Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda qurilish sohasida ishlarning sifatli va belgilangan talablar asosida olib borilishi bilan bir qatorda, mehnat xavfsizligi, sanitariya-gigiyena hamda ekologik talablarga rioya etish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, qurilish maydonlarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish ishchilarning hayoti va salomatligini muhofaza qilishning muhim omilidir.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tumani Kengashi raisi, deputat X. Zulfiev tomonidan Alitepa MFY hududida bunyod etilayotgan 7 qavatli uylar qurilish jarayoni o‘rganildi. O‘rganish ishlari qurilish korxonasi ish yurituvchisi I. Axmedov bilan hamkorlikda olib borildi.

Jarayon davomida qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan 17 nafar ishchining mehnat sharoitlari, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi hamda mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Ayniqsa, qurilish ishlarida xavfsizlik vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, belgilangan texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, ish joyida ehtiyotkorlikni oshirish va mehnat muhofazasi talablarini buzmaslik zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ayni kunlarda kuzatilayotgan issiq ob-havo sharoitida ishchilarning salomatligini asrash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kunning eng issiq vaqtlarida xodimlarning belgilangan tartibda dam olishi, yetarli miqdorda suv ichishi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilishi hamda sog‘lig‘iga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Qurilish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, hududning sanitariya holatini saqlash, qurilish chiqindilarini tartibli joylashtirish va ekologik talablarga rioya etish masalalari ham muhokama qilindi.

O‘rganish yakunida qurilish ishlari to‘liq yakunlangunga qadar hamkorlikni davom ettirish, ishchilarning mehnat xavfsizligi va sanitariya talablariga rioya etilishini muntazam nazorat qilib borish bo‘yicha kelishib olindi.

Bunday amaliy o‘rganishlar qurilish jarayonida xavfsizlik va ekologik talablarning ta’minlanishiga, ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga hamda fuqarolarning hayoti va salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tumani Kengashi raisi, deputat X. Zulfiev

Scroll to Top