarim orqali korrupsiyaning oddiy ko‘rinishlarini va ularga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini yoritmoqchiman.
Bir kuni kasalxonada turgandim. Shifokorning oldiga kirishim kerak edi, lekin navbat juda uzun edi. Har kim o‘z dardiga shifo izlab kelgan, hammaning yuzida sabrsizlik va charchoq sezilardi. Shu payt bir ayol keldi. U hech kimdan ruxsat so‘ramasdan to‘g‘ri hamshira yoniga bordi, cho‘ntagidan pul olib, sekin hamshiraning cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Hamshira jilmayib, “kiravering”, dedi. Ayol esa bemalol shifokor xonasiga kirib ketdi. Bu manzara menga juda og‘ir ta’sir qildi. Chunki men va boshqalar halol navbat kutib turgandik. Kimdir og‘riqdan qiynalgan, kimdir bolasi uchun xavotirda, kimdir esa shunchaki adolat kutayotgan edi. Ammo birgina pul tufayli o‘sha adolat yo‘qoldi. Shunda o‘ylab qoldim: korrupsiya shunchaki pora emas, u jamiyatni ichidan buzadigan kasallik. Ba’zilar uchun bu odatiy holdek tuyuladi, lekin aslida u halollik, vijdon va ishonchni yemiradi.
Yana bir holatni eslayman. Opam universitetni tugatganidan so‘ng ishga joylashmoqchi bo‘lganida, ayrim joylarda “agar biroz berilsa, ish tezroq bitadi”, deb aytganini eshitganman. Bu ham korrupsiyaning eng ko‘p uchraydigan ko‘rinishlaridan biri. Shu payt men yana o‘sha fikrga bordim — halollik yo‘lidan og‘ish kerak emas. Chunki pora bilan olingan ishda baraka bo‘lmaydi, halol mehnat qilgan inson esa kech bo‘lsa ham muvaffaqiyatga erishadi.
Halollik har qanday jamiyatning tayanchi. Agar har bir inson o‘z burchini vijdonan bajarsa, hech kimga pora kerak bo‘lmaydi. Biz har birimiz halol qarorlarimiz bilan korrupsiyaga qarshi kurashamiz. O‘sha voqealardan so‘ng men o‘zimga so‘z berdim. Hech qachon bunday yo‘lni tanlamayman. Chunki halollik – bu faqat qonunga itoat etish emas, bu o‘z vijdoning oldida toza bo‘lishdir. Korrupsiya nafaqat tizimni, balki insonning ma’naviyatini ham buzadi.
Biz halol bo‘lsak, jamiyatda ishonch kuchayadi, adolat mustahkamlanadi. Halollik va poklik — insonni, oilani va jamiyatni yuksaltiradigan eng buyuk qadriyatlardir.
Sevinch Asqarova.
jamiyat dardiga aylangan illat
Hozirgi tez sur’atlarda o‘zgarayotgan zamonda “korrupsiya” tushunchasi hech kim uchun notanish emas. Korrupsiya shunday illatki,u nafaqat davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, balki jamiyatning ma’naviy asoslariga ham o‘z salbiy ta’sirlarini o‘tkazmay qolmaydi. Negaki, korrupsiya davlat gullab-yashnashiga to‘sqinlik qiluvchi eng katta muammolardan biri, agarda bu illat ildizi yanada chuqur tomir otaversa insonlar orasida ishonch yo‘qola boshlaydi, mas’uliyat hissi kamayadi.
Ayrim sohalarda korrupsiyaning kelib chiqishiga ma’lum sabablar turtki bo‘ladi. Ishxonalarda past maosh va ijtimoiy kafolatlarning yetishmasligi korrupsiya sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Misol qilib aytadigan bo‘lsak,bir shaxs yuqori maosh oladigan ish joylariga kirish uchun korrupsiyaga qo‘l uradi. Bundan tashqari nazorat tizimining sustligi, insonlarda huquqiy savodxonlik pasligi, hamda jamiyatda “tanish-bilish” madaniyatining kuchli bo‘lishi ham eng katta sabablardan biri sifatida qaraladi. Masalan,Oliy o‘quv yurtlarida talabalar va ustozlar orasida ham bu holatga duch kelish mumkin. Talabalar yaxshi baho olish, semestrlardan qiyinchiliksiz o‘tib olish maqsadida mana shu “qora yo‘l”ga qo‘l uradi. Bu esa o‘z navbatida talabalar o‘rtasida norozilik kayfiyatini keltirib chiqaradi, bilimli va mana shunday noto‘g‘ri yo‘lni tanlagan talabalar o‘rtasida tengsizlik kelib chiqa boshlaydi, eng muhimi esa adolat tamoyillariga putur yetadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ham korrupsiyani oldini olish, adolatni ta’minlash maqsadida turli islohotlar olib borilmoqda. Ulardan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga Qarshi Kurashish Agentligidir. Ushbu agentlik 2020-yilning 29-iyun kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Agentlik fuqarolik jamiyati,ommaviy axborot vositalari, mahalliy boshqaruv organlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayollar orasida halollikni targ‘ib qilishni maqsad qilgan turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shu bilan birga “E-anticor.uz” platformasi, ”Elektron hukumat” loyihasi, ”Ochiq budjet” kabi tizimlar joriy etilgan bo‘lib, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina davlat idoralarining emas, balki har bir fuqaroning burchidir. Insonlar orasida, ayniqsa bugun o‘sib kelayotgan yoshlar orasida halollik, vijdon, mas’uliyat kabi qadriyatlarni mustahkamlash-kelajakda korrupsiyasiz jamiyatni barpo etishning asosiy shartlariga aylangan. Har birimiz o‘z kasbimizda halol bo‘lsak, jamiyatda adolat va ishonch mustahkamlanadi. Chunki korrupsiyasiz jamiyat — bu haqiqiy taraqqiyot garovidir.
Sevara Alimova.
Singapur tajribasi: korrupsiyani qonun bilan emas, madaniyat bilan yengdi
Nimadirga qarshi kurashish uchun, eng avvalo, u haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish kerak. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda bu yanada muhim, chunki ko‘pchilik korrupsiyani faqat bir yo‘nalishda — pora berish yoki olish sifatida tasavvur qiladi. Aslida, bu ancha murakkab va ko‘p qirrali.
Korrupsiyaning asosiy turlari quyidagilardan iborat:
Poraxo‘rlik — pora olish yoki berish orqali qarorlarni sotib olish.
Tanish-bilishchilik (nepotizm) — lavozim yoki imtiyozlarni tanishlarga berish.
Vakolatni suiiste’mol qilish — o‘z vakolatini shaxsiy foyda yo‘lida ishlatish.
Firibgarlik va moliyaviy o‘g‘irlik — davlat yoki tashkilot mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish.
Siyosiy korrupsiya — siyosiy kuch yoki lavozimni shaxsiy yoki guruhiy manfaatga ishlatish.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oddiy poraxo‘rlik holatlari kamaygani kuzatilmoqda. Ammo boshqa turdagi korrupsion xatti-harakatlar — byudjet mablag‘larini noto‘g‘ri sarflash, moliyaviy firibgarlik, mansabni suiiste’mol qilish — ortib bormoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni 4649 taga yetgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 12,6 foizga ko‘p degani. Natijada davlat manfaatlariga 2,81 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Ayniqsa, Andijon viloyati 680 milliard so‘mlik korrupsiyaviy jinoyatlar bilan eng ko‘p aniqlangan hududlar qatoriga kirgan.
