Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Azaldan o‘zbek ayoli nozik xilqat sifatida ta’riflanadi. Ammo hayot sinovlari shuni ko‘rsatadiki, ular aslida matonatli, sabr-bardoshli va mehribon insonlardir. Yillar sinovidan mardona o‘tib kelayotgan, bu yil 70 bahorni qarshi olgan qo‘rg‘ontepalik Jamilaxon aya ham ana shunday ayollardan biridir. Uning halol mehnati, oqko‘ngilligi va savobli ishlari mahalladoshlari hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Uzoqova Jamilaxon aya Qo‘rg‘ontepaning ko‘plab ayol-qizlari uchun to‘yga atalgan ko‘rpacha va to‘shaklarni qovib, tayyorlab beradi. U yaratgan har bir buyumda mehr, did va sabr mujassam. Ayniqsa, kelin bo‘layotgan qizlarning uyiga fayz kirishida uning hissasi katta.

Jamilaxon aya mehnat faoliyatini o‘zi yashab turgan mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasasida yordamchi tarbiyachi sifatida boshlagan. Shu bilan birga, oilada besh nafar farzandni voyaga yetkazishdek sharafli vazifani turmush o‘rtog‘i Mahammadjon ota bilan birga ado etdi. Uch qiz va ikki o‘g‘il farzandni tarbiyalab, ularni uyli-joyli qildi. Bugungi kunda qizlari ham onasining hunarini davom ettirib, birgalikda to‘y ko‘rpachalari tayyorlashmoqda. Bu esa milliy qadriyatlarimizning avloddan avlodga o‘tib borayotganining yorqin namunasidir.

Jamilaxon aya suhbat davomida shunday deydi:

— Men igna-iplar bilan dardlashaman, suhbatlashaman. Go‘yo ular ham menga nimadir deganday bo‘ladi. To‘shak qoviyotganimda ruhim orom oladi, o‘zimni yengil his qilaman.

Bu samimiy so‘zlarda bir umrlik mehnatning nafasi, qalbning iliqligi mujassam. Darhaqiqat, inson sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullansa, unda nafaqat mehnat, balki ruhiy taskin ham topadi.

Jamilaxon ayaning uyiga kirgan kishi avvalo rang-barang gullarga ko‘zi tushadi. Xonadonni bezab turgan gullarga aya har tong suv quyib, mehr bilan parvarish qiladi. U gullarga xuddi farzandidek g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Balki shu sababli ham uning uyidan fayz va iliqlik arimaydi.

Mahammadjon ota uzoq yillar nonvoychilik bilan shug‘ullanib, el xizmatida bo‘ldi. Turmush o‘rtoqlar qariyb qirq yil ahil va totuv umr kechirishdi. Afsuski, Mahammadjon ota 63 yoshida vafot etdi. Mana olti yildirki, Jamilaxon aya umr yo‘ldoshisiz oila boshqarib kelmoqda.

Shunda ayaning “igna-iplar bilan dardlashaman” degan so‘zlari yanada chuqur ma’no kasb etadi. Chunki ba’zan inson dardini odamlarga emas, o‘zi sevgan mashg‘ulotiga aytadi. Ignalar va iplar esa go‘yo uning sirdoshi, hamdardiga aylangandek.

Bugungi kunda ham Jamilaxon aya tinib-tinchimaydi. U nafaqat oila bekasi, balki mahalladagi yosh kelin-qizlarga hunar o‘rgatayotgan mehribon ustoz hamdir. Uning hayoti mehnatsevarlik, sabr va matonatning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Dilnoza Adizova,
Buxoro davlat universiteti talabasi.

Scroll to Top