Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan davrda ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim yo‘nalishining joriy etilishi minglab yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ushbu ta’lim shakli talabalarga nafaqat bilim olish, balki vaqt va mablag‘ni tejash, ish bilan birga o‘qish hamda o‘z ustida mustaqil ishlash imkonini ham yaratmoqda.

Masofaviy ta’limning eng katta qulayliklaridan biri – hudud tanlamasligidir. Avvallari oliy ta’lim olish uchun boshqa viloyat yoki shaharga borishga majbur bo‘lgan yoshlar bugungi kunda internet orqali istalgan joydan turib darslarda qatnashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa ayniqsa chekka hududlarda yashovchi yoshlar uchun katta yengillik hisoblanadi.

Shuningdek, masofaviy ta’lim ishlayotgan fuqarolar uchun ham juda qulay. Ko‘plab talabalar bir vaqtning o‘zida ham ishlash, ham o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Bu esa ularning amaliy tajriba orttirishi va moliyaviy mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Masofaviy ta’lim orqali talabalar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishni o‘rganadi. Onlayn platformalar, virtual darslar, elektron kutubxonalar va video ma’ruzalar talabaning mustaqil izlanish ko‘nikmasini shakllantiradi. Natijada yoshlar faqat tayyor bilimni emas, balki axborotni izlash, tahlil qilish va undan samarali foydalanishni ham o‘rganadilar.

Bundan tashqari, masofaviy ta’lim iqtisodiy jihatdan ham foydalidir. Talabalar yo‘l xarajatlari, ijara yoki yotoqxona uchun ortiqcha mablag‘ sarflamaydi. Bu esa ko‘plab oilalarning moddiy yukini kamaytirishga xizmat qiladi.

Albatta, masofaviy ta’lim yuqori darajada mas’uliyat va intizomni talab qiladi. Talaba o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlay olishi, darslarni muntazam kuzatib borishi va mustaqil ishlashga odatlanishi lozim. Shu jihatdan qaraganda, bu ta’lim shakli yoshlarda mustaqillik va javobgarlik hissini ham rivojlantiradi.

Xulosa qilib aytganda, masofaviy ta’lim bugungi kunda zamonaviy va qulay ta’lim shakllaridan biriga aylanmoqda. U yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib, sifatli ta’lim olish bilan birga o‘z ustida ishlash, kasbiy faoliyat yuritish va vaqtni unumli boshqarishga yordam bermoqda. Kelajakda ushbu tizimning yanada takomillashishi ta’lim sifatini oshirish va bilimli kadrlarni tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shahruza Bahadirova,
Buxoro davlat unversiteti talabasi

Scroll to Top