Shu o‘rinda, dunyo tajribasiga nazar tashlash foydadan xoli emas. Ayrim davlatlar korrupsiyani yengishda biz orzu qilayotgan natijaga allaqachon erishgan. Ularning ichida eng e’tiborlilardan biri — Singapur tajribasidir.
Har bir davlat tarixida shunday davrlar bo‘ladiki, unda jamiyat “endi yetar” degan charchoq chegarasiga yetadi. Singapur uchun 1950-yillar ana shunday yillar edi. Pora berish va olish hayotning bir qismi bo‘lib qolgan, ishonch esa yo‘qolgan edi. Oddiy odam hujjat olmoqchi bo‘lsa, pul kerak; ishga kirishmoqchi bo‘lsa, tanish kerak. Korrupsiya davlatni ichidan yemirib borayotganini ko‘rgan xalq esa asta-sekin umidini yo‘qotayotgan edi.
Ammo tarixda ba’zan bir qaror butun yo‘nalishni o‘zgartiradi. 1959-yilda Lee Kuan Yu boshchiligidagi hukumat ishni “tozalash”dan boshladi. Bu “tozalash” oddiy kampaniya emasdi — u o‘z xalqining ongini o‘zgartirishga qaratilgan edi. U shunday degan:
“Biz halol hukumat qurmoqchimiz, demak, avvalo halol yashash imkonini berishimiz kerak.”
Davlat xizmatchilarining oyliklari oshirildi, mol-mulki ochiq e’lon qilina boshlandi, eng muhimi — hech kim qonundan ustun bo‘lmasligi qat’iy belgilandi. Shunda “CPIB” — Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi tashkil etildi. U hatto vazirlarni ham tekshira oladigan darajada mustaqil edi.
Lekin bu yo‘l silliq kechmadi. Dastlab davlat ichida keskin qarshiliklar bo‘ldi: kimdir o‘z mansabini yo‘qotishdan qo‘rqdi, boshqalar esa “hukumat haddan oshmoqda” deb norozi bo‘ldi. Xalq orasida ham ishonchsizlik kuchli edi — odamlar “bu ham vaqtincha” deb o‘ylashardi. Ammo vaqt o‘tgan sayin harakatlar natija bera boshladi. Poraxo‘r amaldorlar ochiq sudlarda jazolandi, jamoatchilik esa asta-sekin hukumatni himoya qila boshladi.
Bu og‘riqli, ammo hal qiluvchi davr edi. Singapur korrupsiyani qonun bilan emas, madaniyat bilan yengdi. Maktablarda “halollik darslari” o‘tildi, OAV halol amaldorlarni targ‘ib qildi, jamiyat esa asta-sekin halollikni me’yor deb bilishni o‘rgandi.
Bugun Singapur dunyodagi eng shaffof 5 davlatdan biri. Korrupsiya bu yerda nafaqat jinoyat, balki uyat, or-nomusga zid ish hisoblanadi. Bu natijaga ular jazolash bilan emas, uzoq muddatli ishonch siyosati bilan erishdi.
Shu tarixdan biz uchun uchta asosiy saboq chiqadi:
1. Halollikni faqat qonun bilan emas, madaniyat bilan mustahkamlash kerak.
2. Islohotlar har doim qarshilik tug‘diradi, ammo davom etish zarur.
3. Fuqarolik ishonchi — har qanday qonundan kuchliroq.
Va, ehtimol, eng muhim saboq shuki: korrupsiyaga qarshi kurash — bu bir avlodning emas, butun xalqning ishi. Biz ham shu yo‘lni tanlasak, tayyor bo‘lishimiz kerak — tanqidga, shubhalarga, vaqtinchalik qiyinchiliklarga. Chunki tarix ko‘rsatadi: har bir adolatga intilgan xalq avval og‘riqni boshidan o‘tkazadi, so‘ng faxr bilan natijasini ko‘radi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani faqat qonunlar bilan emas, madaniyat, texnologiya va ishonch bilan yengish mumkin.
O‘zbekiston bu yo‘lda allaqachon harakatni boshlagan, endi bu tizimni uzluksizlik va fuqarolik ishtiroki bilan mustahkamlash zarur.
Biz korrupsiyadan qachon xalos bo‘lamiz? Qachonki har bir inson halollikni foyda emas, oriyat deb bilsa. Qachonki jamiyat halol yashashni qahramonlik emas, oddiy odat deb qabul qilsa. Ana shunda biz “qo‘rqib emas, tushunib halol yashash” darajasiga yetamiz.
Va aynan o‘sha kuni — biz haqiqatan ham ozod jamiyat bo‘lamiz.
Shu sababli, menimcha, korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat idoralarining vazifasi emas. Bu har bir fuqaroning halolligi, mas’uliyati va fuqarolik pozitsiyasiga ham bevosita bog‘liq. Chunki korrupsiyani yo‘qotish — uni jazolashdan ko‘ra chuqurroq masala. Uning asl sabablari va qanday ishlash mexanizmlarini tushunish, jamiyatda ochiqlik va hisobdorlik madaniyatini shakllantirish zarur. Zero, haqiqiy o‘zgarish inson ongidan boshlanadi. Halollik esa — eng kuchli quroldir.
Muslima Qaxramonjonova.
pul “gapirishi”dan qachon qutilarmiz
Sarlavhani o‘qishingiz bilan: " Nima bu yozuvchimiz juda bir ajoyib ekan-ku ", - deyishingiz tabiiy hol. Kimga ham yoqmaydi, ishi oson bitishi? Hammasi besh bo‘lishi uchun shunchaki cho‘ntagingiz "qappaygan" bo‘lsa kifoya, olam guliston. Siz uchun hamma eshiklar ochiq, maktabga bormay, a’lo baholarga bitirasiz, oliy ta’limga kirmoqchimisiz, mana marhamat kursingizni tanlang, o‘qigingiz kelmayaptimi, mayli diplomni shunday berib qo‘yaveramiz. Ishga kirishingiz kerakmi, ozgina "kal bobo"dan ayamasangiz ish yo‘q joydan bo‘m-bo‘sh ish o‘rni tappa-tayyor. Qanday ajoyib shunday emasmi?!
"Haqiqat ko‘p ulug‘ narsa-ku, bitta kamchiligi bor: har doim ham shirin bo‘lavermaydi. Achchiq haqiqat foydali narsa-ku, uning ham bitta kamchiligi bor: har kimga ham yoqavermaydi",- degan edi O‘tkir Hoshimov o‘zining "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" asarida. Darhaqiqat, hozirgi "pul gapiradigan" zamondagi bir necha "muammochalar"ni so‘ylasak, aybga buyurishmas.
