
Tabiatni asrash, uni boyitish va kelajak avlodlarga sog‘lom holda yetkazish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Zero, inson hayoti bevosita tabiat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning musaffoligi va barqarorligi jamiyat farovonligining muhim omili hisoblanadi. Inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash esa har birimizdan yuksak mas’uliyat, mehr va ongli yondashuvni talab etadi. Shu bois yurtimizda ekologik madaniyatni oshirish, aholini tabiatga mehr ruhida tarbiyalashga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri – “Tabiatga ehson” aksiyasi bo‘lib, ushbu loyiha avval ham bir necha bor o‘tkazilib, keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan. Mazkur aksiya nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki aholining tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, ularda yashil hayot tarzini shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Bu gal ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan Andijon shahrida navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda partiya faollari, volontyor yoshlar, ekologiya sohasiga befarq bo‘lmagan fuqarolar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi. Aksiya jarayonida ishtirokchilar nafaqat urug‘ va ko‘chatlar tarqatish, balki ekologik madaniyatni targ‘ib qilish, daraxt ekishning ahamiyati haqida tushuntirish ishlarini ham olib bordilar.
Aksiya davomida aholiga 12 turdagi daraxt urug‘lari, shuningdek, 10 ga yaqin gul urug‘lari va ko‘chatlari bepul tarqatildi. Ushbu tashabbus har bir xonadonda yashil hududlarni kengaytirish, tomorqalarda daraxt va gullar sonini ko‘paytirish orqali ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mevali va manzarali daraxt urug‘larining berilishi aholida katta qiziqish uyg‘otdi.
Kundalik yumushlari bilan band bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham ushbu tashabbusga befarq bo‘lib qolmadi. Ular qisqa fursatga bo‘lsa-da to‘xtab, aksiyada faol ishtirok etdilar. Ko‘plab fuqarolar urug‘ va ko‘chatlarni mamnuniyat bilan qabul qilib, ularni o‘z tomorqalarida ekish, parvarish qilish orqali yashil muhitni kengaytirishga hissa qo‘shish istagini bildirdilar. Bu esa aholining ekologik ong va madaniyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov ushbu aksiya yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, shunday dedi:
— “Bugungi kunda ekologik muammolarni hal etishda faqat davlat emas, balki har bir fuqaroning faol ishtiroki muhim. ‘Tabiatga ehson’ aksiyasi orqali biz aholida tabiatga mehr uyg‘otish, yashil hududlarni ko‘paytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishni maqsad qilganmiz. Quvonarlisi, bunday tashabbuslar avval ham katta qiziqish bilan kutib olingan va bugun ham yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa kelajakda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.”
Darhaqiqat, bunday tashabbuslar nafaqat amaliy natija beradi, balki inson qalbida tabiatga nisbatan mehr, e’tibor va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Har bir ekilgan daraxt, har bir parvarish qilingan nihol – bu kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadamdir. Ayniqsa, yosh avlodni tabiatga mehr ruhida tarbiyalash, ularni ekologik madaniyatga o‘rgatish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bunday aksiyalarni muntazam ravishda tashkil etish, ularni yanada kengroq qamrovda o‘tkazish orqali nafaqat shaharlar, balki qishloq hududlarida ham yashil makonlarni ko‘paytirish mumkin. Bu esa iqlim o‘zgarishi, havoning ifloslanishi kabi global muammolarni kamaytirishga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Zero, bugun qadagan har bir nihol — ertangi kunimizning toza havosi, go‘zal manzarasi va sog‘lom hayotining mustahkam poydevoridir. Tabiatga e’tibor – bu o‘zimizga, farzandlarimizga va kelajagimizga bo‘lgan e’tibordir.
Muhammadrasul Mamatqulov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot xizmati rahbari
