Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda inson manfaatlarini ta’minlash, jamiyat taraqqiyotiga erishish, fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sud-huquq tizimida qonuniylikni ta’minlash, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash va jazo o‘tayotgan shaxslarning jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Andijon tumanidagi Madaniyat boshqarmasi binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi, Andijon tumani Probatsiya guruhi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sayyor sudni o‘tkazishdan asosiy maqsad probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori, jazo o‘tash davridagi faoliyati, mehnatga munosabati hamda qonunchilik talablariga rioya etish holatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, jazoni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni joyida ko‘rib chiqish, qonunchilikda belgilangan huquqiy imkoniyatlardan samarali foydalanish va mahkumlarning tuzalish yo‘lidagi ijobiy o‘zgarishlarini baholashga alohida e’tibor qaratildi.

Sud majlisida Andijon tumani Probatsiya guruhi hisobida turuvchi, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazolarini o‘tayotgan 40 nafar mahkumga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, ularni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilishga doir taqdimnomalar muhokama qilindi.

Sud jarayonida har bir mahkumning jazo o‘tash davridagi xulqi, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishi, mehnat faoliyatiga munosabati, oilasi va jamiyat bilan aloqalari, shuningdek, probatsiya nazorati davomida erishgan ijobiy natijalari atroflicha o‘rganildi. Probatsiya organlari tomonidan taqdim etilgan tavsifnomalar va boshqa tegishli hujjatlarga ham huquqiy baho berildi.

Muhokamalar yakunlariga ko‘ra, 33 nafar mahkumni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish masalasi ijobiy hal etildi. Tegishli qarorlar mahkumlarning jazo o‘tash davrida o‘z xulqi bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligi, qonunchilik talablariga rioya qilgani hamda jamiyatga qayta moslashish borasida ijobiy natijalarga erishgani inobatga olingan holda qabul qilindi.

Shu bilan birga, jazo o‘tash tartibi va qonunchilik talablariga rioya etmagan 7 nafar mahkumning xatti-harakatlari ham muhokama qilindi. Ularning jazo o‘tash davridagi holatlari va sodir etgan qoidabuzarliklari o‘rganilib, sud tomonidan tegishli huquqiy baho berildi. Sud qaroriga asosan, ularga tayinlangan jazo og‘irroq turdagi jazo bilan almashtirildi.

Tadbir davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, probatsiya institutining ahamiyati va asosiy vazifalari, shuningdek, jazo o‘tayotgan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Mahkumlarga qayta jinoyat sodir etmaslik, belgilangan jazoni qonun talablariga muvofiq o‘tash, probatsiya organlari bilan muntazam hamkorlik qilish va o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish zarurligi uqtirildi.

Shuningdek, ularning qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, ijtimoiy hayotga moslashish hamda kelgusida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zero, probatsiya tizimining samarali faoliyati nafaqat jazo ijrosini ta’minlash, balki shaxsni tuzalish yo‘liga yo‘naltirish, uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish va takroriy huquqbuzarliklarning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday sayyor sud majlislari qonun ustuvorligini ta’minlash, har bir ishga individual yondashish va mahkumlarning xulq-atvoridagi ijobiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ular fuqarolarning o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishi, qonunga hurmat ruhida yashashi va jamiyatning munosib a’zosiga aylanishiga zamin yaratadi.

Muhammadrasul Mamatqulov,
o'z muxbirimiz.

Scroll to Top