Korrupsiya o‘zi nima? Bizni dasta pul tutqazishimizmi yoki "marhamatli" insonlarning ishni bitirib berib himmatlarini ko‘rsatishlarimi? Fikri ojizimcha, ushbu rollar har biri o‘z mahoratlarini yetarlicha ko‘rsatmoqda. Ayni ma’noda "bir qo‘ling berganini boshqasi bilmasin" maqolini yangi talqinda ko‘rmoqdamiz: "bir qo‘ling olganini boshqasi bilmasin". Qoyilotun qoyilun!
"Bu yozuvchimiz juda gapni olarkanda" - demang. Boshdan kechirgan inson albatta biladi-da. Bunday dilni xira qiladigan holatlar kaminada ham bo‘lgan. Endi bular haqida o‘ylashdayoq, qalb og‘riydi. Mayli, yozganim bo‘lsin.
Kollej paytlari... Yaxshi o‘qish, hunar o‘rganishning ayni vaqti. Darslarga har kuni boramiz, qoldirmaymiz, " NB" olishda qo‘rqasan-da deyishingiz mumkin, haqsiz. Endi kim ham xohlaydi, ortiqcha chiqimni. Shunday qo‘rquvlar, katta maqsadlar bilan bilim dargohimizni ham bitirdik, qo‘lda "bir quchoq" to‘rt va "ovqat umuman yemay, ozib ketgan" beshlar bilan to‘lgan ko‘m-ko‘k diplomcha. O‘qish davomida, imtihonda bir marta ko‘rgan va men o‘qituvchi deb o‘ylagan kursdoshimda esa "lovullab turgan" qip-qizil diplomcha. Yurak yondi-yu, keyin xo‘rligim keldi. Meni ham ammam o‘qituvchi bo‘lsa bo‘lmasmidi, deb tuni bilan o‘ylab chiqqandim...
Bu yerda kimni ayblashga ham hayron qoladi kishi. Istalgan yo‘nalish, istalgan kasbda bor bunday jamiyat yaralari. Xoh ta’lim, xoh san’at, xoh insonni hayotini hal qiladigan sog‘liqni saqlashda ham. "Puling bo‘lsa, sendan zo‘ri yo‘q, yo‘q bo‘lsa - xori ". Maqollarni ham tuzib tashlaydi bu bechora ko‘ngil, ezilganda. Qachongacha bunday davom etamiz?!
Mening fikrimcha, o‘zgarishni avvalo, tarbiyadan, avvalo oiladan boshlash kerak. Chunki farzandga ota-ona tarbiyani yaxshi berarkan, u jamiyatga olgan tarbiyasini akslantiradi. To‘g‘ri bitta ota-ona harakat qilsa, o‘xshamas, lekin butun jamiyat bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilar ekan, bunday qoraliklar samaraliroq yo‘qotiladi. Zero Abdulla Avloniy bekorga: "Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir" deya ta’kidlamagan. O‘zgarish vaqti keldi - hamma uchun. O‘zgarishni, avvalo, o‘zimizdan boshlaylik!
Gulsanam Abdullayeva,
Andijon Davlat Universiteti Filalogiya yo‘nalishi 1-bosqich talabasi.
ta’limda “ko‘rinmas g‘anim”ga o‘rin bo‘lmasligi kerak
Korrupsiya-jamiyat taraqqiyotining tanazzulga yuz tutish sababchisi. U “jamiyatga tushgan qurt” sifatida e’tirof etiladi, negaki ushbu illat uchun qayerda tomir otish imkoniyati berilsa, so‘nggida tasavvurga sig‘mas talafotlarni keltirib chiqarishi tabiiy holga aylanadi. Korrupsiya sababli xalq o‘rtasida ishonchsizlik tuyg‘usi kuchayib, adolat tizimining ildiziga bolg‘a uradi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, har bir davlat va jamiyatda korrupsiya nomli “Yashirin dushman” bilan uzoq yillar davomida kurashib kelinadi. Xo‘sh, bu illatning tomir otishiga kimlar yoki nimalar sababchi?
Avvalo,shuni ta’kidlash lozimki, korrupsiyaning eng dastlabki sababi-o‘z lavozimini suiiste’mol qilishlik. Ya’ni bir shaxsga mansabi yuzasidan ishonib topshirilgan muhim vazifani moddiy taraflama (pul, lavozim kursisi va h.k ko‘rinishlarda) va’da etilgan narsa tufayli buzishdir. Bunga yaqqol misol sifatida kuni kecha Asosiy fan olimpiadasida (14-oktyabr kuni boshlanganidan ,tabiiyki, xabaringiz bor) matematika fanidan test savollari jarayon boshlanmasdan avval, soat 7:32 lar atrofida, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan va 200 ming so‘m evaziga o‘quvchilarning olam-olam orzulari “pullangan”. Ushbu holat murg‘ak qalblarda “qani adolat?” degan hayqiriqlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lmaydi deysizmi? Buni biz eshitmaymiz, xolos. Ammo shukrlar bo‘lsinki, bu jarayonga korrupsiya aralashgani mutasaddilar tomonidan aniqlandi va matematikadan olimpiada qayta o‘tkazilishi belgilandi. Natijada, hech bir jinoyatning jazosiz qolmasligi tasdiqlandi.
Ikkinchidan, ushbu “ko‘rinmas g‘anim” ta’lim sohasida ham o‘rnashib olishi yurt taraqqiyotining kushandasi hisoblanadi. Negaki o‘quvchilarning ongida mavzularni to‘liq o‘zlashtirmay turib, uni pul bilan “yopib olish imkoniyati”ning mavjudligi davlatni bilimsiz kadrlar bilan “ta’minlashdan” boshqa narsa emas. Ayniqsa, tibbiyot sohasidagi korrupsion holatlar bu - hayot-mamot masalasi. Biroq so‘nggi yillarda barcha tizimlarning raqamlashtirilishi jamiyatdan asta-sekinlik bilan poraxo‘rlik illatining tomirini kesmoqda.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda har bir qalbida vatan tuyg‘usi jo‘sh urgan inson uchun korrupsiyaga qarshi kurash ham farz, ham qarzdir. Bu jihatdan o‘zbek xalqining bir yoqadan bosh chiqarishi ulkan cho‘qqilarni kafolatlaydi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z nutqida: ”Korrupsiya-islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov” , - deya ta’kidlashi ham har bir shaxsni bunga qarshi kurashishga undamay qolmaydi.
Madinabonu Tojixo‘jayeva,
Andijon davlat universiteti 1-bosqich talabasi.
Xalqaro tashkilotlar korrupsiyaga qarshi qanday kurashadi?
Bilamizki, dunyoda ko‘plab xalqaro tashkilotlar bor. Ulardan ba’zilari davlatlar o‘rtasidagi tinchlikni ta’minlasa, ba’zilari inson huquqlarini yoki bolalar huquqlarini himoya qilishadi. Lekin korrupsiyaga ham qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar borligidan xabaringiz bormidi?
Ulardan biri Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi United Nations Convention against Korrupsion (UNCAC) ya’ni, Korrupsiyaga qarshi Birlashgan Millatlar Konvensiyasi. Bu tashkilot 2003 - yil Meksika, Merida shahrida tashkil topgan. 2005 - yil 14 - dekabrdan kuchga kirgan. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlari 187 ta davlat a’zodir. Asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
1. Korrupsiyani oldini olish; davlat boshqaruvida shaffoflik, halollik, hisobdorlikni oshirish, davlat xizmatchilari uchun axloq kodekslarini joriy etish.
