O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan partiyaning Andijon shahar Kengashi bilan hamkorlikda Andijon tumanidagi 16-son musiqa va san’at maktabida “Ko‘ngil ekologiyasi” nomli rasmlar tanlovi tashkil etildi. Mazkur tadbir yosh avlodning ekologik madaniyatini yuksaltirish, tabiatga bo‘lgan mehr va e’tiborini kuchaytirish, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Bugungi kunda ekologik muammolar dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois yoshlarni tabiatni asrash ruhida tarbiyalash, ularda ekologik ong va mas’uliyat hissini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. “Ko‘ngil ekologiyasi” tanlovi aynan ana shu ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etdi.

Tanlov davomida o‘quvchi-yoshlar o‘z tasavvurlari va ijodiy yondashuvlari orqali tabiatning betakror go‘zalligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil makon yaratish, daraxtlarni asrash hamda ekologik muammolarni bartaraf etish mavzularida rang-barang rasmlar chizdilar. Har bir ijodiy ishda bolalarning tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbati, mushohada va fikrlash doirasi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tadbir jarayonida ishtirokchilarning ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, rasmlarning mazmuni, badiiy mahorati va mavzuni yoritib berish darajasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, tabiatni asrash g‘oyalarini chuqur aks ettirgan ijodiy ishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tanlov yakunida faol qatnashgan o‘quvchilar hamda g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu rag‘bat yosh ijodkorlarni yanada ilhomlantirib, ularni ekologik tashabbuslarda faol bo‘lishga undadi.
“Ko‘ngil ekologiyasi” tanlovi nafaqat ijodiy bellashuv, balki yoshlar qalbida tabiatga mehr, ekologik mas’uliyat va yashil hayot tarziga intilish tuyg‘ularini mustahkamlagan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi. Bu kabi tashabbuslar kelajak avlodni tabiatga mehribon, Vatan ravnaqi va ekologik barqarorlik uchun mas’uliyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Zulfiya Hakimova,
Buxoro davlat unversiteti talabasi
