Bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar bandligini ta’minlash va oilalarning barqaror daromad manbalarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda aholining real hayotini, mavjud muammolarini bevosita joyiga chiqib o‘rganish, fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2026-yil 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlarning navbatdagi manzili Paxtaobod tumanidagi “Paynob” mahallasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov hamda partiyaning Paxtaobod tuman Kengashi raisi A. Bozorov tomonidan mahallada istiqomat qiluvchi aholining ijtimoiy holati, bandligi va mavjud muammolari o‘rganildi. O‘rganish jarayonida Kambag‘allik reyestrida turuvchi 50 nafardan ziyod fuqaro bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari, takliflari va muammolari tinglandi.
Muloqotlar davomida fuqarolarning kundalik hayotida uchrayotgan masalalar bilan bir qatorda, ularni doimiy ish bilan ta’minlash, oilaviy daromadlarini oshirish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Har bir fuqaroning muammosi va ehtiyoji o‘ziga xos ekanligi inobatga olinib, murojaatlarni individual tarzda o‘rganish zarurligi ta’kidlandi.
Aholi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni ochiq bayon qildilar. Ularning murojaatlarini shunchaki tinglash bilan cheklanib qolmasdan, har bir masala yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Ayniqsa, mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunar va tadbirkorlik imkoniyatlaridan foydalanishiga ko‘maklashish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Darhaqiqat, kambag‘allikni qisqartirish faqatgina moddiy yordam ko‘rsatish bilangina hal bo‘ladigan masala emas. Eng avvalo, fuqaroga mehnat qilish, daromad topish va o‘z oilasi farovonligini ta’minlash imkoniyatini yaratish lozim. Buning uchun esa har bir xonadonning sharoiti, mehnat salohiyati va ehtiyojlarini chuqur o‘rganish, mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri yo‘naltirish talab etiladi.
“Paynob” mahallasidagi o‘rganishlar davomida ham aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Fuqarolarni ish bilan ta’minlash, oilalarning daromadlarini oshirish, mavjud muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish va reyestrda qayd etilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Bunday o‘rganishlarning ahamiyati shundaki, aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali hududdagi muammolarning asl mohiyati, fuqarolarning ehtiyoj va istaklari yanada aniq namoyon bo‘ladi. Joylarda olib borilayotgan bu kabi uchrashuvlar muammolarni vaqtida aniqlash, ularning yechimiga mas’ul tashkilotlarni jalb etish va fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda mahalla tizimi, davlat tashkilotlari hamda jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Zero, kambag‘allikni qisqartirish va xalq farovonligini ta’minlash borasidagi har qanday tashabbusning samarasi, avvalo, uning joylarda qanday amalga oshirilayotgani bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan hududlarda aholining murojaatlarini o‘rganish, ekologik va ijtimoiy masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish hamda aniqlangan muammolarning amaliy yechimiga ko‘maklashish borasidagi ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
“Paynob” mahallasida o‘tkazilgan ushbu o‘rganish ham xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish, odamlarning dardu tashvishlarini tinglash va ularning muammolariga yechim topishga qaratilgan amaliy ishlarning bir ko‘rinishidir. Muhimi, har bir murojaat e’tiborsiz qolmasligi, har bir oilaning farovonligi va kelajagi uchun aniq choralar ko‘rilishidir.
Bugun aholi bilan ochiq muloqot qilish, muammolarni joyida aniqlash va ularni hamkorlikda hal etish borasidagi ishlar davom etmoqda. Zero, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan har bir ezgu tashabbus, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, oilalar farovonligini ta’minlash va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga qaratilgandir.
Abulqosim Bozorov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi raisi.