2. Jinoyatni e’lon qilish va jazolash; pora olish, pora berish, mansabni suiiste’mol qilish jinoyat sanaladi.
3. Xalqaro hamkorlik; korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatchilarni topish, hujjatlar almashish va qo‘shma tergovlar.
Bu dunyo miqyosidagi yagona majburiy xalqaro hujjat bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun universal standartlarni belgilaydi.
Yana bir tashkilot Iqtisodiy Hamkorlik va Rivojlanish Tashkiloti (OECD) 1997 - yil Parijda tashkil topgan bo‘lib, hozirda 46 ta mamlakat a’zo. Asosiy maqsadi kompaniyalar va shaxslarning xorijiy davlat mansabdorlariga pora berishini jinoyat deb belgilash, xalqaro biznesdagi tilini ta’minlashdan iborat.
Bu tashkilot konvensiyasi tufayli ko‘plab davlatlar jumladan, AQSH, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya o‘z qonunlarini xalqaro standartlarga moslashtirgan.
Yevropa Kengashi - Council of Europe (COE) 1999 - yilda tashkil topgan bo‘lsa-da, 2002 - yilda kuchga kirgan. 50 dan ortiq davlat a’zo, O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida qatnashadi.
Afrika Ittifoqi - African Union 2003 - yil Maputo Mozambikda qabul qilingan. 44 ta Afrika davlatlari a’zo.
Asosiy maqsadlari - davlat resurslarining talon-toroj qilinishiga qarshi chora-tadbirlar, davlat rahbarlari va amaldorlar daromadlarini oshkora e’lon qilish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash kabilardan iborat.
Korrupsiya nafaqat bir davlatning balki butun dunyoning muammosidir, shu sababdan ham unga qarshi hamma kurashmoqda.
Xadichaxon Jaloliddinova,
Andijon Davlat Chet tillari Instituti 2 - bosqich talabasi.
yuksak ma’naviyatli insonni har qanday illat domiga torta olmaydi
Korrupsiya kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Bu azaldan jamiyat qoniga singib borgan bir illat. Ehtimol uni parazit deb ham atash mumkindir?! Nega? Chunki mana shu illat odamlar orasida davlatlar paydo bo‘lmasdan avval mavjud edi va hali-hanuz yanada gurkuramoqda. Aytish joizki, qachon insonlar boshiga kulfat tushganda, o‘z mansablari yo‘lida, o‘z manfaatlariga to‘g‘ri keladigan har qanday chora-tadbirlarda va shu kabi yo‘llarda ularning ongiga yorug‘lik tezligi singari mana shunday halokatli yo‘llar keladi.
Korrupsiyaning kelib chiqishida jamiyatni asosiy elga qo‘ysak, uning ob’ektini adolatni unutgan hamda befarq jamiyat a’zolarini olamiz. Chunki, bu kabi insonlarda ma’naviy yemirilish kuzatiladi va jamiyatda adolatsizlik, ishonchsizlik kabi muhitning kuchayishiga olib keladi. Halol mehnat qilayotganlarga zarar yetkazadi, inson huquqlari poymol etiladi. Natijada hayot sifati pasayadi va jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi. Axloq jihatidan to‘g‘ri kelmaydigan bu urinishlar davlat va jamiyat o‘rtasida tuzilgan shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qonunlariga zid hisoblanib ularga o‘rnatilgan tartib-qoidalari bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Korrupsiya konstitutsiyaga zid bo‘lganidan tashqari, diniy qadriyatlarga ham qarshi hisoblanadi va ikki tomondan ham qat’iy qoralanadi. Shu bilan birga dinimizda ham adolatli bo‘lishga, boshqalarning huquqlarini himoya qilishga chaqiriladi.
Jamiyatni tubdan o‘z iskanjasiga o‘rab olgan bu vosita yuqorida aytib o‘tilgandek uning mavjudligi qadim tarixga borib taqaladi. Tarixga bir nazar tashlasak, Mesopotamiya, Rim va boshqa davlatlarda davlat lavozimlariga tayinlash jarayoni ko‘pincha pora va shaxsiy manfaatlari asosida amalga oshirilgan . Masalan, yuqori lavozimli shaxslar o‘z pozitsiyasini saqlash yoki kengaytirish uchun pora berish yoki olish holatlari kuzatilgan.
Xulosa qilib aytganda, kuzatilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, avvalo insonlarning ma’naviyatini oziqlantirish hamda o‘stirish zarur. Sababi ma’naviyati keng, yuksak bo‘lgan insonlarni hech qanday illat yoki poraxo‘rlik singari vositalar o‘z domiga torta olmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov "Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch" deya ta’kidlagan.
Barno Muxitdinova.
Tanish-bilishchilik ham korrupsiyami?
"Korrupsiya", "poraxo‘rlik", "tanish-bilishchilik" - bu so‘zlarni kundalik hayotda ham ko‘p uchratamiz. Ko‘pchilik bu illatlarga oddiy hol sifatida qaraydi. Aniqroq qilib aytganda, ular jamiyatning bir qismi bo‘lib qolgan. Bunga asosiy sabab, insonlarning ongida bu tushunchalar to‘g‘ri shakllanmagan. Shu sababli, ularga qarshi kurashish zarurati yetarlicha his qilinmaydi. Sababi, ba’zi odamlar korrupsiyani faqat katta miqdordagi pora olish yoki davlat idoralaridagi jiddiy jinoyat bilan bog‘liq tushuncha sifatida qabul qiladi. Ammo, korrupsiya bundan ham kengroq, ya’ni kichik poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi e’tiborga olinmaydigan harakatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Korrupsiyani kundalik hayotimizda ham uchratib turamiz deyishim bejizga emas, sababi xizmat ko‘rsatish jarayonlarida, tibbiyot yoki ta’lim tizimida ham korrupsiyaga duch kelamiz. Bunga hayotiy misol keltirib o‘tishim mumkin. Yaqindagina xolam o‘g‘lini ixtisoslashtirilgan maktabga kirgizish uchun $200 to‘ladi. Bilamizki, ixtisoslashtirilgan maktablar bilimli o‘quvchilarni saralab olish uchun imtihon o‘tkazadi va eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarni qabul qiladi (qilishlari kerak ! ). Lekin aslida u o‘quvchilarning deyarli yarmi tanish-bilishchilik orqali yoki pora bilan kirgan. Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlab o‘tishim lozim, ular sababli haqiqiy bilimli, iqtidorli o‘quvchilar imkoniyatidan ayriladi. Sababi ularning o‘rniga kelishib qo‘yilgan o‘quvchilar maktabga qabul qilinadi. Menimcha, har bir ota-ona farzandini yaxshi joyda, bilimli bolalar orasida o‘qishini xohlaydi. Shu sababli, ular talab qilingan summani ikkilanmay berishga majbur bo‘ladi. Ammo, ta’lim sohasiga ham korrupsiyaning aralashishi achinarli holat. Yosh avlodga bilim berayotgan o‘qituvchilarning bunday ishlarga aralashishi undan-da achinarli holatdir.
