Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanida tuman Ekologiya bo‘limi bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi. Tadbir davomida hududda tashkil etilgan “Yashil bog‘”lar, sug‘orish tizimlari hamda ekilgan manzarali va mevali daraxtlarning bugungi kundagi holati atroflicha ko‘zdan kechirildi.

O‘rganishlar jarayonida jamoatchilik nazorati asosida tumanning turli hududlarida barpo etilgan bog‘lar ko‘zdan kechirilib, ayniqsa, daraxtlarni parvarishlash va ularni muntazam sug‘orish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilar tomonidan tomchilab sug‘orish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, daraxtlarning yashovchanligini ta’minlash hamda ularning o‘sish jarayonini jadallashtirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, ekologik muhitni yaxshilash, hududlarni yanada ko‘kalamzorlashtirish va aholining ekologik madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Har bir ekilgan daraxtni asrab-avaylash, unga o‘z vaqtida parvarish ko‘rsatish orqali kelajak avlod uchun sog‘lom va yashil muhit yaratish mumkinligi qayd etildi.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan bog‘larning bugungi holati o‘rganilib, daraxtlarni doimiy parvarishlash, sug‘orish tizimlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov.

Mazkur o‘rganishlar hududlarda amalga oshirilayotgan ekologik loyihalarning samaradorligini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida yanada keng ko‘lamli yashillashtirish ishlarini tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.

Muhammadarasul Mamatqulov,

o'z muxbirimiz.

Scroll to Top