Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ma’naviy dunyosini boyitishga qaratilgan ezgu tashabbuslar izchil davom etmoqda. Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri sifatida Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi tashabbusi bilan bir guruh ijodkorlar Xo‘jaobod tumanidagi “Imom ota” turizm qishlog‘iga ijodiy sayohat uyushtirdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish, aholini yurtimizning tarixiy obidalari, ziyoratgohlari va betakror tabiiy maskanlari bilan yaqindan tanishtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ijod ahlining ishtirokida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bunday uchrashuv va safarlar nafaqat mazmunli hordiq chiqarish, balki ijodkorlarning dunyoqarashini boyitish, yangi asarlar yaratilishiga ilhom berish va yurtimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi tashabbusi bilan bir guruh shoir, yozuvchi, jurnalist hamda ijod ahli vakillari uchun Xo‘jaobod tumanidagi “Imom ota” turizm qishlog‘iga ma’naviy-ma’rifiy va ijodiy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida ishtirokchilar hududning go‘zal tabiati, musaffo havosi, so‘lim maskanlari hamda sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘zining betakror manzaralari, sokin muhiti va fayzli tabiati bilan ajralib turadigan “Imom ota” turizm qishlog‘i ijodkorlarda yorqin taassurot qoldirdi. Tabiat qo‘ynida tashkil etilgan sayr va muloqotlar ishtirokchilarga ruhiy tetiklik, yangi kuch-g‘ayrat va ijodiy ilhom bag‘ishladi.
Tadbir davomida ijodkorlar o‘zaro samimiy suhbatlar qurib, bugungi adabiy jarayonlar, yangi ijodiy loyihalar, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashdilar. Ular bunday sayohatlar ijodkor uchun faqatgina dam olish emas, balki tabiat, tarix va milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda yangi g‘oyalarni kashf etish imkonini berishini alohida ta’kidladilar.
Safar davomida ishtirokchilar hududning tarixiy va ziyorat maskanlari bilan ham tanishib, yurtimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda xalqimizga xos mehmondo‘stlik an’analarining yana bir bor guvohi bo‘ldilar. Bu esa ularda ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
— Bu sayohat biz uchun unutilmas taassurotlar manbai bo‘ldi. “Imom ota” turizm qishlog‘ining betakror tabiati, musaffo havosi va osoyishta muhiti insonga o‘zgacha ruhiy tetiklik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, tabiat bag‘rida hamkasblar bilan samimiy muloqot qilish, fikr almashish va ijod haqida suhbatlashish yangi g‘oyalar tug‘ilishiga turtki bo‘ldi.
Bugungi kunda yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar tahsinga loyiq. Bu kabi sayohatlar nafaqat mazmunli dam olish, balki Vatanimizning go‘zal maskanlarini keng targ‘ib etish, ularga mehr uyg‘otish va ijodkorlarni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qiladi. Mazmunli va yuksak saviyada tashkil etilgan ushbu safar uchun tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildiraman, -deydi ijodkor Elmira Rahmonova.
Darhaqiqat, ijodkorlar ishtirokidagi bunday ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy va tabiiy maskanlarimizning jozibasini keng targ‘ib etish, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar ijodkorlarga yangi ilhom, yangi asarlar va yangi yutuqlar sari mustahkam zamin yaratadi.
Zulfiya Hakimova,
Abdulhamid Cho'lpon jamoat fondi bosh mutaxassisi.