Hozirda ko‘plab televideniye, davlat idoralari yoki yaqin atrofimizdagilar ham korrupsiyaga chek qo‘yish kerakligini ta’kidlaydi. Ammo korrupsiyaga chek qo‘yishni, avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz, hayotda halol va odil bo‘lib yashashimiz lozim. Har bir inson kichik narsalarda ham halollik bilan ish tutsa, adolatli bo‘lsa, nafaqat o‘z vijdoni oldida, balki jamiyat oldida ham to‘g‘ri inson bo‘lib qoladi. Shu sababli, o‘zimizni o‘zgartirish - bu faqat o‘z foydamiz uchun emas, balki jamiyatimizni yaxshilashga xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘zimiz halol bo‘lsak, boshqalardan halollik kutishimiz mumkin. Zero, halol yo‘l bilan amalga oshirilgan har qanday ishning oxiri, muvaffaqiyat bilan yakunladi.
Mohidiloy Abdurahmonova,
Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi.
asr muammosiga aylangan illat
Bugungi kundagi eng og‘riqli muammolardan biri bu - korrupsiyadir.
Korrupsiya mamlakatimiz taraqqiyotiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu sababli ham bu illatni "taraqqiyot kushandasi" deb atash bejiz emas.
"Korrupsiya so‘zi lotincha "corruptio" - buzilish, sotilish, halollikdan chekinish degan ma’nolarni anglatadi. U turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: pora olish va berish, tanish-bilishchilik, hujjatlarni o‘zlashtirish va soxtalashtirish va hokazo. Korrupsiya tufayli, halol mehnat qilayotgan insonlar o‘z mehnatining natijasini ko‘rolmaydilar. Bu illat insonlarning eng og‘riqli tomoni. Korrupsiya qarshi kurash faqat davlat idoralarining yoki maxsus tashkilotlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Yurtimizdagi har bir fuqaro halollik, vijdon va qonuniylik tamoyillariga amal qilsa, korrupsiyaga o‘rin qolmaydi.
Davlatimizda bu borada keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi faoliyati, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash - bularning barchasi korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilishga qaratilgan muhim choralardir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, korrupsiya taraqqiyot, adolat va ishonchni yemiradi. Shuning uchun ham har birimiz, ayniqsa biz yoshlar bu illatga befarq bo‘lmasligimiz, halollik va poklik kabi xislatlarga amal qilib, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Halol insonlar ko‘p bo‘lgan jamiyatda taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Shunday ekan, keling, korrupsiyaga qarshi kurashni o‘zimizdan boshlaylik.
Kumushbibi Xayitboyeva.
kelajakni o‘g‘irlaydigan xavf
Bugungi kubda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiyaga so‘ngi yillarda xalqaro miqyosida transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.
Korrupsiya-bu jamiyat taraqqiyoti , iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy adolatga eng katta tahdid soluvchi illatlardan biri.U nafaqat davlat boshqaruvi tizimiga , balki fuqarolarning ongiga , ishonchiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Korrupsiyaning jamiyatga ta’siri
Korrupsiya keng tarqalgan davlatlarda:qonun ustuvorligi zaiflashadi,iqtisodiy osish sekinlashadi, aholining davlatga bo‘lgan ishonchi pasayadi, ta’lim, tibbiyot, biznes kabi sohalarda tenglik buziladi.
Korrupsiyaning asosiy salbiy jihati shundaki, u jamiyatning har bur qatlamiga kirib boradi va odamlarda "halollik foyda bermaydi"degan xato tushunchani shakllantiradi.
Tanish-bilish ham korrupsiya
O‘zbekiston so‘ngi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator islohotlarni amalga oshirmoqda. Xususan:
"Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi " tashkil etildi;
Davlat xizmatlarida shaffoflik kengaytirildi;
Elektron hukumat tizimlari joriy qilindi ;
Ochiq ma’lumotlar portallari ishga tushirildi.
Bu chora-tadbirlar korrupsion holatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Korrupsiya kelajakni o‘g‘irlaydigan xavf
Korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo‘li -yosh avlod ongida halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlashdir . Ta’lim muassasalarida :
Haqiqiy savodxonlikni oshirish,halollik darslari,
Yoshlar o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish kabi ishlar shunday immunitetni shakllantirishga yordam beradi.
Korrupsiya ijtimoiy adolatni yemiruvchi yashirin kuch
Raqamlashtirish - inson omilini kamaytiradi, natijada poraxo‘rlik ehtimoli pasayadi.
Shaffoflik- davlat xarajatlarini, tanlov va tender jarayonlarini ochiq e’lon qilish.
Jamoatchilik nazorati- fuqarolarning faol ishtiroki, OAV va blogerlarning erkin kuzatuvi.
Xulosa.
Korrupsiyaga qarshi kurash -bu bir kunlik yoki bir tashkilotning ishi emas. Bu butun jamiyatning umumiy maqsadi, umumiy mas’uliyatidir. Har bir fuqaro halollik va ma’sumiyatni ozidan boshlab amalga oshirsa, jamiyatda adolat tamoyillari mustahkamlanadi , davlat esa yanada rivojlanadi.
Hilola Sotvoldiva
Adolat — pul bilan o‘lchanmaydi
Korrupsiya — bu nafaqat jinoyat, bu jamiyat tanasidagi sekin-asta yoyilayotgan kasallikdir. U qayerda paydo bo‘lsa, o‘sha joyda ishonch yo‘qoladi. Ishonch yo‘qolganda esa taraqqiyot to‘xtaydi.
Ba’zi odamlar “Bir marta olay, hech kim bilmaydi”, deb o‘ylaydi. Aslida, bilmaydigan hech kim yo‘q — xalq biladi, vijdon biladi. Eng yomoni, o‘sha “kichik pora” ertangi kunni qora qiladi. Chunki bugun 100 ming so‘m olayotgan kishi ertaga millionlab imkoniyatlardan ayriladi.
Korrupsiya ko‘pincha oddiy illatdan boshlanadi: tanish-bilishchilik, “bir og‘iz iltimos”, “meniki-ku”, degan so‘zlardan. Ammo natijada bir emas, yuzlab insonlarning haq-huquqi poymol bo‘ladi. Bu — jamiyatni ich-ichidan yemiruvchi jarayon.
Endi o‘ylab ko‘raylik: kim korrupsiyani to‘xtata oladi? Faqat davlatmi? Yo‘q. Korrupsiya har bir insonning halolligidan boshlanadi. Agar har birimiz o‘z ishini pok niyat bilan, vijdon bilan bajarsa, korrupsiyaga joy qolmaydi.
Halol ishlayotgan shifokor, adolatli o‘qituvchi, vijdonli inspektor — bular korrupsiyaga qarshi eng katta quroldir. Chunki qonun jazolaydi, lekin vijdon tuzatadi.
Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish — bu faqat shior emas, bu yashash madaniyatimiz bo‘lishi kerak. Chunki adolat — pul bilan o‘lchanmaydi, halollik esa insonning eng katta boyligidir.
