Bugungi kunda ijod olamida o‘z o‘rnini topib borayotgan yosh shoira va bo‘lajak jurnalist Zulfiya Nabijon qizi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi bir nechta maktablarda yosh ijodkor o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvlar davomida yosh shoira o‘zining she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. Samimiy va iliq ruhda o‘tgan suhbatlarda o‘quvchilar bilan yurtimizning taniqli shoir va yozuvchilari, jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosi haqida fikr almashildi.
Shuningdek, yoshlar uchun mutolaa qilish tavsiya etiladigan bir qator kitoblar haqida ham so‘z yuritildi. Uchrashuv davomida o‘quvchilar tomonidan yozilgan she’r, ertak va hikoyalar tinglanib, ularga kerakli tavsiya va maslahatlar berildi. Bu esa yosh ijodkorlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Ayniqsa, maktab jamoalari va o‘quvchilarning shoira bilan samimiy muloqoti, uni iliq kutib olib, ochiq chehra bilan kuzatgani tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Yosh shoira ham bunday mehr va e’tibordan mamnun bo‘lib, o‘quvchilar bilan xayrlashdi.
Bunday ijodiy uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda kelajakdagi iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamidova Ohista,
Buxoro davlat unversiteti talabasi
