Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda aholi yashash hududlarida sanitariya tozaligini ta’minlash, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish va ekologik barqarorlikni saqlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, chiqindilarni tashish xizmatidagi uzilishlar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Andijon tumanida ham ushbu masala yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar ortib borayotgani munosabati bilan jamoatchilik nazorati tadbiri tashkil etildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon tuman Kengashi raisi J. Abdumannopov tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘rganish ishlarida tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Jarayon davomida hududlarda chiqindilarning to‘planib qolish holatlari, chiqindi tashish mashinalarining belgilangan vaqtda kelmasligi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati atroflicha o‘rganildi.

Xususan, chiqindi tashish xizmatini amalga oshiruvchi “BIO-TEX” MCHJ faoliyatiga e’tibor qaratilib, korxonaga tegishli maxsus avtotransport vositalarining harakat jadvaliga rioya etilishi, chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqib ketilishi va xizmat ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarning sabablari tahlil qilindi.

O‘rganishlar davomida chiqindi tashish avtotransport vositalarining texnik nosozligi hamda haydovchilar yetishmasligi sababli xizmat ko‘rsatishda uzilishlar yuzaga kelayotgani aniqlandi. Bu esa ayrim hududlarda maishiy chiqindilarning belgilangan muddatlarda olib chiqilmasdan, to‘planib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan korxona rahbari ogohlantirildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish, texnik nosozliklarni hal qilish va xizmat ko‘rsatishdagi uzilishlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish lozimligi bildirildi. Shuningdek, belgilangan vazifalarni uch kun muddat ichida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish nafaqat kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning, balki hududdagi ekologik va sanitariya osoyishtaligini ta’minlashning ham muhim shartidir. Shu bois bunday jamoatchilik nazorati tadbirlari mavjud muammolarni aniqlash, mas’ul tashkilotlar faoliyatidagi kamchiliklarga e’tibor qaratish va ularning bartaraf etilishini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon tuman Kengashi raisi J. Abdumannopov.

Scroll to Top