Roʻzixon Oʻktamjonova.
korrupsiyaga qarshi qanday qonun va jazolar borligidan xabaringiz bormi?
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi bir qancha qonun va huquqiy normalar mavjud. 2017-yilda ’’Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risi”da Qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks korrupsiyaga aloqador jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklarni belgilaydi. 2023-yilda esa "korrupsion jinoyatlar" tushunchasi aniqlashtirilib, jinoyatlar uchun jazolarni kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilgan.
Ma’muriy javobgarlik: masalan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi talablarini buzgan mansabdorlar uchun 3-5 bazaviy hisoblash birliklari miqdorida jarima belgilangan. Agar takroran bir yil ichida qayta sodir bo‘lsa, 5-10 baza birliklarida jarima bor.
Jinoyat bo‘yicha: Korrupsiya jihatidan jinoyatga tushadigan holatlar, masalan, pora berish, mansabni suiiste’mol qilish va xuddi shunday jinoyatlar uchun jazolarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Hozirgi hisoblashlarga ko‘ra , davlat xizmatchilariga nisbatan pora bilan bog‘liq jinoyatlar kamayib borayotgan, biroq boshqa korrupsiya turlari - byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, mansabni suiiste’mol qilish ko‘paymoqda.
O‘zbekistonning Jinoyat Kodeksi "Korrupsiyaga oid jinoyatlar" bo‘limi to‘ldirilmoqda, 205-modda "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish", 210-modda "Pora olganlik", 211-modda "Pora berganlik", 212-modda "Pora olish-berishda vositachilik qilish" kabi bir qator moddalar mavjud.
Xadichaxon Jaloliddinova,
Andijon Davlat Chet tillari Instituti 2-bosqich talabasi.
BIZ KORRUPSIYAGA QARSHIMIZ
Har qanday jamiyatning taraqqiyoti, xalqning farovonligi va davlatning obro‘si adolatga, halollikka va qonun ustuvorligiga bog‘liq. Ammo afsuski, insoniyat tarixi davomida shunday illat borki, u har qanday tizimni izdan chiqaradi, adolatni soya qiladi va odamlarni ishonchsizlikka yetaklaydi. Bu illat — korrupsiyadir.
Korrupsiya so‘zi lotincha “corruptio” — “buzilish, halollikdan chekinish” degan ma’noni anglatadi. Uning mohiyati shundaki, ayrim shaxslar shaxsiy manfaat yo‘lida o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qiladilar, pora oladilar yoki beradilar, adolatni sotadilar. Bu nafaqat qonunbuzarlik, balki insonlikka, vijdonga va vatanparvarlikka xiyonatdir. Korrupsiya nafaqat iqtisodiy sohada, balki ma’naviy jihatdan ham katta talafot keltiradi. U mehnatkash insonlarning ishonchiga putur yetkazadi, yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini so‘ndirib qo‘yadi. Masalan, agar bir kishi mehnati bilan emas, pora orqali yuqori lavozimga chiqsa, halol mehnatning qadri qolmaydi. kurash olib bormoqda. Bu esa jamiyatda adolatsizlik muhitini yuzaga keltiradi. Korrupsiya mavjud bo‘lgan mamlakatda rivojlanish to‘xtaydi, investitsiyalar kelmaydi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari izdan chiqadi. Shu sababli dunyodagi barcha davlatlar bu illatga qarshi qat’iy kurash olib bormoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas. Bu har bir fuqaroning vijdoni va burchi hisoblanadi. Agar har bir inson pora olishni yoki berishni rad etsa, o‘z burchini halol bajarsa, adolat ustuvor bo‘ladi. Yoshlar orasida halollik, poklik, vatanparvarlik, mas’uliyat hissini kuchaytirish muhimdir. Maktab va kollejlarda “halollik darslari”ning o‘tkazilishi, turli targ‘ibot tadbirlari, ommaviy axborot vositalarida adolatni ulug‘lovchi chiqishlar — bularning barchasi yosh avlod ongida to‘g‘ri hayotiy yo‘nalishni shakllantiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda. “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun, maxsus agentliklar va jamoatchilik nazorati tizimi — bularning barchasi jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat boshqaruvi tizimida raqamli texnologiyalar joriy etilib, inson omilini kamaytirish orqali pora olish va suiiste’mol holatlariga chek qo‘yilmoqda. Bu — yangi, halol, adolatli O‘zbekistonning poydevoridir.
Biz yoshlar bu kurashning asosiy ishtirokchilari bo‘lishimiz lozim. Chunki kelajak bizniki. Biz bilimli, vijdonli va halol bo‘lsak, ertangi kunimiz ham yorug‘ bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi turish — faqat “yo‘q” deyish emas, balki hayotimizni halollik, mehnat va insof asosida qurishdir. Halollik — bu nafaqat insonning sifatidir, balki millatning kuchidir. Shuning uchun ham biz har kuni o‘z hayotimizda “men pora olmayman”, “men adolat tarafdoriman”, “men halol mehnat bilan yashayman” degan shior bilan yashashimiz lozim.
Nargiza Bozarova,
Andijon davlat tibbiyot instituti 4-bosqich talabasi.
jamiyatning yashirin dardi
Har birimiz hayotda shunday holatlarga duch kelamizki, go‘yo kichik bir “rahmat” yoki “sovg‘a” bilan ish bitadigan tizim paydo bo‘lgandek tuyuladi. Aslida esa, shu “kichik” deb o‘ylagan illat bugun butun jamiyatning ildizini chirityapti. Korrupsiya — nafaqat qonunni buzish, balki ishonchni o‘ldirish, adolatga bo‘lgan umidni sindirishdir.
Bir tanishimning boshidan o‘tgan voqeani aytmoqchiman. U o‘g‘lini maktabga joylashtirmoqchi bo‘lgan, direktor esa “joy yo‘q, lekin...” deb, so‘zni tushunarli ohangda cho‘zgan. Tanishim esa “nima kerak bo‘lsa, beraman”, deb javob qaytargan. Keyinroq u o‘sha “nima kerak bo‘lsa” degan so‘zining narxi qancha ekanini tushungan — bola joylashgan, lekin vijdonida og‘ir tosh paydo bo‘lgan.
Korrupsiya — bu faqat yuqoridagilar ishi emas. Ba’zan u kundalik hayotimizda, odamlar o‘rtasidagi oddiy kelishuvlarda ham yashirinadi. Navbatni “aylantirib o‘tish”, tekshiruvdan “ko‘z yumish”, tanish-bilish bilan “yo‘l topish” — bular ham korrupsiya. Farqi shundaki, biz uni o‘zimiz oqlaymiz. “Hamma shunaqa qiladi-ku” degan jumla eng xavfli bahona.
Ammo o‘zgarish ham aynan har bir insondan boshlanadi. O‘zing pora bermasang, senga ham hech kim pora bera olmaydi. Bir kishi yo‘q desa, ikkinchisi ham jur’at topadi. Shunda tizim o‘zgaradi. Men ko‘p joylarda ko‘rdim: halol ishlaydigan rahbarning jamoasi ham halol bo‘ladi. Chunki u o‘zi ibrat.
Biz korrupsiyaga qarshi kurashni faqat qonun bilan emas, vijdon bilan ham olib borishimiz kerak. Axir har bir pora — kelajak avlodning imkoniyatini o‘g‘irlaydi. O‘g‘limiz yoki qizimiz ertaga “halol mehnat qilaman” deganda, unga yo‘l to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Shunday ekan, har kim o‘z o‘rnida bitta savol bersin:
“Men halol yashayapmanmi?”
Agar bu savolga vijdonan “ha” deb javob bera olsak, demak biz korrupsiyaga qarshi kurashni allaqachon boshlaganmiz.
Ulboʻlsin Yerimbetova.
millat sha’nini asraylik!
Bugungi o‘sish, rivojlanish davrida korrupsiya nafaqat bir davlat, balki butun insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolaridan biridir. U jamiyatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi.
Adolat ishonch tuyg‘usining butunlay yo‘q qilib, nafrat hamda adovatni keltirib chiqaradi. Menimcha jamiyatimizda bunday yomon illatlar bo‘lmasligi kerak, shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish - faqat davlat idoralarini emas, har bir fuqaroning burchidir.
Korrupsiya o‘zi nima? Avvalo bu mansab yoki vakolatlar shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish tushiriladi. Afsuski, bu illat har qanday sohada ta’limda, tibbiyotga, iqtisodiyotda hatto kundalik hayotda ham uchrashi mumkin. Uning eng yomon va xavfli tarafi yuqorida aytilganidek odatdagi ishonchi so‘ndiradi, mehnatkashlarning mehnatini qadrsizlantiradi.
O‘zbekiston bugun korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat yuritmoqda. So‘nggi yillarda maxsus qonunlar qabul qilindi, ochiqlik va shaffoflik tizimi yo‘lga qo‘yildi. Elektron hukumat, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi va jamoatchilik nazoratining kuchayishi bularning barchasi korrupsiyaga qarshi choralar hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash — bu nafaqat hukumat siyosati, balki millat sha’ni, davlat kelajagi masalasidir. Biz yoshlar esa halollikni qadrlab, o‘z hayotimizda shaffoflikni ustuvor qilgan holda yurtimizning porloq kelajagi uchun xizmat qilishimiz kerak.
Muslima Bedalova,
Andijon shahridagi 50-maktab o‘quvchisi.
“Bir piyola choy” narxiga sotilgan adolat
Bugun jamiyatimizda eng og‘ir kasalliklardan biri — korrupsiya. Uni ko‘pchilik “katta odamlarning ishi” deb biladi. Aslida esa, bu illat har joyda, har qadamda yashirinib yotadi.
Qani endi buni tan olaylik: kimdir ichki ishlar xodimiga “bir piyola choy” deb uzatadi, kimdir hujjatni tezroq bitkazish uchun “ish oson bo‘lsin” deb cho‘ntagiga qaraydi. Biz bu harakatni kulib, oddiy odatga aylantirib qo‘yganmiz. Lekin aslida shu “odatiy” hol jamiyatni ich-ichidan kemiradigan hasharotga o‘xshaydi.
Bir tanishim aytgan edi: “Pora berganimda o‘zimni g‘olibdek his qilganman, keyin tushundim — aslida mag‘lub bo‘lgan ekanman.” Haqiqatan ham, korrupsiya bizni ichkaridan sindiradi. Chunki u faqat pullarni emas, ishonchni ham yeb bitiradi. Adolatga ishonch yo‘qolsa, tartib yo‘qoladi, tartib yo‘qolsa — taraqqiyot ham yo‘qoladi.
Bir paytlar bir ayol kasal bolasini shifokorga olib kelgan ekan. Shifokor esa “navbat ko‘p, lekin tezlashtirish mumkin”, deb ishora qilgan. Ona bola uchun, tabiiyki, rozi bo‘lgan. Bola davolangan, ammo ona bir umr o‘sha pulni yodidan chiqara olmagan: “Men o‘sha kuni vijdonimni dori bilan almashtirdim”, degandi.
Korrupsiya — nafaqat jinoyat, balki insonlikni yo‘qotish. Kimdir pora olayotganda “bola-chaqa bor”, deb oqlaydi, kimdir berayotganda “ishga kirish kerak”, deydi. Ammo aslida ularning har biri kelajakdagi halol inson uchun eshikni yopadi.
Endi o‘ylang, farzandingiz ertaga o‘qishga kirib, “dadam halol ishlagan”, deb faxrlansa — bu eng katta g‘alaba emasmi? Axir eng katta boylik — pok yuz va toza yurak.
Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi kurashni birinchi bo‘lib qonundan emas, o‘z qalbimizdan boshlaylik. Pora bermaslik — bu jasorat. Pora olmaslik — bu oriyat. Adolatni asrash esa — bu vijdonning eng oliy darajasi.
Roxilaxon Sulaymonova,
ADPI Aniq va tabiiy fanlar fakulteti 3-bosqich talabasi.
pora esa eng arzon yo‘l
Korrupsiya haqida gap ketganda, ko‘pchilik “menga nima aloqasi bor?” deydi. Aslida har birimiz bu tizimning ichidamiz — kimdir tomoshabin sifatida, kimdir esa bilmasdan ishtirokchi sifatida.
Bir tanishim bor edi, davlat idorasida ishlaydi. Kuni bilan hujjatlar orasida yuradi, odamlar bilan ishlaydi. Bir kuni u menga aytgan edi:
“Ba’zan kimdir menga bir narsani “sovg‘a” qilmoqchi bo‘ladi, “sizdan minnatdorman”, deydi. Ammo men o‘ylayman — agar shu sovg‘ani olsam, men o‘sha odamdan farqim qolmaydi. Chunki halollikni faqat shior sifatida emas, amalda saqlab qolish kerak.”
Bu gapni eshitganimda, o‘ylab qoldim: halol bo‘lish — bu qiyin yo‘l. Chunki u poradan oson, lekin vijdondan og‘ir yo‘lni tanlaydi.
Bugun ayrim joylarda oddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ham “tanish topish”, “ozgina choy puli berish” odatga aylangan. Bu odat nafaqat tizimni buzadi, balki odamning o‘zini ham buzadi. Chunki bir marta berasiz, ikkinchi marta so‘raydi, uchinchi marta esa sizdan odatiy narsa sifatida kutadi.
Bir bola maktabda o‘qiydi, u halollik haqida she’r o‘qiydi, devorga “poraga yo‘q de!” degan plakat chizadi. Ammo kechqurun otasi hujjatni tezlashtirish uchun “biror joyga kirib chiqadi”. Bola buni ko‘rmasa ham, vijdoni sezadi. O‘sha bola ertaga kim bo‘ladi? U otasidan halollikni emas, tizimdan “yo‘l topishni” o‘rganadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash degani faqat tekshirish, jazolash yoki bayonot berish emas. Bu, avvalo, tarbiya, namuna va oriyat masalasi. Biz bolalarga “poraxo‘r” so‘zini yomon so‘z sifatida o‘rgatishimiz kerak, lekin undan ham muhimrog‘i — “halol” so‘zini faxrli so‘z sifatida singdirishimiz lozim.
Halol odam boy bo‘lmasligi mumkin, lekin u xotirjam yashaydi. Pora olgan odam boy bo‘lishi mumkin, lekin u halovatdan ayriladi.
Shunday ekan, bugundan boshlab har birimiz o‘zimizdan so‘raylik:
“Men halolmanmi?” Shu savolga javob berish — korrupsiyaga qarshi kurashning eng birinchi qadami.
Xurshida Abdupattoyeva.
Korrupsiyaning yoshlar tarbiyasi salbiy ta’siri qanday?
Bugungi globallashuv davrida davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi, siyosiy barqarorligi va ijtimoiy adolat tizimi ko‘p jihatdan korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligiga bog‘liq. Korrupsiya — bu mansab vakolatini shaxsiy manfaat yo‘lida suiiste’mol qilishdir. U jamiyatning ma’naviy asoslarini yemiradi, iqtisodiy taraqqiyotni sekinlashtiradi va davlatga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi. Shu bois korrupsiyasiz jamiyat barpo etish nafaqat davlat siyosatining asosiy yo‘nalishiga, balki har bir fuqaroning burchiga aylanishi lozim.
Korrupsiya qadimdan mavjud bo‘lgan illat bo‘lib, tarix davomida turli shakllarda uchrab kelgan. Tarixiy manbalarda mansabdorlar shaxsiy manfaat yo‘lida qarorlar qabul qilgani qayd etilgan. Shu sababli uni butunlay yo‘q qilish oson emas. Ammo uni kamaytirish va unga qarshi qat’iy kurashish mumkin va kerak. Shu maqsadda korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy poydevori Konstitutsiya bilan mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qator moddalarida korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatchilari mas’uliyati va qonun ustuvorligi nazarda tutilgan: 15-moddada qonun ustuvorligi — barcha fuqaro va davlat organlari qonun oldida tengligi qayd etilgan. Bu korrupsiyaga qarshi asosiy huquqiy poydevordir.
Korrupsiyaning yoshlar tarbiyasi salbiy ta’siri qanday?
Korrupsiya adolat tamoyillariga zid bo‘lib, halollik va shaffoflik ustuvor bo‘lmagan jamiyatda mehnat qadri yo‘qoladi, bilim va intellektning o‘rni pasayadi. Natijada, yoshlar kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi, fuqarolar davlat va qonunlarga ishonchsiz bo‘ladi. Shu bois korrupsiyani tushuntirish va unga qarshi ma’naviy tarbiya berish juda muhimdir.
Yoshlar, hatto bolalar ham, “korrupsiya nima?” degan savolga javob topib, uning zararini tushunsa, kelajakda u jamiyatda kamayadi. Masalan, maktablarda adolat va halollik darslari, shaffoflik va mas’uliyat mavzularini o‘rgatish korrupsiyaga qarshi eng samarali vositalardan biridir.
Korrupsiyaga qarshi kurash bir martalik tadbir emas, balki kompleks, tizimli va uzluksiz jarayondir. Quyidagi choralar samarali hisoblanadi:
1. Qonunchilikni mustahkamlash va yangi qonunlarni qabul qilish.
2. Davlat xizmatchilarining mas’uliyatini oshirish.
3. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.4. Fuqarolarning ma’naviy ongini yuksaltirish — halollik, poklik va adolat qadriyatlarini targ‘ib qilish.
5. Butun dunyo hamkorligi: Agar barcha davlatlar birlashib va tajriba almashib korrupsiyaga qarshi harakat qilsa, bu illatni qisqartirish, ba’zi holatlarda hatto yo‘qotish ham mumkin. Global hamkorlik, shaffof moliyaviy tizimlar va xalqaro monitoring bu boradagi samarali vositalardir.
Korrupsiyasiz jamiyat — taraqqiyotning asosiy kafolatidir. Adolat qaror topgan, halollik qadrlangan, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda iqtisod rivojlanadi, ilm-fan yuksaladi va inson qadri ulug‘lanadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashda davlat bilan bir qatorda har bir fuqaro, har bir maktab va oilalar ham faol ishtirok etishi, bolalarni halollik tamoyiliga o‘rgatishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishi lozim.
Sarvinoz Saloxidinova,
Andijon viloyati Yuridik texnikum 1-kurs 143-guruh o‘quvchisi.
halollik imtihonidan o‘ta olamizmi?
Bugungi kunda korrupsiya haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga yuqori lavozimdagilar, qalin jildli papkalar, “hal bo‘lgan” ishlar yoki cho‘ntakda g‘oyib pullar keladi. Ammo korrupsiya degani bu faqat pullar yoki yuqori martabalar orasida bo‘ladigan hodisa emas. Bu, aslida, odamning halolligiga bo‘lgan imtihon.
Korrupsiya – jamiyatning eng og‘riqli dardi. U ko‘zga ko‘rinmas, ammo hayotni asta-sekin yemiruvchi illat. Odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, mehnatning qadrini pasaytiradi, adolatni soya ostida qoldiradi. Korrupsiya bor joyda halollik jim turadi, vijdon esa og‘riydi.
Lekin bugun o‘zgarishlar davri. Endi ko‘p narsa jim o‘tmaydi. Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat siyosati, balki odamlarning hayotiy pozitsiyasiga aylanib bormoqda. Korrupsiyani yengish uchun faqat qonun emas, insonning o‘zi halol bo‘lishi kerak.
Har kim o‘z o‘rnida bunga hissa qo‘sha oladi:
- o‘qituvchi bahoni pul evaziga emas, bilim asosida qo‘ysa;
- shifokor inson hayotini pulga almashtirmasa;
- inspektor tartibni pul uchun emas, vijdoni uchun saqlasa;
- fuqaro “bir yo‘lini topamiz” degan oson yo‘ldan voz kechsa.
Halollik — bu bugun shunchaki so‘z emas, bu taraqqiyotning poydevori. Axir, korrupsiya bor joyda rivojlanish orqada qoladi. Bu faqat bir kishining muammosi emas — bu butun xalqning, butun avlodning kelajagi.
Bir dona misol: bir joyda kichik pora evaziga ruxsatnoma berilsa, u yerda keyingi yili bolalar o‘sha “yengillik” evaziga qurilgan xavfli binoda o‘qiydi. Yoki kimdir imtihonda aldasa, ertaga u hal qiluvchi joyda sizning taqdiringizni hal qiladi. Demak, har bir korrupsiya harakati — kelajakdagi adolatsizlik urug‘i.
Endi vaqt halollik tarafida turish vaqti. Korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat davlat idoralarining vazifasi emas, bu har bir fuqaroning vijdoni, farzandlarimizga qanday jamiyat qoldirishimiz haqida qaroridir.
Halol yashash qiyin bo‘lishi mumkin, lekin halol odamning yuzi yorug‘, ko‘ngli tinch bo‘ladi. Chunki u hech kimdan yashirinmaydi, hech kimdan qo‘rqmaydi.
Shunday ekan, har birimiz shunday yashaylikki, bizdan keyingi avlod “bu xalq halol edi” deb faxr bilan aytsin. Bu — eng katta g‘alaba, eng katta boylik va eng katta ishonchdir.
Umidaxon Bekmirzayeva.
